Jamiyat | 20:21 / 18.03.2017
8631
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasida “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun navbatdagi ochiq muloqot tashkil qilindi.

Xalq va tadbirkorlik sub'yektlari bilan muloqotni samarali va tizimli ravishda tashkil etish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati xodimlarining joylarga chiqib, uchrashuvlar va ochiq muloqotlar o‘tkazish jadvali tasdiqlagan. Ayni shu jadvalga binoan tashkil qilingan uchrashuv ham ochiq va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, yaqin besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish barcha uchun yuksak mas'uliyat yuklashi ta'kidlandi. 

Uchrashuvda bojxona sohasida qabul qilingan so‘nggi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning mazmun-mohiyati haqida ko‘rgazmali tarzda batafsil axborotlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 29 dekabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-418-son Qonuni muhokamalar markazida bo‘ldi.

Ushbu qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan-ki, ularning barchasi tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilishda yangi davrni boshlab bermoqda.

Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan endilikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e'tiboran o‘ttiz kunlik muddatda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplab, tadbirkorlik sub'yektining ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta'minlasa va zarur bo‘lgan ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirsa javobgarlikdan to‘liq ozod etiladi.

Tadbirda “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ga kiritilgan o‘zgartirishlar,  yaqinda tasdiqlangan  bojxona kirim orderining shakli va uni to‘ldirish qoidalari haqida ham tushuntirishlar berib o‘tildi.

Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlar bojxona sohasida mavjud qulayliklar va yengilliklar, bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llash kabi masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga bevosita mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi. 

Ayrim muammoli masalalarni esa shu yerning o‘zida hal qilish uchun mutassadi xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Tasdiqlangan rejaga ko‘ra bu kabi ochiq muloqotlar har oyda tashkil qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid