Jahon | 16:44 / 18.08.2025
12122
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dronlari yana Ozarboyjonning Odessadagi neft bazasiga hujum qildi

O‘n kun avval ham u yerga dronlar hujumi qayd etilgan, bunga javoban Ilhom Aliyev Ukrainaga yordam ajratgandi.

Foto: Telegram / @V_Zelenskiy_official

18 avgustga o‘tar kechasi Rossiya dronlari Odessa oblastiga hujum uyushtirdi, natijada yoqilg‘i-energetika infratuzilmasi obektida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. FVV xabarida aynan qaysi obektga zarba berilganiga aniqlik kiritilmagan.

Ko‘p o‘tmay, Minval nashri Rossiya dronlari Ozarboyjonning Odessa oblastidagi SOCAR neft bazasiga hujum qilgani haqida xabar berdi.

«Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar seriyasi bo‘lib, oqibatda yong‘in yuz berdi. Barcha rezervuarlar, nasos stansiyasi binosi, operator va tarozi xonalari, texnik xonalarga shikast yetgan, panjara vayron bo‘lgan», – deyiladi Ozarboyjon nashri xabarida.

Rossiya dronlari Ozarboyjonning Odessa oblastidagi neft bazasiga hujum qilgani haqida 18 avgust kuni ertalab «Dva mayora» Z-kanali ham yozdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiya qo‘shini Ozarbayjon kompaniyasiga tegishli energetika obektiga «ongli ravishda zarba» berganini ta’kidladi. «Bu munosabatlarimizga va energetika mustaqilligiga zarbadir», – dedi u.

Ukraina iyul oyi oxirida Ozarboyjon gazini Yevropaga sotib olish bo‘yicha birinchi shartnoma imzolangani haqida xabar bergan. Shartnoma SOCAR kompaniyasi bilan tuzilgan.

Bu Rossiyaning Ozarboyjon kompaniyasining Ukrainadagi neft bazasiga birinchi bor zarba berishi emas. Rossiya dronlari 8 avgustga o‘tar kechasi Odessa oblastidagi SOCAR neft bazasiga hujum qilgan, zarba natijasida to‘rt nafar xodim jarohat olgandi. Dizel yoqilg‘isi quvuri shikastlangani xabar qilingan. Oradan ikki kun o‘tib, Zelenskiy Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Ular Rossiyaning neft bazasiga «maqsadli aviazarbalari»ni qoraladi.

Bundan tashqari, 6 avgust kuni Ukraina energetika vazirligi Rossiya qurolli kuchlari Odessadagi Ozarboyjon gazini Ukraina va Yevropaga haydash yo‘nalishi o‘tadigan kompressor stansiyasiga zarba bergani haqida xabar bergandi.

Bu voqealardan keyin Ilhom Aliyev Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 2 mln dollar ajratdi. Bu mablag‘ Ozarboyjonda ishlab chiqarilgan elektr uskunalarini sotib olish va Ukrainaga jo‘natishga sarflanadi.

Mavzuga oid