Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BAAda muhokama qilinayotgan Ukraina yerlari, Eron tomon yo‘l olgan flot va Pokistondagi to‘yda terakt – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron tomonga ulkan flot harakatlanmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumatining ommaviy norozilik namoyishlarini keskin bostirgan bir paytda, Eronga qarshi harbiy harakatlar ehtimolini yana istisno etmadi. «Bizda har ehtimolga qarshi shu yo‘nalishda harakatlanayotgan armada, ulkan flot bor. Balki uni ishlatishga hojat ham qolmas. Ko‘ramiz», - dedi Tramp Davosda o‘tkazilgan forumdan qaytayotib.
«Hech narsa sodir bo‘lmasligini afzal ko‘rardim, ammo biz Eronni juda diqqat bilan kuzatib boryapmiz», dedi Tramp.
Reuters AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, yaqin orada Yaqin Sharqqa «Abraham Lincoln» aviatashuvchisi bir nechta boshqariladigan raketali esminetslar hamrohligida yetib keladi. Agentlik manbalaridan biri, shuningdek, Eronning ehtimoliy zarbalardan AQSh bazalarini himoyalash uchun qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilishini ham ma’lum qilgan.
AQShda joylashgan huquqni himoya qilish tarmog‘i Eronda hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish jarayonida 5 mingdan ortiq inson vafot etganini aytgandi.
Eron namoyishlarda AQSh va Isroilni ayblab, agar ularga hujum bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi bazalarga javob zarbalari berilishini aytgan.
Ukraina–Rossiya–AQSh muzokaralari
23 yanvar kuni Abu-Dabida Ukraina va Rossiya muzokarachilari hudud masalasini muhokama qilish uchun uchrashdi. Biroq murosaga kelish alomatlari ko‘rinmadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hududlar – uch tomonlama muzokaralarning markaziy masalasi ekanini aytdi.
«Eng muhimi — Rossiya o‘zi boshlagan bu urushni tugatishga tayyor bo‘lishi kerak», - dedi Zelenskiy. U Ukraina muzokarachilari bilan doimiy aloqada ekanini, ammo juma kungi uchrashuvlardan hali xulosa chiqarishga erta ekanini qo‘shimcha qildi. «Ertaga suhbat qanday kechishini va natija qanday bo‘lishini ko‘ramiz».
Ukraina delegatsiya rahbari Rustem Umerov bayonotida muzokaralarda urushni yakunlash parametrlari muhokama qilinganini aytdi.
Bu muzokaralar Zelenskiy bir kun avval Davosda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Zelenskiy juma kuni AQShning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv tayyor ekanini, uni imzolash uchun Trampdan aniq sana va joyni kutayotganini aytgandi.
Uch tomonlama muzokaralar vaqtida Rossiyaning havo zarbalari Ukrainani deyarli to‘rt yillik urush davomidagi eng og‘ir energetika inqiroziga duchor qilmoqda.
Ukrainaning eng yirik xususiy elektr ishlab chiqaruvchisi rahbari vaziyat «humanitar falokat» yoqasiga kelib qolganini va Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatadigan sulhga muhtoj ekanini aytdi.
Vladimir Putinning Ukraina Donetsk viloyatining hali o‘z nazoratida qolayotgan 20 foiz hududini — taxminan 5 ming km/kv hududni topshirishi haqidagi talabi kelishuvdagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham juma kuni Donbassning barchasini topshirishi haqidagi talab «juda muhim shart» ekanini aytdi.
Zelenskiy to‘rt yillik og‘ir, sekin kechayotgan urush davomida Rossiya egallay olmagan hududlarni topshirishdan bosh tortmoqda.
Pokistondagi to‘yda terakt
Juma kuni Pokistonning shimoli-g‘arbida bo‘lib o‘tayotgan to‘y marosimida xudkush hujumchi o‘zini portlatdi. Oqibatda kamida yetti kishi halok bo‘ldi, yana 25 kishi yaralandi.
Mahalliy politsiya boshlig‘i Adnan Xonning aytishicha, hujum Xaybar Paxtunxva viloyatida hukumat tarafdori bo‘lgan jamoat yetakchisi Nur Alamning uyida sodir bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaradorlar shifoxonaga yetkazilgan, jarohatlanganlarning ayrimlari og‘ir ahvolda.
Hujum uchun hozircha hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ayrim manbalar bunday hujumlar «Tolibon»ga aloqador ko‘rilgan «Tehrik-i-Tolibon Pokiston» guruhiga bog‘lanishini aytmoqda.
Ushbu guruh so‘nggi yillarda mamlakatda ko‘plab hujumlarni amalga oshirgan va Pokiston–Afg‘oniston munosabatlaridagi eng ziddiyatli masala bo‘lib qolmoqda.
Germaniya va Italiya hamkorligi
23 yanvar kuni Germaniya va Italiya Rimda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo maslahatlashuvlar yakuniga ko‘ra strategik hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mersning aytishicha, Berlin va Rim oldida ikkita asosiy vazifa turibdi: sanoat raqobatbardoshligini mustahkamlash va xavfsizlik darajasini oshirish. «Biz yagona Yevropa Ittifoqi va yangi buyuk davlatlar davrida kuchli NATO uchun kurashyapmiz», - dedi kansler.
Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni esa tomonlar allaqachon yaqin bo‘lgan hamkorlik doirasida «yanada ulkan maqsadlar»ni belgilab olganini aytdi.
AQSh ma’muriyati haqida gapirar ekan, Meloni yevropalik davlatlar «biz o‘zimiz nima qilishimiz kerak?» degan masalaga e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidladi.
Berlin va Rim kelishgan harakatlar rejasi ikki tomonlama hamkorlik va Yevropa Ittifoqi darajasidagi muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha alohida deklaratsiyada Germaniya va Italiya mudofaa sanoatlari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish, jumladan, havo va raketaga qarshi mudofaa, harbiy kemalar qurilishi hamda aviatsiya jangovar tizimlari sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
Trampning mojaroli bayonotlari
Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer Donald Trampning Yevropa qo‘shinlari Afg‘onistonda oldingi chiziqlardan chetda qolgan, degan bayonotlarini «haqoratli» deb atadi.
«Men prezident Trampning bu izohlarini haqoratli va ochig‘ini aytganda dahshatli deb bilaman. Ular halok bo‘lgan yoki jarohatlanganlarning yaqinlari uchun qanchalik og‘riqli bo‘lganiga ajablanmayman», - dedi Starmer jurnalistlarga.
AQSh yetakchisidan uzr talab qilasizmi, degan savolga Starmer shunday javob berdi: «Agar men shunday noto‘g‘ri gapirib qo‘yganimda yoki shunday so‘zlarni aytganimda, albatta, uzr so‘ragan bo‘lardim».
Tramp payshanba kungi efirda AQSh transatlantik ittifoqqa «hech qachon muhtoj bo‘lmaganini» aytib, ittifoqchilarni Afg‘onistonda «oldingi chiziqlardan biroz chetda turishda» ayblagan edi.
Buyuk Britaniya Afg‘onistonda 457 nafar harbiy xizmatchisini yo‘qotgan. Afg‘onistonga bostirib kirishga boshchilik qilgan AQSh esa qariyb 2,5 ming askaridan ayrilgan.
Starmerning bayonotlari — Trampni omma oldida bevosita tanqid qilishdan odatda tiyilib kelgan yetakchi uchun ayniqsa keskin ohangda yangradi.
Trampning bu so‘zlari Grenlandiya bilan bog‘liq mojaro ortidan AQSh–Yevropaning allaqachon taranglashgan munosabatlarini yanada keskinlashtirdi.
Mavzuga oid
14:34
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026