Jamiyat | 15:46 / 10.07.2020
21428
11 daqiqa o‘qiladi

«Jahon bo‘yicha ayrim izotoplarning yarmi O‘zbekistondan olinadi» - Yadro fizikasi instituti direktori bilan suhbat

Kun.uz ilm-fan sohasi vakillari bilan intervyularini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov bo‘ldi.

– Ilhom Ismoilovich, bizda uzoq yillardan buyon yadro tibbiyoti uchun radioizotop mahsulotlari ishlab chiqariladi. Lekin shu bilan bir paytda ko‘pchilik yadro tibbiyoti to‘g‘risida tasavvurga ega emas. Nega bunday?

– Siz haqsiz. Bizning Yadro fizikasi institutida tibbiyot uchun izotop mahsulotlarni bu soha endi rivojlana boshlagan paytlaridayoq ishlab chiqarish boshlangan. 1976 yilda YaFI negizida «Radiopreparat» korxonasi tuzilgan bo‘lib, yadro tibbiyoti uchun turli radiofarmpreparatlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgandi.

O‘sha yillarda sobiq ittifoqda bu soha endi tetapoya qila boshlagan, dunyoda esa «yadro tibbiyoti» degan tushunchaning o‘zi yo‘q edi. Biz aynan shu yillarda izotop mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Fakt: O‘zbekiston yadro tibbiyoti uchun izotoplar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo bozoridagi yetakchilardan biri sanaladi. Masalan, onkologik kasalliklarni davolashda ishlatiladigan yod-125 radioizotopining 50 foizidan ko‘prog‘i O‘zbekistonda, VVR-SM yadro reaktorida olinadi.

1978 yilda bizda ilk bor texnetsiy-99m radionuklid generatori olingandi. Bu eng universal radionuklid bo‘lib, har xil xastaliklarning diagnostikasida ishlatiladi. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha radionuklidlar ishtirokida o‘tkaziladigan barcha tashxis muolajalarining 85 foizdan ortig‘i aynan texnetsiy-99m yordamida o‘tkaziladi.

80-yillarda O‘zbekistonda yadro tibbiyoti shakllanishi boshlandi, YaFIda radionuklidlarni ishlab chiqarish sur'ati tezlashdi va asosan eksport qilish ko‘zda tutildi. Hozirgi kunda ham bizning 90 foiz mahsulotlarimiz eksport qilinadi, shu sabab bizni O‘zbekistondan ko‘ra dunyoda ko‘proq bilishadi.

Oxirgi 4-5 yilda vaziyat o‘zgarmoqda. Umid qilamizki, tez orada bizni o‘z yurtimizda ham yaxshi tanib olishadi va faxrlanishadi.

– O‘zbekiston izotop mahsulotlarni qaysi davlatlarga eksport qiladi va bu qancha daromad keltiradi?

– Bugungi kunda bizning Yadro fizikasi institutimiz dunyoning 12 davlatiga izotop mahsulotlarni eksport qiladi. Bular – AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar.

Tibbiyot maqsadlari uchun ishlab chiqariladigan izotop mahsulotlarini eksport qilishdan keladigan mablag‘ yiliga o‘rtacha 3 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Fakt: Yadro fizikasi instituti radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi 20ta yirik muassasa qatorida turadi.

– O‘zbekistonda yadro tibbiyotining aynan qaysi yo‘nalishlari rivojlanmoqda va bu jarayonda YaFI qanday o‘rin tutadi?

– O‘zbekistonda azaldan o‘sma hujayralarini ionlashtiruvchi radiatsiya bilan nurlantiruvchi nur terapiyasi yaxshi rivojlangan. Bu – sohaning taraqqiyotga yuz tutgan birinchi yo‘nalishidir. Bundan so‘ng radionuklid diagnostika va terapiyasi rivojlana boshladi. Boshlang‘ich bosqichida u texnetsiy-99m bilan yod-131 ishlatishga asoslandi. Nur terapiyasidan farqli ravishda bu usulda zararlangan organga radionuklid tutgan dori vositasi manzilli tarzda yetkazib beriladi.

So‘nggi 8-10 yil davomida samariy-153 oksabifor preparati keng qo‘llanila boshlandi. Bu preparat suyaklardagi kuchli og‘riqlar qo‘zg‘atuvchi o‘smalar metastazlar bo‘lganda va boshqa suyak kasalliklarida og‘riqsizlantirish va davolash maqsadida ishlatiladi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda pozitron-emission tomografiya (PET KT) yo‘nalishi yaxshi rivojlanmoqda. Bu inson ichki a'zolarida o‘sma hujayralarini aniqlash maqsadida o‘sma hujayralari to‘plangan joyni «yorituvchi» radiofarmpreparatlar (radioaktiv izotoplar bilan boyitilgan maxsus moddalar) jo‘natishdan iborat.

Bugungi kunda Toshkentda bemorlarni qabul qilayotgan va diagnoz qo‘yayotgan 3ta PET markaz faoliyat yuritmoqda. Bu juda muhim yo‘nalish, sababi o‘sma kasalliklariga qarshi kurashda erta diagnostika nihoyatda zarur va PET KT buning imkonini beradi.

Bu sohalarda Yadro fizikasi institutining o‘rni haqida so‘rasangiz, respublikamizda o‘tkaziluvchi deyarli barcha radionuklid diagnostika va terapiya bizning institutimiz mahsulotlaridan foydalanilgan holda olib boriladi.

– Ilhom Ismoilovich, aytishingizcha, YaFI O‘zbekiston klinikalarini samariy-153 oksabifor izotop mahsuloti bilan ta'minlaydi. Bizga ma'lumki, bu anchagina qimmat preparat bo‘lib, dunyo bozorida ham uning narxi balandligi haqida ma'lumotlar bor. Bizning klinikalarimiz bu mahsulotni qanday narxda sotib olishadi?

– To‘g‘ri, samariy-153 oksabifor jahon miqyosila bor-yo‘g‘i bir nechta Yevropa davlatlarida – Germaniya, Fransiya va Rossiyada ishlab chiqariladi. Fransiyada bu preparatning Yevroittifoq aholisi uchun bir martalik dozasi 2,5 ming yevroga baholanadi, boshqa mamlakat fuqarolari uchun esa 2,7 ming yevro turadi.

Bizda ishlab chiqariladigan bu preparat sifat va xarakteristika jihatidan ulardan qolishmaydi. Ayrim mulohazalarga ko‘ra, hatto ulardan o‘tadi ham.

Yurtimiz klinikalariga bu preparat 59 yevro hisobidan O‘zbekiston so‘mida beriladi, ya'ni xorijda ishlab chiqariladigan analogidan 40 baravar arzon turadi.

Fakt: O‘zFA Yadro fizikasi instituti 1956 yilda tashkil etilgan va u hududi jihatdan Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy tadqiqot dargohidir. Institutga tegishli 7ta noyob yadro fizikaviy qurilma 315 gektar maydonda joylashgan.

– Umuman, tibbiyotda yadro texnologiyalarini o‘rganish va rivojlantirish qanchalik muhim?

– Yadro meditsinasi usullari tibbiyotda aniq tashxis qo‘yish va samarali davolashda juda muhim. Ayniqsa saraton kasalliklarini davolashda bu yo‘nalish katta rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, bu selektiv terapiya, ya'ni yadro tibbiyoti usullari kasallik o‘chog‘ini davolashda qo‘llaniladi.

Kimyo terapiya va bu turdagi dori vositalarini qabul qilishda ular butun organizmga singadi, bu esa nojo‘ya ta'sirlarga sabab bo‘ladi. Radioterapiyada esa preparat manzilli tarzda faqat kasallikdan zararlangan maydonlarga yo‘llanadi. Onkologiya nuqtayi nazaridan preparat faqat o‘sma hujayralariga ta'sir qiladi va sog‘lom hujayralarga zarar yetkazmaydi. Shu tarzda sog‘lom hujayralar va umuman organizm bu preparatlarning umumiy ta'siridan zarar ko‘rmaydi.

Ikkinchidan, yadro tibbiyotining samarasi juda yuqori. Masalan, hozirgi kunda lyutetsiy-177 asosidagi shunday preparat paydo bo‘ldiki, ilmiy tadqiqotlar asosidagi maqolalarga tayanadigan bo‘lsak, bu preparat ta'sirida ba'zi turdagi o‘smalardan sog‘ayish ko‘rsatkichi 99 foizgacha yetishi mumkin. Boshqa uslublar bilan hozircha bunday natijalarga erishib bo‘lmayapti. Demak, yadro tibbiyotining kelajagi porloq.

Shu bilan birga, g‘alati paradoks kuzatiladi: odamlarda shunday fikr o‘rnashib qolganki, ko‘pchilik radiaktivlik bilan bog‘liq hamma narsa organizmga zarar yetkazadi, deb o‘ylaydi. Aslida esa aksincha, to‘g‘ri qo‘llanganida bu uslublar eng og‘ir kasalliklarni davolashda yaxshi samara beradi.

– Bizga ma'lumki, O‘zbekistonda atom elektrostansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. AES yadro texnologiyalari, yadro tibbiyoti rivojida qanday o‘rin tutishi mumkin?

– AES qurilishi ulkan loyiha bo‘ladi. Bu loyihada eng muhimi – mutaxassislarni tayyorlash. Yurtimizda yadro tibbiyoti 60 yildan beri rivojlanmoqda, AES qurilishi esa shubhasiz, yadro texnologiyalarning barcha yo‘nalishlarida, shu jumladan yadro tibbiyoti rivojida ham muhim rol o‘ynaydi, deb o‘ylayman.

AES qurilishi loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda Moskva muhandislik-fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universiteti (NIYaU MIFI)ning ilk xorijiy filiali ochildi. Bu yil o‘tgan yili qabul qilingan 100 nafar talaba birinchi bosqichni tamomlamoqda va yana 100 nafar talaba qabuli e'lon qilingan. Universitet dasturida ta'limning turli yo‘nalishlari, jumladan yadro texnologiyalari borki, ularning bir qismi sifatida yadro tibbiyotini ham olish mumkin.

Bizning institutimiz kadrlash tayyorlash, shuningdek yadro tibbiyoti bo‘yicha ham mutaxassislarni o‘qitish hamda ularning institutimiz qoshidagi yadro tibbiyoti laboratoriyasida amaliyot o‘tashlari bo‘yicha ariza bergan. Shu bois aminmanki AES qurilish loyihasi O‘zbekistonda yadro texnologiyalari, shu jumladan yadro tibbiyoti rivojiga turtki beradi.

– Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yadro tibbiyotiga qanday ta'sir qilishi mumkin, yoki qanday ta'sir qildi?

– Koronavirus pandemiyasi shubhasiz tibbiyotga, shu qatorda yadro tibbiyotiga ham jiddiy ta'sir o‘tkazdi. Dunyoning deyarli barcha olimlari, jumladan biz ham COVID-19 kasalligiga qarshi kurash uslublarini ishlab chiqish borasida tadqiqotlarga kirishdik.

«Radiopreparat» korxonasi tomonidan xozirgi kunda turli yuqumli kasalliklarni aniqlovchi 10dan ortiq xildagi immun testlar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda koronavirusni tezkor aniqlovchi test ustida ham ish olib borilmoqda. Umid qilamizki, kuz oylaridayoq bu virusni tezkor aniqlash bo‘yicha test tayyor bo‘ladi.

Pandemiyaga qarshi kurashda tibbiy asbob va buyumlar sterilizatsiyasi ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Koronavirus tarqalishi bilan bunday ishlar hajmi bizning institutimizda ham keskin oshdi. Institutda tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarini (bir martalik, shpritslar, qo‘lqoplar, kiyim boshlar, xirurgik iplar, bint, paxta va boshqalar) radiatsion sterilizatsiyalash bo‘yicha respublikamizda yagona ishlab chiqarish maydoni tashkil qilingan. Bu turli viruslarga qarshi kurashda juda samarali usul hisoblanadi. Shu bois pandemiya davrida bizda tibbiy asbob-uskunalarni sterilizatsiyalash hajmi keskin oshdi.

Umid qilamanki, bu yo‘nalish ham rivojlanishda davom etadi, bunday markazlar soni oshadi va ularning samaradorligi ham kengayadi. Bu esa o‘z navbatida tibbiyotimiz xodimlariga turli bakteriyalar, viruslar, shu jumladan koronavirusga qarshi kurashda ko‘mak bo‘ladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid