17:31 / 02.06.2024
5443

Qatar Airways O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi

Doha shahridan uchgan samolyot ilk parvozni amalga oshirgan va Toshkent aeroportiga kelib qo‘ngan.

Foto: Uzbekistan Airports

Qatar Airways aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, bugun 2024 yil 2 iyun kuni soat 10:28 da Qatar Airways aviakompaniyasiga tegishli Airbus 320 samolyoti Doha aeroportidan havoga ko‘tarilgan va soat 13:30 da Toshkent aeroportiga qo‘ngan. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil qilgan.

Ta’kidlanishicha, Doha – Toshkent – Doha yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi qatnovlari haftasiga to‘rt marta – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus 320 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Qatar Airways aviakompaniyasining sharqiy hududlar bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Marvan Koleylat kelgusida Dohadan Samarqand va Buxoro shaharlariga ham muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Qatar Airways – Qatarning milliy aviakompaniyasi bo‘lib, bosh qarorgohi Dohada joylashgan. Aviakompaniya dunyoning 170 dan ortiq yo‘nalishlariga parvoz qiladi. Ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan, Skytrax tomonidan yetti marta dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi deb topilgan.

Top