Jahon | 19:54 / 10.12.2025
3927
3 daqiqa o‘qiladi

Ash-Shar’adan Bill Geyts, Klintongacha: Doha forumi qanday o‘tdi? 

Qatardagi Doha forumida amirdan tortib Suriya muvaqqat prezidenti Shar’a, AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, milliarder Bill Geyts va yuzlab vazirlar qatnashdi. Sessiyalarning deyarli hammasi tinchlik masalalariga bag‘ishlangan. Forum doirasida oliy darajadagi mehmonlar jonli efirda intervyular ham berishdi. Kun.uz jurnalistining Dohadan xabar berishicha, Ahmad ash-Shar’a o‘z sessiyasida uni ortiq terrorchi demasliklarini so‘ragan.

Doha forumi geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, gumanitar ehtiyojlarning chuqurlashishi va texnologik uzilishlarning tezlashishi avj olgan pallada o‘tkazildi. 

Forumni shaxsan amir ochdi, uning singlisi sessiyalarda qatnashdi, onasi Sheyxa Moza esa forumni yopib berdi. Sessiyalar bir-biridan qiziq, ishtirokchilar rang-barang, qatnashchilar minglab. Doha forumining bu yilgi mavzusi – tinchlik va adolatga atalgan. Ya’ni qayerdaki mojarolar bor, ularning yechimlari muhokama maydoni sifatida shu forum taklif etilmoqda. Qatnashchilar ichida Suriya muvaqqat prezidentining ham borligi – muloqot mavzusiga mos tushadi. 

CNN telekanali jurnalisti Ash-Shar’adan eksklyuziv intervyu oldi, lekin u suhbat chog‘ida Shar’ani noqulay ahvolda qoldiruvchi savollarini ham berdi. Avvalo, jurnalist uning terrorchilik o‘tmishi haqida so‘radi. Suriya prezidenti esa ortiq terrorchi sifatida ro‘yxatda turmasligini aytdi. 

“Biz terrorist so‘zini 25 yildan beri ishlatamiz, lekin aslida bugun kim terrorist ekanini G‘azodagi voqealar sabab odamlarning o‘zi bilib oldi. Men haqimdagi savolda ziddiyatlar juda ko‘p. Avvalo, men hech qachon tinch aholi vakillariga qarshi urushmaganman. O‘tgan yilgi Suriyani olishimizdagi 11 kunlik rejani eslang, tinch aholi vakillari qurbon qilinmay shu darajada reja tuzgan qaysi terrorchini bilasiz? Vaholanki, men endi Xavfsizlik kengashining terrorchilar ro‘yxatida emasman”, - dedi Shar’a. 

Yana bir qiziq sessiya AQSh prezidentining o‘g‘li – kichkina Donald Trampniki. U mediaga Qatarda hech qanday biznesi yo‘qligini aytgan. 

“Biz har qanday investitsiyamizni AQShga qilamiz, Qatarda hech qanday biznesim yo‘q”, - deydi kichkina Donald Tramp. 

Forum 2 kun davom etdi, unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi. Xalqaro muloqotda O‘zbekiston Afg‘oniston sessiyasini o‘tkazdi, qatnashchilar ichida “Tolibon” vakili ham bor.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid