O‘zbekiston | 14:29 / 09.08.2024
13610
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan BYD E2 elektromobili 242 million so‘mdan sotilishi ma’lum bo‘ldi

BYD E2 modelining rasmiy narxi internetda tarqaldi. Elektromobilning narxlari 19300 dollar, yoki 242 mln so‘mdan boshlanadi. Faollar bu narx xususiy avtosalonlardagi narxdan 42 mln so‘mga qimmatligi haqida yozmoqda. BYD Uzbekistan Factory direktori O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD’lar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishini aytgandi.

Foto: BYD

BYD kompaniyasi O‘zbekistonda sotuvga chiqaradigan ye2 modelining rasmiy narxlari muddatidan oldin internetda tarqaldi. Ma’lum qilinishicha, BYD e2 narxi 242 million so‘m (19300 dollar)dan boshlanadi.

“Avtostrada” nashriga ko‘ra, BYD e2 Comfort’ning eng arzon versiyasi 242 million so‘m. Ayni modelning Luxury komplektatsiyasi xususiy avtosalonlarda 200 million so‘mdan sotiladi, demak ishlab chiqaruvchida narxlar 42 million so‘mga qimmatroq.

“Bundan tashqari, ushbu narxga Xitoydan avtomobilni olib kelish, QQS, qayta ishlash to‘lovi, sertifikatlash va bojxona to‘lovlari kiradi. Bundan tashqari, ba’zi “kulrang” dilerlar mashinaga 2 yillik kafolat beradi”, - deb yozadi nashr.

Ma’lumot uchun, “O‘zavtosanoat” joriy yilning iyul oyida BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu modellar BYD Seagull va e2 bo‘lishi xabar qilingandi.

Avvalroq, BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD’lar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishini aytib o‘tgandi.

Prezident bilan tadbirkorlar uchrashuvi oldidan 26 iyulda bo‘lib o‘tgan avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqotda esa SSP raisi Davron Vahobov elektromobil importiga boj kiritishni “100 foiz” qo‘llab-quvvatladi.

Tadbirda O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarayotgan ADM Jizzakh kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletyarov mahalliy bozor “haddan tashqari to‘yingani va qizib ketgani”ni iddao qilib, jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish va elektromobillar importi uchun bojlarni qayta tiklash taklifi bilan chiqqandi. Bu tashabbusning ichki bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir qilishi sababidan Davletyarovning fikrlari jiddiy tanqidlarga uchradi

Mavzuga oid