Norvegiya elektromobillar soni benzinli avtomobillardan oshib ketgan birinchi davlatga aylandi
Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilga kelib, mamlakatdagi elektromobillar soni dizelli avtomobillarni ham ortda qoldiradi.
Norvegiyada elektromobillar soni birinchi marta benzinda yuradigan avtomobillar sonidan oshib ketdi, deb xabar bermoqda Norvegiyaning Yo‘l harakati bo‘yicha axborot kengashi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda jami 2,8 million yengil avtomobil ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 754 303 tasi elektromobil, 753 905 tasi esa benzinli avtomobil. Hibrid avtomobillar soni qariyb 366 mingta. Yana millionga yaqin dizelda yuradigan avtomobillar bor, ammo ularning soni kamayib bormoqda.
“Bu tarixiy voqea. O‘n yil oldin bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi. Yengil avtomobillar parkini elektrlashtirish ishlari jadal ketmoqda, Norvegiya esa yengil avtomobillar parkida elektromobillar ustunlik qiladigan dunyodagi birinchi davlat bo‘lish uchun tezkor qadamlar tashlamoqda”, — dedi Yo‘l harakati bo‘yicha axborot kengashi direktori Oivind Solberg Torsen.
Uning prognozlariga ko‘ra, 2026 yilga kelib, mamlakatdagi elektromobillar soni dizelli avtomobillar sonidan ham oshib ketadi.
2024 yil avgust oyida Norvegiyada sotilgan 11 114 ta avtomobilning deyarli 94 foizi elektr quvvati bilan ishlashi ma’lum qilingandi. Bunday o‘sishga Tesla Model Y (taxminan ikki mingta avtomobil) savdosi asosiy hissa qo‘shgan.
The Washington Post nashriga ko‘ra, Norvegiya hukumat tashabbuslari tufayli elektromobillarni joriy etish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Xususan, mamlakatda bunday avtomobillar uchun sotuv va chiqindi soliqlarini bekor qilish, avtoturargoh to‘lovlarini kamaytirish va avtobus yo‘laklaridan foydalanishga ruxsat berilgan.
Mavzuga oid
12:00
Norvegiya valiahd malikasining o‘g‘li zo‘ravonlik ishi bo‘yicha hibsga olindi
13:50 / 25.10.2024
O‘zbekistondan Daniya va Norvegiyaga milliy mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi
19:30 / 24.10.2024
Norvegiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash taklif etildi
16:20 / 17.10.2024