O‘zbekiston | 18:33 / 30.03.2021
9161
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 500 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etiladi

2021 yilda Surxondaryo viloyatida 500 gektar, Qashqadaryo viloyatida 30 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etiladi.

2021 yilda aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan o‘simlik moyi bilan ta'minlash, import hajmini keskin qisqartirish maqsadida kungaboqar, soya, masxar, raps, kunjut va zig‘ir ekiladigan maydonlar hajmi oshiriladi.

Shuningdek, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda zaytun o‘simligi plantatsiya usulida yetishtiriladi. Bu haqda Yog‘-moy korxonalari uyushmasi Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Joriy yilda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektar, shu jumladan, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Muzraobod va Uzun tumanlarining har birida 100 gektardan, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo, Bandixon tumanlarining har birida 50 gektardan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 30 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etiladi.

Ushbu hududlarga 10 gradusgacha bo‘lgan sovuqqa chidamli Arbusano (Italiya), Arbikino (Italiya), Manzaniya va Kolores (Ispaniya) hamda Gemlik (Turkiya) navli 465 ming tup zaytun ko‘chatlari o‘tqazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xabar qilinishicha, zaytunzorlar barpo etuvchi tashabbuskorlarga tijorat banklari tomonidan 7 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi; tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etish uchun 3,2 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar beriladi.

Yog‘-moy korxonalari uyushmasining ma'lum qilishicha, hozirda O‘zbekiston aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan yillik talabi 475 ming tonnani tashkil etadi. Yog‘-moy korxonalari yiliga 259 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqaradi. Respublika aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan talabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 55 foizga, ichki bozor ehtiyojining 45 foizi import hisobiga qoplanmoqda.

  • Ma'lumot o‘rnida, azaldan zaytun o‘simligi «moy daraxt» deb ataladi. Bir gektar shartli sug‘oriladigan maydonga zig‘ir yetishtirilganda, o‘rtacha 10-12 sentnerdan hosil olinadi va undan 300-360 litr, bir gektar maydonga kunjut ekilganda 1,2-1,5 tonna xomashyo yetishtirilib, 500-600 litr moy olish mumkin.
  • Zaytun ekilgan bir gektar maydonda 350-400 tup daraxt bo‘lib, har bir daraxtdan 50-70 kilogramm, jami 2,4-2,8 tonna meva yig‘ib olinadi, undan 1,5-1,7 tonna zaytun moyi olinadi. Zaytun 500 yildan 4000 yilgacha yashaydigan, uzoq yashovchi va sekin o‘suvchi subtropik daraxt hisoblanadi. Uning balandligi 10-12 metrdan oshmaydi.

Avvalroq, Kun.uz O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxi oshib borayotganiga oid tahliliy maqola e'lon qilgandi. Unda so‘nggi oylarda dunyo bo‘yicha o‘simlik yog‘i narxi o‘rtacha 20-25-foizga, O‘zbekistonda esa 17 foizga oshgani, shuningdek, narx oshishi kungaboqar yog‘i narxi ko‘tarilishi fonida sezilgani ta'kidlangan edi.

Mutaxassislar narx yana 30 foizga oshishi mumkinligini taxmin qilayotgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid