Isroil Hamas ustidan «hal qiluvchi g‘alaba»ga erishmoqchi edi. Ammo bir yil o‘tib ham maqsadga erishilmadi. Bunga nima to‘sqinlik qildi?
Isroil armiyasi «Hizbulloh»ni tor-mor eta oladimi?
Isroil mudofaa armiyasi so‘nggi yil ichida ikkita turli frontda ikkita keng ko‘lamli amaliyot boshladi — va hali yakunlamadi. Birinchisi, Hamas jangchilarining G‘azo sektoridan chegaradosh hududlarga hujum qilishiga javoban boshlangandi; ikkinchisi — Livanda «Hizbulloh»ning infratuzilmalari va boshqaruv tizimiga oldini oluvchi zarbalar bo‘ldi. Bu urushlar 2006 yil «Hizbulloh» bilan muvaffaqiyatsiz kechgan to‘qnashuvdan keyin ishlab chiqilgan urush olib borish bo‘yicha yangi konsepsiyaning debyuti bo‘ldi. Konsepsiya «Hal qiluvchi g‘alaba» nomini olgan. U dushmanning butun harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish uchun havodagi va razvedka bobidagi ustunlikka tayangan holda faol harbiy harakatlar olib borishni nazarda tutadi. Debyut (urushlar hali yakunlanmagan bo‘lsa-da) aralash taassurot qoldirmoqda: qisqa muddat ichida hal qiluvchi g‘alabaga erishilmadi. Garchi TsAHAL razvedka imkoniyatlari bo‘yicha yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan Livanda dastlabki zarba samarali va natijador bo‘ldi. Isroilga «Hizbulloh»ga qaraganda kuchsizroq raqib qarshi turgan G‘azoda esa — avvalboshdan razvedka borasida yaqqol ustunlik yo‘q edi va bu yerda ham urushning oldindan belgilangan siyosiy maqsadlariga haligacha erishilmadi.
«Hal qiluvchi g‘alaba» nima degani?
1980-yillarga qadar TsAHAL atrofdagi dushman davlatlar ustidan «hal qiluvchi g‘alabalar»ning uzoq tarixiga ega edi. To‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarda yutqazgan raqiblar proksi-urush taktikasini qo‘llashga o‘tishdi. Endi ular TsAHAL bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushmasdi — ammo buni kurashda qurolli guruhlar qo‘li bilan qilardi.
Natijada Isroil kurashda o‘zining asosiy ustunliklaridan samarali foydalanish imkoniyatini yo‘qotadi: o‘q otish kuchi, yuqori aniqlikdagi qurollar, manyovr qilish, razvedka va boshqaruv vositalari. Ilgari aviatsiya ko‘magida zirhli tanklar bilan zarba berish TsAHALga qarshi turadigan muntazam armiyalarni qulatardi. Harbiy harakatlarda terror va raketa zarbalaridan foydalanadigan va qolgan vaqtni bunkerlar va tunnellarda yashirinib o‘tkazadigan guruhlar bilan urushda an’anaviy metodlar u qadar samarali emasdi. Xususan, Isroildagi manbalarga ko‘ra, Livan janubida 2006 yilda «Hizbulloh»ga qarshi kechgan urush vaqtida razvedka orqali aviatsiya uchun oldindan belgilab olingan nishonlar bir hafta o‘tmay tugagan. Keyingi «improvizatsiya» esa yutuqqa olib kelmagan — va urush Isroil uchun alamli durang natija bilan yakunlangan.
Shundan buyon Isroil qo‘mondonligida ikkita konsepsiya mavjud edi. Birinchisiga ko‘ra, raqib zarbalarini qaytarishi mumkin bo‘lgan ishonchli mudofaa qurilishi ko‘zda tutilgan. «Temir gumbaz» raketalarga qarshi mudofaa tizimi batareyalari navbatchilikka qo‘yildi. Ularning vazifasi boshqarilmaydigan raketalar bilan o‘qqa tutish samaradorligini qariyb nolga tushirish bo‘lgan. Shuningdek, nisbatan kuchli bo‘lgan boshqa boshqariluvchi raketalarga qarshi kurashish uchun boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilgan. Livan va G‘azo bilan chegara bo‘ylab kuzatuv tizimlari (jumladan, avtomatik ishlovchi), shuningdek, kichik harbiy bazalar tarmog‘i barpo etilgan. Bularning barchasi kichik guruhlar hujumlarining oldini olishi kerak edi. Bunday hujumlar qaytarilgach, TsAHAL qurolsizlantirish uchun zarbalar berishi va raqiblarni status-kvoga qaytarib, ularga o‘z hujumlaridan siyosiy dividendlar olishiga yo‘l qo‘ymasligi nazarda tutilgan.
Isroil kurashning bu shaklini G‘azoda qamal holatida bo‘lgan va imkoniyatlari cheklangan Hamasga qarshi qo‘lladi. 2021 yilgi qisqa muddatli keskinlashuv vaqtida TsAHAL Hamasga qarshi quruqlik amaliyoti o‘tkazishiga hojat qolmaydi: «Temir gumbaz» G‘azodan uchirilgan raketalarning aksar qismini tutib qoladi — va falastinliklar yopirilma zarbalar bilan Isroil havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘ta olmaydi.
2023 yil 7 oktyabrdan oldinroq ishlab chiqilgan ikkinchi konsepsiya tashabbusni TsAHALga qaytarish va uning barcha azaliy ustunliklarini yana effektiv qilishga qaratilgan. Isroil rahbariyati passiv mudofaa va tiyib turishga harakat qilish — ayniqsa Livan frontida ehtimoliy mag‘lubiyat tomon yo‘l ekanini tan olgan.
Bunday ssenariy realistik deb topilgan, chunki Eron tomonidan ochiqchasiga qo‘llanadigan «Hizbulloh»ning salohiyati nafaqat Hamasnikidan kattaroq edi, balki bir necha hafta ichida Isroil havo hujumidan mudofaa tizimini holdan toydirish va mamlakat hududidagi harbiy va fuqarolik nishonlariga zarba berishga ham imkon berardi. 2023 yil 7 oktyabr kuni Hamas ham «Hizbulloh» qo‘llamaydigan usullardan foydalangan holda Isroilga o‘ta jiddiy zarar bera olishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Aviatsiya ham, «Temir gumbaz» ham o‘z o‘zidan urushda yutib chiqishni ta’minlay olmaydi. 2008 va 2014 yillarda G‘azoga uyushtirilgan taktik jihatdan muvaffaqiyatli, ammo strategik jihatdan muvaffaqiyatsiz chiqqan bosqinlar shuni ko‘rsatgandiki, Isroil mudofaa armiyasi shunchaki tezda hal qiluvchi g‘alaba uchun zarur bo‘lgan tizimga ega emas.
- Xuddi shu «Hal qiluvchi g‘alaba» nomli yangi operativ konsepsiyaga ko‘ra, ikki tashkilot — «Hizbulloh» va Hamas — shunchaki «isyonchi terrorchi guruhlar» emas, balki «tarmoqlangan terrorchi raketa qo‘shinlari» sifatida ko‘rsatilgan.
- Ularga qarshi samarali kurashish uchun, TsAHAL razvedka, boshqaruv va yuqori aniqlikdagi qurollar bo‘yicha ustunliklaridan foydalana olishi lozim. Isroil mudofaa armiyasi, unga qurol xarid qilish tizimi va mamlakatdagi harbiy-fuqarolik munosabatlari shunday isloh qilinishi kerakki, harbiylar Hamas yoki «Hizbulloh»ning yashirin o‘t ochish pozitsiyalarini tezda yo‘q qila olishi kerak.
- TsAHAL va razvedka xizmati birinchi qadam sifatida Livanda aviatsiya va boshqa yuqori aniqlikdagi qurollar raqibning butun infratuzilmalarini ular Isroilga qarshi qo‘llanishidan oldinroq yo‘q qilish uchun (ikkinchi o‘rinda G‘azoda) minglab nishonlar bazasini yaratishi lozim.
- Tabiiyki, «Hizbulloh» asosiy va eng xavfli raqib hisoblanadi — nafaqat o‘z imkoniyatlari bilan, balki ortida Eron turgani uchun ham. Livanda to‘qnashuv ro‘y bergan taqdirda ish Tehron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar almashinuviga borishi mumkinligi tushunarli edi.
- TsAHAL va razvedka xizmatlari nishonlar bazasini tuzish bilan cheklanishni rejalashtirmagan (va hozirda ma’lum bo‘lgan peyjyerlarni minalashtirish bilan bog‘liq boshqa hiyla-nayranglar kabi): konsepsiyaga ko‘ra, TsAHALning raqib jangchilari bilan quruqlikda to‘qnashib, ularni o‘z otish vositalari va pozitsiyalarini oshkor etishga majbur qiladigan bo‘linmalarini tashkil etish lozim edi — raketa qurilmalari, tunnellar, mobil otryadlar. Ularning barchasi ilg‘or kuzatish vositalari orqali jang maydonidayoq darhol aniqlanishi belgilangan. Shundan keyin bunday nishonlar tezda quruqlik kuchlari, aviatsiya va dengiz floti o‘t ochish vositalari uchun taqsimlanishi va zarba berilishi ko‘rsatilgan. Konsepsiyaga ko‘ra, bunday yangi bo‘linmalar soni bo‘yicha batalyonga teng bo‘lishi (kamida mingkishi), ammo o‘t ochish quvvati diviziyanikidek (10 ming kishilik taktik tuzilma) bo‘lishi lozim edi.
Yangi tizimning bunday armiyasi hozirgi urushda Isroilga juda qo‘l kelgan bo‘lardi, ammo uni yaratishga ulgurishmadi. 2023 yil oktyabrida konsepsiya hali boshlang‘ich bosqichda edi. Ko‘rinishidan, o‘tgan bir yil davomida ham u to‘liq realizatsiya qilinmagan. Isroil razvedkasining urush boshlanishidagi muvaffaqiyatsizligi (u Hamasning reyd o‘tkazish rejasini fosh qila olmadi va harakat jangarilari chegara yaqinida to‘planishini payqamadi) TsAHAL rahbariyati raqib haqidagi ma’lumotlari bo‘yicha ustunligiga ishonib adashganini ko‘rsatdi. Isroil janubiga hujum yana shuni ko‘rsatdiki, avtomatik kuzatuv va aniqlash tizimlariga asoslangan razvedka tashabbusni qo‘lga olgan dushmanga qarshi muvaffaqiyat qozona olmaydi.
G‘azodagi urush voqealari Binyamin Netanyahu hukumatiga tanlov qoldirmadi: endi gap tiyib turish haqida ketmas, «hal qiluvchi g‘alaba» shunchaki zaruratga aylangandi. Muammo shundaki, Isroil, aftidan, strategiyani amalga oshirishga tayyor emasdi. Bundan tashqari, hamon Isroilning g‘alabasi qanday bo‘lishi noma’lumligicha qolmoqda.
G‘azoda ishlar nega rejadagidek ketmadi?
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant 7 oktyabr kungi hujumdan keyin TsAHALning G‘azo sektoridagi amaliyoti uch bosqichdan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi:
- Hamas infratuzilmasini yakson etish. Buning uchun quruqlik qo‘shinlari sektorga kirishi va uning hududining katta qismini egallashi talab etilardi.
- «Kamroq intensivlik» bosqichi — qarshilik o‘choqlarini bartaraf etish. Katta ehtimol bilan, bu bosqichda garovdagilarning barchasini ozod etish rejalashtirilgandi.
- Yakuniy bosqich — «G‘azoning keyingi hayoti uchun mas’uliyatni Isroil zimmasidan olish».
Birinchi bosqich G‘azodagi oldingi urushlar paytida bo‘lgani kabi ruhda amalga oshirildi. Faqat ko‘lami bo‘yicha farqlanardi. Rekord miqdordagi zaxiradagilar safarbar etildi va rekord miqdorda zarbalar yo‘llanib, bu ulkan qurbonlarga olib keldi. Shuningdek, «hal qiluvchi g‘alaba» konsepsiyasi doirasida keng miqyosda rivojlantirilishi rejada tutilgan «sun’iy intellekt» yordamida nishonlarni qidirish va saralash texnologiyalari ham qo‘llandi. Tanqidchilarning tasdiqlashicha, bu faqat «tasodifiy qurbonlar» sonini oshirgan. Umuman olganda, birinchi bosqich — sektorning katta hududi okkupatsiya qilinishi — TsAHAL Hamas harbiy salohiyatini sezilarli kamatira olgan bo‘lsa ham, g‘alaba keltirmadi.
Ikkinchi bosqich, kutilganidek, murakkab sharoitlarda kechdi. Hamon isroilliklar garovda qolmoqda, Hamas Isroilga siyosiy bosim ko‘rsatishni davom ettirmoqda. Turli xorijiy tashkilotlar va davlatlar (jumladan, G‘arbdagi qo‘llovi Isroil uchun muhim bo‘lgan davlatlar ham) bosim ko‘rsatishi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. Mamlakat jamoatchiligining ham katta qismi sulh tuzish tarafdori.
Ikkinchi bosqichdagi harbiy yutuqlar hali ham kichik. Hamasning tayyorlangan pozitsiyalari (jumladan, «G‘azo metrosi» — guruh manyovrlar amalga oshirish, shtablari, qurol va zaxiralarini joylashtirish uchun foydalaniladigan tunnellar tarmog‘i) baribir to‘liq yo‘q qilinmadi. Sektor shimolida avvalroq TsAHAL tomonidan egallangan hududlarda yana qarshilik o‘choqlari paydo bo‘lmoqda.
Ikkinchi bosqichning murakkabliklari uchinchi bosqichdagi muammolar bilan chambarchas bog‘liq: urushdan Isroildagi xavfsizlikni tubdan yaxshilaydigan tarzda chiqishning yo‘li topilmadi. Bunga 15 yil davomida ham erishilmadi: G‘azodagi oldingi har bir operatsiya (va Livan janubidagi ham) TsAHALning raqiblari — Hamas va «Hizbulloh»ning siyosiy pozitsiyalarini faqat mustahkamlagan — chunki ularning mavjudligining ma’nosi ham Isroilga faol qarshi turishdadir. Ushbu guruhlarning taktik mag‘lubiyatlari ham «g‘olib» Isroilga uzoq muddat nafas rostlashga imkon bermaydi. Oktyabr boshidagi voqealar ko‘rsatganidek, jismoniy to‘siqlar yaratish ham — devorlar va harbiy bazalar tarmog‘idan tortib kuchli havo hujumidan mudofaa tizimlarigacha — muammoni uzoq muddat uchun hal qila olmaydi. Falastin va Livandagi guruhlar sulh uchun taqdim etilgan muddatni ushbu to‘siqlarni qanday buzib o‘tish va yana hujum qilish yo‘lini topishga sarflamoqda.
G‘azodagi amaliyotning dastlabki bosqichidayoq Isroil ikki frontda jang qilish zarurati bilan to‘qnashgandi — «Hizbulloh» keng ko‘lamli urush boshlamagan bo‘lsa-da, ammo butun yil davomida chegarada keskinlik saqlab turdi. Tashkilot Isroil G‘azoda Hamas bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishsagina, chegara ortidan hujumlarini to‘xtatishini bildirgandi. Hamas esa ko‘p jihatdan «Hizbulloh»ning qarshi hujumiga umid qilgan holda qarshilikni davom ettirgandi.
«Hal qiluvchi g‘alaba» konsepsiyasi Livanda qanday ish beradi?
Isroil Hamasni yordam umididan mahrum etish uchun «Hizbulloh» tomonidan tahdidni bartaraf etishga qaror qildi. Livandagi guruhni deyarli barcha yetakchilaridan, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarining katta qismidan mahrum qilgan kuchli preventiv (oldini oluvchi) zarba «hal qiluvchi g‘alaba» konsepsiyasida tasvirlangan prinsiplarga asoslangandi: so‘nggi yillarda belgilab olingan «nishonlar bazasi» bo‘ylab minglab zarbalar yo‘llandi.
Natijalarga qaraganda, ushbu bazadagi ma’lumotlar sifati, G‘azodagidan ancha yaxshiroq edi. «Hizbulloh» hozircha yoppasiga javob zarbasi yo‘llamadi (uning uchun bu ishni Eron amalga oshirdi; 7 oktyabrga o‘tar kechasi esa guruh raketalari baribir Hayfaga qadar yetib bordi).
Ammo Isroil «Hizbulloh»ni o‘yindan chiqarish uchun uning harbiy salohiyatini yetarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo‘lgani fakt emas. Katta ehtimol bilan, «hal qiluvchi g‘alaba» uchun guruhning maskirovka qilingan, jumladan, ko‘lami bo‘yicha «G‘azo metrosi»dan kattaroq bo‘lgan yerosti pozitsiyalarini aniqlash maqsadida Livanning ancha ichkari hududlariga ham quruqlik reydlari o‘tkazish talab etiladi.
Mavzuga oid
00:02
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
15:12 / 21.12.2024
O‘zbekiston elchisi Isroil tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024