Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘n davlat TIV rahbarlari: G‘azoda gumanitar vaziyat yomonlashdi
Kuchli yomg‘irlar fonida G‘azo sektordagi 740 000 kishi oqova suvlar bilan suv bosish xavfi ostida ekani haqida Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar tashqi ishlar vazirlarining bayonotida aytildi. Ular Isroilni zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.
Foto: Reuters
Kuchli yomg‘irlar va havo haroratining pasayishi sabab G‘azo sektordagi vaziyat yomonlashdi. Shu munosabat bilan Kanada, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Islandiya, Yaponiya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveytsariya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Hujjat seshanba, 30 dekabr kuni Buyuk Britaniya hukumatining saytida joylashtirildi.
“Qish kelishi bilan G‘azodagi tinch aholi dahshatli sharoitlarga duch kelmoqda”, — deb qayd etdi tashqi siyosat idoralari rahbarlari. Ular ma’lumotlariga ko‘ra, 1,3 million kishi turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan yordamga muhtoj. Eksklavdagi tibbiy muassasalarning yarmidan ko‘pi faqat qisman ishlayapti va jihozlar hamda materiallar yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Infratuzilmaning to‘liq inqirozi oqibatida 740 000 kishi oqova suvlar bilan suv bosish xavfi ostida qolgani hujjatda ko‘rsatilgan.
Shu munosabat bilan bayonot mualliflari Isroilni shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Xususan, hujjat tuzuvchilari ta’kidlashicha, Isroil hukumati xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT)ga G‘azoda “doimiy va oldindan bashorat qilinadigan asosda” faoliyat yuritish imkonini ta’minlashi kerak.
Hujjatda eslatilishicha, 2026 yil boshidan boshlab hamkor NNTning ko‘pchiligi Isroil hokimiyati talablari sabab G‘azoda ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, u yerdagi har uchinchi tibbiy muassasa yopilishi ta’kidlangan.
Tashqi ishlar vazirlari qayd etishicha, Isroil hukumati BMT va uning hamkorlari, jumladan Falastin qochqinlariga yordam ko‘rsatish va ishlarini tashkil etish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi o‘z ishini davom ettira olishini ta’minlashi lozim. Shuningdek, Isroil hokimiyati “ikki maqsadli tovarlar” importiga qo‘yilgan “asossiz cheklovlar”ni ham bekor qilishi kerak — bunga zudlik bilan zarur tibbiy jihozlar va turar joy qurish uchun texnikalar ham kiradi. Nihoyat, vazirlar fikricha, “chegaradagi o‘tish punktlari ochilishi va G‘azoga gumanitar yordam oqimi ko‘paytirilishi” zarur.
Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabr kuni keskinlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS harakati Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Jangchilar Isroilga ommaviy raketalar hujumini amalga oshirib, uning hududiga kirib bordi va taxminan 1200 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, jangchilar 250 nafardan ortiq garovga olinganlarni tutqun qilib, ularni G‘azo sektoriga olib ketdi. Garovdagilarning bir qismi almashinuv yoki ozod qilish orqali qaytarilgan, bir qismi halok bo‘lgan.
Isroil javoban HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azoda quruqlik amaliyoti va bombardimonlar natijasida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 169 mingdan ziyod kishi yaralangan.
G‘azo sektorda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv Misrda 13 oktyabr kuniga kelib erishilgan. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvlar bajarilishining kafillari sifatida AQSh, Turkiya, Qatar va Misr chiqqan.
Mavzuga oid
15:41 / 20.12.2025
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
23:30 / 14.12.2025
Erdo‘g‘an Turkiyaning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmasligini aytdi
22:21 / 12.12.2025
G‘azoda og‘ir humanitar vaziyat: yuzlab chodirlarni suv bosdi
16:16 / 11.12.2025