Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Nigeriyada IShID obektlariga zarba berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida amerikalik harbiylar uning buyrug‘iga binoan IShID guruhining Nigeriya shimoli-sharqidagi pozitsiyalari bo‘ylab zarba berganini ma’lum qildi.
Foto: US Department of Defense
Tramp o‘zi «terrorchi chiqindilar» deb atagan jangarilar «ko‘p yillar va hatto asrlar davomida misli ko‘rilmagan darajada asosan begunoh nasroniylarga hujum qilishgani va shafqatsizlarcha o‘ldirib kelishgani»ni aytgan.
«Men oldinroq bu terrorchilarni ogohlantirgan edim: agar ular nasroniylarni qirib tashlashni to‘xtatmasa, bu juda qimmatga tushadi. Bugun kechqurun shu narsa ro‘y berdi. Urush vazirligi [Tramp AQSh mudofaa vazirligini shunday qayta nomlagan] ko‘p sonli ideal zarbalar yo‘lladi, bunaqasini faqat Qo‘shma Shtatlar qila oladi», – deya yozdi Oq uy rahbari.
«Parvardigor bizning harbiylarimizni yorlaqasin va barchaga ROJDeSTVO MUBORAK bo‘lsin, jumladan, agar nasroniylarni o‘ldirishni to‘xtatmaydigan bo‘lsa, ko‘proq bo‘ladigan o‘lik terrorchilarga ham», – degan Tramp.
U aynan qaysi obektlar zarbaga uchraganiga aniqlik kiritmagan.
AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo‘mondonligi (AFRICOM) X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida zarbalar «Nigeriya hukumati so‘rovi bilan yo‘llangani»ni ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Amerika harbiylarining dastlabki xabarida nishonlar «Soboto» deb nomlangan shtatda joylashgani aytilgandi. Nigeriyada bunday nomli region yo‘q, ammo Sokoto shtati bor va u mamlakatning shimoli-g‘arbida joylashgan bo‘lib, u yerda asosan musulmon aholi istiqomat qiladi; bu regionda jangarilarning hujumlari tez-tez sodir bo‘lib turadi.
Keyinroq amerikalik harbiylar dastlabki xabarini o‘chirib tashladi va yangi postda shtat nomi to‘g‘ri ko‘rsatildi.
AFRICOM bayonotiga ko‘ra, zarba oqibatida «„IShID“ning ko‘plab terrorchilari» o‘ldirilgan.
«„IShID“ga qarshi berilgan ajalvor zarbalar armiyamiz qudratini hamda mamlakat ichkarisida va tashqarisida amerikaliklarga qarshi terrorchilik tahdidlarini yo‘q qilishga sodiqligimizni namoyish etdi», – deya yozgan AFRICOM.
Nigeriya hukumati nima deydi?
Nigeriya Tashqi ishlar vazirligi zarbalar AQSh bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik doirasida berilganini ma’lum qildi.
«Natijada Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy hududida yuqori aniqlikdagi havo hujumlari amalga oshirildi», – deyiladi mamlakat tashqi siyosat idorasi xabarida.
Nigeriya tashqi ishlar vaziri Yusuf Maytama Tuggar BBC’ga bergan intervyusida bu terrorchilarga qarshi qaratilgan «qo‘shma operatsiya» bo‘lgani va uning «hech qanday din bilan aloqasi yo‘qligi»ni aytdi.
Tuggar yangi zarbalar berilishini istisno qilmadi, biroq «bu boradagi qarorlarni ikki davlat rahbarlari qabul qilishi kerakligi»ni ta’kidladi.
Bu orada Pentagon harbiy kemadan kamida bitta raketa uchirilgani aks etgan videoni e’lon qildi.
Reuters agentligi AQSh mudofaa vazirligining ismi oshkor etilmagan xodimiga tayanib yozishicha, zarbalar «IShID» harbiy lagerlarida bo‘lgan jangarilarga qarshi qaratilgan.
Noyabr oyida Tramp Nigeriya hukumati o‘z hududidagi xristianlarni jihodchilar hujumlaridan himoya qilishga qodir emasligini aytib, Amerika armiyasiga ushbu mamlakatdagi jangari guruhlarga qarshi harbiy harakatlarga tayyorlanishga chaqirgandi. Dekabrda esa u ushbu mamlakat fuqarolarining AQShga kirishiga qisman taqiq joriy qildi.
Amerikaning CNN telekanali xabar berishicha, 2025 yilda Nigeriyada bir necha ommaviy qotilliklar sodir bo‘lgan. Masalan, aprel oyida Nigeriya prezidenti Bola Tinubu mamlakat shimolidagi nasroniy dehqonchilik jamoasiga jangarilar hujumi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Iyun oyida esa huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, aholisining asosiy qismini nasroniylar tashkil etadigan Yyelvat qishlog‘ida 100 dan ortiq odam o‘ldirilgan.
22 noyabr kuni Nigeriya nasroniylari assotsiatsiyasi Niger shtatidagi Papiri aholi punktida joylashgan internat-maktabdan 303 nafar o‘quvchi va 12 nafar o‘qituvchi o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgandi. Keyinroq 50 nafar asir jangarilar qo‘lidan qochib qutulgani ma’lum bo‘ldi. 7 dekabr kuni AFP agentligi 100 nafar bola ozod etilganini xabar qildi. Keyinroq bolalarning barchasi qaytarilgan.
Shu bilan birga, xalqaro huquq tashkilotlariga ko‘ra, Nigeriyada xristianlar musulmonlarga qaraganda ko‘proq o‘ldiriladi deb hisoblash uchun asos yo‘q – ikki dinga e’tiqod qiluvchilar orasidagi qurbonlar soni deyarli bir xil.
Nigeriyada qanday jangari guruhlar mavjud?
«Boko Haram» va «G‘arbiy Afrikadagi IShID» harbiylashgan guruhlari o‘n yildan ortiq vaqtdan beri mamlakat shimoli-sharqidagi aholini terror qilib kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida jangarilar qo‘lida o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan.
Jangarilar mamlakat shimoli-sharqida harbiy harakatlarni boshlaganidan beri 15 yil ichida millionlab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Acled monitoring guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yildan beri jangarilarning fermerlarga hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni ikki baravardan ko‘proq oshgan.
Nigeriya markaziy qismida ham asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan cho‘ponlar hamda asosan nasroniylardan iborat bo‘lgan dehqonlar o‘rtasida suv va yaylovlar uchun to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.
«Qonga qon» tamoyili asosidagi bunday to‘qnashuvlar oqibatida ham minglab kishilar halok bo‘ladi, ammo huquq himoyachilarining fikricha, shafqatsizliklar mojaroning barcha tomonlari tomonidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin va hujumlar asosan nasroniylarga qaratilgani haqida ma’lumotlar yo‘q.
Suriyadagi ishidchilarga zarba
AQSh harbiylari 20 dekabr kuni IShIDning Suriyadagi obektlariga ham zarba bergandi. IShID jangarilari, shuningdek guruhning infratuzilma obektlari va qurol omborlari hujumga uchraganini Pentagon rahbari Pit Hegset X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Hujumga uchragan nishonlar Suriyaning markaziy mintaqalarida joylashgan bo‘lib, Mudofaa vazirligi vakiliga tayanib AFP agentligi yozishicha, jami 70 dan ortiq obekt nishonga olingan.
Hegsetning aytishicha, AQShning bu hujumi 13 dekabr kuni Palmira shahrida Suriya xavfsizlik xizmatlari va amerikalik harbiylar ishtirokidagi qo‘shma patrulga IShID jangarisi tomonidan qilingan hujumga javob bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda AQSh armiyasining ikki nafar harbiy xizmatchisi, tarjimon va ikki nafar suriyalik halok bo‘lgan.
Bundan oldin Donald Tramp guruhga hujum uchun «juda jiddiy» javob berishini va’da qilgandi. U, shuningdek, Vashington Damashq bilan aloqada ekanini ta’kidlagan – uning bayonotlaridan Suriya hukumatlari AQShning jangarilar harakatlariga javob berishiga to‘sqinlik qilmasligi ma’lum bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:21 / 26.12.2025
Seul va Vashingtonga javob: Kimning «orzu ro‘yxati»dagi yana bir qurol deyarli tayyor
14:27 / 26.12.2025
Zelenskiy: “Uitkoff va Kushner bilan juda yaxshi suhbat bo‘ldi”
14:09 / 26.12.2025
AQSh Serbiya kompaniyasiga RF ulushini sotish bo‘yicha muzokaralar uchun muddat berdi
12:41 / 26.12.2025