O‘zbekiston | 10:54 / 05.05.2021
17034
4 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi: Rossiya bilan hamkorlik dasturi bo‘yicha xavotirlar asossiz

Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari O‘zbekiston hududida joylashtirilishi ehtimolini rad etdi. Bu haqda vazirlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti bayonotida aytilgan.

Qayd etilishicha, “internet tarmog‘idagi ayrim saytlar” joriy yil 27-28 aprel kunlari Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali S.Shoyguning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha quyidagi savollarni bera boshladi: strategik sheriklik doirasida Rossiya qo‘shinlarining O‘zbekistonga kiritilish ehtimoli borligidan xavfsirash, Rossiyadagi harbiy to‘qnashuvlarga O‘zbekistonning aralashish ehtimoli borligi, g‘arb davlatlari tomonidan O‘zbekiston tashqi siyosatiga salbiy baho berish ehtimoli, Rossiyaning O‘zbekistonga ta'siri kuchayib borayotganidan norozilik va Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurati. 

“Qayd etish joizki, ushbu barcha xavotirlar mutlaqo asossiz va hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasi (1992 yil), Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi (2012 yil), Mudofaa doktrinasi (2018 yil) kabi mudofaa sohasidagi asosiy hujjatlarda bu savollarga  aniq javoblar keltirilgan.

O‘zbekiston Mudofaa doktrinasida quyidagicha yozilgan:

  • “O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan:
  • o‘z hududida chet el harbiy bazalari va obektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik; 
  • Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi”.

Rossiya qo‘shinlarining O‘zbekistonga kiritilishi hamda Rossiyaning harbiy to‘qnashuvlariga O‘zbekiston aralashishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni bo‘rttirish asossiz ekani aytiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘zining ichki va tashqi siyosatini o‘zi belgilaydigan suveren davlat ekani eslatildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi 17-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub'yektidir...”.

“Shu bois, g‘arb davlatlari tomonidan O‘zbekiston tashqi siyosatiga salbiy baho berilishi mumkinligidan qo‘rqish, Rossiyaning O‘zbekistonga ta'siri kuchayib borayotganidan norozilik va Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi to‘g‘risidagi talablar ham o‘zini oqlamaydi. 

Qayd etish joizki, O‘zbekistonning Rossiya bilan ham, Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, AQSh bilan ham hamkorligi ishonch, teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida qurilgan. 

O‘zbekiston va Rossiya Mudofaa vazirliklari o‘rtasida kengaytirilgan me'yoriy-huquqiy baza yaratilgan bo‘lib, u qurolli kuchlar faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yuritish va faollashtirish imkonini beradi. 

Bunday hamkorlikning asosini avvalambor, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2004 yil 16 iyulda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma tashkil etadi. 

Ochiq va vijdonan tan olish kerakki, bugungi kunda Rossiya O‘zbekiston aholisining tinch hayotini ta'minlash, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash maqsadida O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga qurol va harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha eng yirik sherik bo‘lib qolmoqda”, deyiladi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bayonotida.

Ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish O‘zbekiston tashqi siyosatining mantiqiy davomi ekani, Rossiya bilan hamkorlikning O‘zbekiston uchun turli oqibatlari to‘g‘risidagi bir yoqlama mulohazalar asossiz ekani aytiladi. 

Mavzuga oid