Jahon | 14:45 / 27.06.2025
10435
3 daqiqa o‘qiladi

G‘aznani o‘mardingmi, 10 barobar qilib qaytarasan – Sadir Japarov

Qirg‘iziston prezidenti g‘azna hisobidan moliyalashtirilayotgan ishlar, qurilish loyihalari, asfaltlangan yo‘llarni tekshirish uchun maxsus komissiya tuzilishini, korrupsionerlar jazodan qochib qutulolmasligini e’lon qildi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mamlakatdagi korrupsiya holatlari bo‘yicha davlat xizmatchilariga murojaat qildi.

Unga ko‘ra, sentabr oyida g‘azna hisobidan moliyalashtirilayotgan ishlar, qurilish loyihalari, asfaltlangan yo‘llarni tekshirish uchun mutaxassislardan iborat komissiya tuziladi.

«Qo‘lingga qancha pul tushganingni, qanday ish qilganingni, qancha o‘g‘irlanganini butun mamlakat bo‘ylab tekshiramiz. Buni shaxsan o‘zim nazorat qilaman. Kim o‘g‘irlagan bo‘lsa, o‘n baravar qilib qaytaradi va qamaladi. Buni unutmang... Kim ekaningizni ahamiyati yo‘q, hech kimni ayab o‘tirmaymiz. Avvalgi davrlarni unuting. Agar davlat tomonidan to‘lanadigan maosh sizni qoniqtirmasa, biznes qilish uchun keting», deb yozdi davlat rahbari.

Sadir Japarov joriy yilda To‘qmoq va Qora-Bolta shaharlariga davlat budjetidan 2 milliard qirg‘iz so‘mi ajratilganini eslatdi.

«2 milliard qirg‘iz so‘mi bilan To‘qmoq va Qora-Boltani gullab-yashnagan shaharlarga aylantirish mumkin edi. Kelgusi yilda yana 1 milliard mablag‘ ajratib, bu ikki shaharni obod qilish niyatida edik. Afsuski, mahalliy rahbarlar pudratchilar bilan birga korrupsiya botqog‘iga botgani aniq... Sentyabr oyida g‘azna hisobidan moliyalashtirilayotgan ishlar, qurilish loyihalari, asfaltlangan yo‘llarni tekshirish uchun mutaxassislardan iborat komissiya tuziladi», dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, «hozir Qirg‘iziston foyda ko‘rayotgan tabiiy resurslar cheksiz emas, ular vaqtinchalik, hamma narsa tugaydi». «Bizning abadiy kelajagimiz turizm va ishlab chiqarishda», dedi Japarov.

24 iyun kuni Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev, davlat rasmiylari va xavfsizlik kuchlari ishtirokidagi yig‘ilishda To‘qmoq shahri hokimi Maqsat Nusuvaliyev va yana bir mansabdor shaxs, qurilish tashkiloti rahbari, madaniyat va istirohat bog‘i qurilishiga mas’ul shaxslar qo‘lga olindi. Ular Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining «Korrupsiya» moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.

Mavzuga oid