Jahon | 13:27 / 07.01.2025
4534
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda qamalni kuchaytirishni ko‘zlayotgan Isroil, hamaschilarni qatl etgan Asad va Zelenskiyning bayonotlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azo sektoriga xalqaro humanitar yordam kiritishni qisqartirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Mahalliy media xabariga ko‘ra, yangi cheklovlar Donald Trampning AQSh prezidenti lavozimiga kirishishi bilan muvofiqlashtirilishi mumkin.

Isroil manbalariga ko‘ra, humanitar yordam hajmi Tramp ma’muriyati davrida sezilarli kamayishi ehtimoli bor. Qaror AQShning yangi ma’muriyati bilan kelishuv asosida qabul qilinishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Isroil G‘azoda genotsidli urush boshlaganidan buyon hududga kirish-chiqishni qattiq cheklab, inson hayoti uchun zarur mahsulotlar yetkazib berishni to‘xtatgan. Bu esa humanitar inqirozni yanada chuqurlashtirdi.

2023 yil oktyabridan boshlangan Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari 45 mingdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘ldi. BMT Xavfsizlik Kengashi esa zudlik bilan otishmalarni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qilgan bo‘lsa-da, amalda bu talab bajarilmayapti.

Asad HAMAS a’zolarini qatl qilgan

Suriya rejimi 94 nafar HAMAS yetakchisi va a’zosini hech qanday sud jarayonisiz qatl etgan. Bu haqda «Al-Quds ul-Arabiy» gazetasi HAMASga yaqin manbalarga tayanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Suriya razvedka xizmatlari tomonidan HAMAS a’zolarini hibsga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar Asad rejimi ag‘darilguniga qadar kuchda bo‘lgan. Hatto 2022 yilda HAMAS bilan Asad o‘rtasidagi munosabatlar tiklanganidan keyin ham, harakatning ko‘plab a’zolari taqdiri noma’lum bo‘lib qolgan.

HAMAS rahbariyati o‘shanda «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh orqali a’zolarni ozod qilishni so‘ragan, ammo Nasrulloh ham ularning qatl qilinganini aniqlagan bo‘lishi mumkin.

2024 yil dekabrda Asad rejimi ag‘darilishi ortidan Damashqdagi Sednaya qamoqxonasidan HAMASning bir qator yetakchilari ozod qilindi.

Entoni Blinken Ukrainadagi sulh haqida

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozircha muzokaralarga tayyor emas va har qanday o‘t ochishni to‘xtatish Vladimir Putinga qayta qurollanish va yangi hujumni boshlash imkonini beradi.

U The New York Times’ga bergan intervyusida Ukrainadagi urush, uning istiqbollari va Bayden ma’muriyatining yordami haqida fikr bildirdi.

Blinkenning ta’kidlashicha, Putinning harakatlari Ukraina xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, Bayden ma’muriyatining harakatlari Ukrainaga hujumlarga bardosh berish va kelajakda ravnaq topishi uchun sharoit yaratganini ta’kidladi.

Davlat kotibi Rossiyaning Kursk oblastidagi vaziyatga ham e’tibor qaratdi va bu hududdagi mavqe kelgusi muzokaralar uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, Ukraina xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yetarli kafolatlar kerakligini ta’kidlab, Rossiyaga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish zarurligini qayd etdi. Uning fikricha, Putin muvaqqat sulhdan so‘ng qayta qurollanib, yana hujum boshlashga urinishi mumkin.

Zelenskiy NATOga a’zolik haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik bloger Leks Fridmanga bergan intervyusida NATOga qo‘shilish imkoniyati va Rossiya bosib olgan hududlardan voz kechish ehtimolini muhokama qildi.

Zelenskiyning ta’kidiga ko‘ra, agar Ukrainaga NATOga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif bildirilsa va alyansga Rossiya nazoratidan tashqaridagi hududlar qo‘shiladigan bo‘lsa, bu masala muhokama qilinishi mumkin. Shunga qaramay, u urushni diplomatik yo‘l orqali tugatish muhimligini qayd etdi.

Zelenskiy shuningdek, Ukrainaga harbiy yordam paketini nazarda tutish zarurligini ta’kidladi. Bu borada asosiy qaror AQSh irodasiga bog‘liq ekanini va Yevropa Ittifoqi ham o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligini aytdi.

Zelenskiy Donald Trampni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Maqsad Rossiya energetikasini xalqaro bozordan chiqarish. Shu bilan birga, u Budapesht memorandumini imzolagan AQSh va Buyuk Britaniyani tanqid qildi va bu memorandumni «xavfsizlik kafolati» emas, deb atadi.

Lukashenko Zelenskiydan kechirim so‘raganmi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shu intervyusida 2022 yil fevralida Rossiya-Ukraina urushi boshlangan paytda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko unga qo‘ng‘iroq qilib, kechirim so‘raganini da’vo qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko hujumlar uchun bor mas’uliyatni Vladimir Putinga yuklagan va uning o‘zi agressiyani istamaganini bildirgan.

Zelenskiy buni «Lukashenko Putin bilan birga qotil» deb rad etgan. Uning aytishicha, Lukashenko Kiyevni taslim bo‘lishga ko‘ndirishga ham uringan. Shuningdek, u Ukrainaga qasos sifatida Belarusning Mozir shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba berishini taklif qilgan.

Belarus hukumati Zelenskiyning bu da’volarni rad etdi. Lukashenkoning matbuot kotibi Nataliya Eysmont Belarus prezidentining Zelenskiydan kechirim so‘raganini rad etib, «Belarus kechirim so‘rashiga asos yo‘q, chunki sanksiyalarni avvalo Ukraina joriy qilgan», — dedi.

Minskning Moskva bilan yaqin aloqasi davom etmoqda. Belarus hududidan hamon Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga hujum uyushtirishda foydalanmoqda.

Aliyev yana Rossiyani aviahalokatda aybladi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Oqtov yaqinidagi aviahalokatda omon qolgan ekipaj a’zolari va halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. U Rossiya vakillarini fuqarolar o‘limida aybladi va ochiq-oshkora surishtiruv o‘tkazishni talab qildi.

«Fojiadagi ayb Rossiya Federatsiyasi vakillarida. Biz adolat, aybdorlarni jazolash va to‘liq shaffoflikni talab qilamiz», — dedi Aliyev.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya o‘z havo kengliklarini yopganda, qoidalarga amal qilganda va tizimli muvofiqlikni ta’minlash choralarini ko‘rganida, halokatning oldini olish mumkin edi.

Shuningdek, Aliyev Rossiya vakillarining fojiani boshqa omillar bilan izohlashga urinishlarini keskin tanqid qildi. «Qora quti» ma’lumotlari Ozarboyjon talabi bilan Braziliyada tahlil qilinmoqda. Aliyev natijalar yaqin kunlarda e’lon qilinishini va voqea yuzasidan to‘liq tasavvur hosil bo‘lishini ta’kidladi. Rossiya vakillari hozircha bu bayonotga izoh bermagan.

Rossiya va Eron strategik sherik

2025 yil 17 yanvar kuni Moskvada Rossiya va Eron o‘rtasida yangi strategik sheriklik shartnomasi imzolanadi. Yangilangan hujjat savdo, iqtisod, energetika, mudofaa va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy kelishuvning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada kengaygani tufayli yangilanganini ta’kidladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shartnoma mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlashga qaratilganini qayd etdi.

Eron elchisi Kozim Jaloliyga ko‘ra, hujjat Vladimir Putin va Mas’ud Pizishkiyon uchrashuvida imzolanadi. Newsweek ma’lumoticha, kelishuv Donald Trampning inauguratsiyasidan avval imzolanishi mumkin.

Kanada bosh vaziri iste’fo berdi

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Liberal partiya rahbarligidan va bosh vazirlikdan iste’fo berishini e’lon qildi. Partiya yangi yetakchini saylaguncha, parlament ishi 24 martgacha to‘xtatiladi.

Tryudo o‘z qarorini ichki kelishmovchiliklar tufayli kelgusi saylovlarda eng yaxshi nomzod bo‘lolmasligi bilan izohladi. 2015 yilda liberallarni hukumatga olib kelgan Tryudo pandemiya oqibatlari, muhojirlar oqimi, uy-joy bozoridagi muammolar va inflatsiya tufayli ko‘p bora tanqidlarga uchragan.

Moliya vazirining kutilmagan iste’fosi hamda yuqori narxlar sababli bosim kuchaygani ham bosh vazirning ketishiga sabab bo‘ldi.

Tayvanda dengiz kabeli zararlandi

Tayvan Xitoyga tegishli deb taxmin qilingan va Kamerun bayrog‘i ostida suzgan kema uning shimoliy sohili yaqinidagi «Transtinchokean ekspress» internet kabelini zararlaganini bildirdi.

Rasmiylarga ko‘ra, kema aslida Xitoyning Jie Yang Trading Limited kompaniyasiga mansub.

Chunghwa telekom kompaniyasi ma’lumot almashinuvini boshqa xalqaro kabellarga qayta yo‘naltirib, internet aloqasini qayta tikladi. Tayvan kapitanni so‘roq qilish imkoniyati yo‘qligi sababli Janubiy Koreyadan surishtiruvda yordam so‘radi.

Avvalroq, Boltiq dengizida shunga o‘xshash holatda Rossiyaga tegishli kema Estoniya va Finlandiya orasidagi aloqa hamda elektr kabellari va gaz quvuriga zarar yetkazgan edi.

Mavzuga oid