Jahon | 15:25 / 05.01.2026
3856
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning davom etayotgan tahdidlari, Yamanda avj olgan mojaro va Shveytsariyadagi dahshatli yong‘in qurbonlari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp yana Venesuelaga tahdid qildi

2026 yilning ilk haftasi «juda dahshatli» boshlandi deyish mumkin. Deyarli hammamiz Venesuelada hokimiyat ag‘darilishi haqida eshitgan bo‘lsak kerak. Xususan, 3 yanvar kuni AQSh Karakasga havo zarbalari berib, suveren davlat poytaxtida harbiy operatsiya o‘tkazdi. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, AQShga keltirildi.

Maduro hozir Nyu Yorkdagi hibsxona markazida bo‘lib, dushanba kuni giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar yuzasidan sudga chiqishi kutilmoqda. Uning qo‘lga olinishi neftga boy Venesuelada chuqur noaniqlikni yuzaga keltirdi.

4 yanvarga kelib AQSh prezidenti Donald Tramp agar Maduro qo‘lga olinganidan keyin hukumatning qolgan a’zolari hamkorlik qilmasa, Venesuelaga ikkinchi harbiy zarba berilishi mumkinligini aytdi.

Oq uy ma’muriyati yangi hukumatni o‘rnatish uchun saylov o‘tkazishga undashdan ko‘ra, Maduro rejimining qolgan a’zolari bilan hamkorlik qilib, narkotrafikka qarshi choralarni kuchaytirmoqchi.

Venesuela hukumatining lavozimida qolgan yuqori martabali amaldorlari esa Maduroning hibsga olinishi o‘g‘irlash jinoyati ekanini aytmoqda. Vitse-prezident va neft vaziri hisoblangan Delsi Rodriges Venesuelaning oliy sudi roziligi bilan vaqtincha yetakchilikni o‘z zimmasiga olgan.

Tramp agar yangi rahbar «to‘g‘ri ish qilmasa», Maduroning o‘zidan ham qimmatroq narx to‘lashi mumkinligini aytdi.

Bundan tashqari, Tramp agar Kolumbiya hamda Meksika AQShga noqonuniy giyohvand moddalar oqimini kamaytirmasa, ular ham harbiy choralar bilan yuzlashishi mumkinligini anglatdi.

Shuningdek, Tramp Venesuelaning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Kuba ham AQSh harbiy aralashuvisiz «o‘z-o‘zidan qulashga tayyor ko‘rinadi», dedi.

Ko‘plab davlatlar Maduroni qo‘llab-quvvatlamasa-da, AQShdan xalqaro huquqni hurmat qilishni so‘rab, bayonotlar berdi. BMT Xavfsizlik Kengashi dushanba kuni masalani muhokama qiladi. Rossiya va Xitoy ham AQShni tanqid qildi.

Yamanda avj olgan mojaro

4 yanvar kuni Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlar port shahar Mukallani to‘liq qayta egalladi va shahar bo‘ylab joylashdi. Hadramaut viloyatining markazi bir necha kun davom etgan Saudiya havo zarbalaridan so‘ng qayta nazoratga olingan.

Associated Press'ga ko‘ra, videolarda Milliy qalqon kuchlari qurollangan mashinalarda ko‘chalardan o‘tayotgani tasvirlangan.

BAA tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Janubiy O‘tish kengashi o‘tgan oy Hadramaut va Mahra viloyatlariga kirib, neftga boy hududni egallab olgan edi. Shundan so‘ng, Yamanda BAA va Saudiya o‘rtasida keskinlik boshlandi.

Yaman o‘n yildan ortiq vaqtdan beri fuqarolar urushiga botgan: husiylar mamlakat shimolining katta qismini nazorat qiladi, Saudiya boshchiligidagi koalitsiya esa janubda xalqaro tan olingan hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq Birlashgan Arab Amirliklari ham Yaman hukumati ichida separatist guruhlarni qo‘llaydi. Bu esa Saudiyaning jahlini chiqarmoqda.

Buning ortidan husiylarga qarshi ittifoqning ichidagi katta bo‘linish boshlangan: so‘nggi haftalarda Saudiya Arabistoni Janubiy O‘tish kengashi pozitsiyalarini bombardimon qildi. Qirollik harbiylari BAA qurollari yuklangani aytilgan portni ham nishonga oldi. Saudiya bosimi va husiylarga qarshi kuchlarning Yamandan chiqib ketish bo‘yicha ultimatumidan so‘ng BAA shanba kuni o‘z kuchlarini olib chiqqanini e’lon qildi.

Shveytsariyadagi dahshatli yong‘in

Shveytsariyaning Krans-Montana chang‘i kurortidagi barda 1 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash va yong‘inda halok bo‘lgan 40 kishining jasadi politsiya tomonidan aniqlandi.

Qurbonlarning yoshi 14 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan. Ularning 15 nafari 18 yoshga to‘lmagan. Halok bo‘lganlar orasida 8 davlat fuqarolari bor. Halok bo‘lgan 40 kishidan tashqari yana 119 kishi jarohatlangan. Ularning aksariyatida og‘ir kuyishlar mavjud — olti kishining kuyishlari shunchalik og‘irki, ularning shaxsi hanuz aniqlanmagan.

Dastlabki tergovga ko‘ra, shishalarga o‘rnatilgan uchqunli shamlar tomga juda yaqin ko‘tarilgani yong‘inga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bar ichidan olingan videolarda shift qoplamasi yonib ketgani ko‘rinadi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, bar egalari bo‘lgan fransiyalik er-xotin «ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirish, tan jarohati yetkazish va yong‘in sodir etish»da gumon qilinmoqda.

G‘azodagi humanitar tashkilotlarga taqiq

Isroil G‘azoda faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq humanitar tashkilotlarning litsenziyalarini bekor qilishini bildirdi.

Bu taqiq sulhga qaramay 2 milliondan ortiq falastinlik humanitar inqirozga duch kelayotgan bir paytda yordam ishlarini yanada qiyinlashtirmoqda. BMTga ko‘ra, G‘azoda ocharchilikning oldi olingan bo‘lsa-da, oilalarning chorak qismidan ko‘prog‘i kuniga faqat bir mahal ovqat yeydi. Oziq-ovqat narxlari yetib bo‘lmas darajada qimmat, 1 milliondan ortiq odamga qish bo‘ronlari ostida yaxshiroq chodirlar kerak.

Lisenziyasi bekor qilingan 37 ta tashkilot esa G‘azoda BMT agentliklari bilan bir qatorda ishlayotgan nodavlat tashkilotlarning eng yiriklaridan edi. Ular chodir va suv ta’minlashdan tortib, klinikalar va tibbiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan xizmatlarni bajargan.

Ushbu guruhlar 1 martgacha faoliyatini to‘xtatishi kerakligi aytildi. O‘tgan hafta BMT va yetakchi nodavlat tashkilotlar e’lon qilgan qo‘shma bayonotda Isroil tomonidan litsenziyasi saqlab qolingan tashkilotlar «hatto shoshilinch va eng asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun ham yetarli emasligi» aytilgan.

Yil boshida Isroil G‘azoda ishlayotgan yordam tashkilotlari uchun ro‘yxatdan o‘tishning yangi talablarini joriy qildi. Eng asosiysi, guruhlardan mahalliy va xalqaro xodimlarning ismlari hamda shaxsiy ma’lumotlarini topshirishni talab qildi, shuningdek, Isroilni tanqid qilgan guruhlarni taqiqlashini bildirdi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni Isroilning o‘ta o‘ng qanot, radikal vakillari tomonidan boshqariladi.

Yordam tashkilotlari esa xodimlar haqidagi ma’lumotlarni Isroilga topshirish ularni xavf ostiga qo‘yishidan qo‘rqqani uchun talabga bo‘ysunmagan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, urush davomida Isroil harbiylari G‘azoda 500 dan ortiq yordam xodimlarini o‘ldirgan.

Nigeriyada qurolli hujum

Nigeriyaning Niger shtatida qurollangan shaxslar bir qishloqqa zo‘ravonlik bilan bostirib kirib, kamida 30 kishini o‘ldirdi. Shtat politsiyasi xabariga ko‘ra, hujumchilar shanba kuni Kasuvan-Daji qishlog‘i yaqinidagi o‘rmondan chiqib kelgan, mahalliy bozorni yoqib yuborgan. Ular do‘konlarni talagan va noma’lum miqdordagi odamlarni o‘g‘irlab ketgan.

«Qurollangan shaxslar mototsikllarda shaharchaga kirib kelishdi, odamlarni bir joyga to‘plab, so‘ng ularni so‘yib tashlashdi, boshqalari esa otib o‘ldirildi», dedi bir mahalliy jurnalist BBC bilan suhbatda.

Nigeriyada yillar davomida «banditlar» deb ataladigan qurolli jinoyatchi guruhlar tomonidan hujumlar va odam o‘g‘irlash muammo bo‘lib kelmoqda. So‘nggi paytlarda mamlakatning g‘arbiy va markaziy hududlarida bunday xabarlar keskin ko‘paydi. Xususan, ushbu hujum ham — Niger shtati maktablaridan yuzlab bolalar o‘g‘irlanganidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi.

Niger shtati politsiyasining aytishicha, jarohatlanganlarga yordam berish uchun favqulodda guruh yuborilgan. Xavfsizlik kuchlari o‘g‘irlab ketilganlarni qutqarish ustida ishlamoqda.

Britaniya va Fransiya IShID omboriga zarba berdi

Buyuk Britaniya havo kuchlarining Typhoon qiruvchi samolyotlari Fransiya aviatsiyasi bilan birgalikda Suriyada «IShID»ning yerosti qurol omboriga qo‘shma zarba berdi.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, «sinchkov» razvedka tahlili rasmiylarni bu obekt qurol va portlovchi moddalarni saqlash uchun ishlatilganiga ishontirgan. U qadimiy yodgorlik bo‘lgan Palmiraning shimolida joylashgan tog‘li hududda bo‘lgan.

«Samolyotlarimiz boshqariladigan bombalardan foydalanib, obektga olib boruvchi bir necha kirish tunnellarini nishonga oldi… dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, nishon muvaffaqiyatli zararlangan», deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlikka ko‘ra, Qirollik samolyotlari 2019 yildan keyin IShIDning «qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik» uchun Suriya ustida patrul parvozlarini amalga oshirib kelmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozir ham Suriya va Iroqdagi IShID guruhlari safida 5 mingdan 7 minggacha jangari mavjud. O‘tgan yili noyabr oyida Ahmad ash-Shar’a rahbarligidagi Suriya ham IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilgandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid