Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Grenlandiyani ko‘zlayotgan Tramp, Yaponiyaga Xitoydan iqtisodiy zarba, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida siljish – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Grenlandiyani ham olmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani qo‘lga kiritish uchun «turli variantlarni», jumladan, harbiy kuchdan foydalanishni ham muhokama qilmoqda.
«Prezident va uning jamoasi ushbu muhim tashqi siyosiy maqsadga erishish uchun turli variantlarni muhokama qilmoqda. Albatta, AQSh harbiy kuchidan foydalanish har doim Oliy qo‘mondon ixtiyoridagi variant hisoblanadi», dedi Kerolin Levit.
Bu bayonot Yevropa yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatlab qo‘shma bayonot chiqarganidan bir necha soat o‘tib yangradi. Daniya Trampning Arktikadagi orol bo‘yicha da’volariga qarshi chiqib kelmoqda.
«Grenlandiya uning xalqiga tegishli. Faqat Daniya va Grenlandiya o‘zaro munosabatlariga oid masalalarni hal qilishi mumkin», — deyiladi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya yetakchilari imzolagan qo‘shma bayonotda.
Ular Arktika xavfsizligi AQSh uchun qanchalik muhim bo‘lsa, o‘zlari uchun ham shunchalik muhim ekanini ta’kidlab, bu NATO ittifoqchilari, jumladan, AQSh bilan «jamoaviy» tarzda ta’minlanishi kerakligini aytdi.
Grenlandiya masalasi AQShning Venesuelaga harbiy aralashuvi fonida yana kun tartibiga chiqdi. Chunki o‘sha operatsiyadan keyin Trampning yaqin insonlaridan biri Grenlandiya xaritasini AQSh bayrog‘i ranglarida joylab, yoniga «TEZ ORADA» degan yozuvni qo‘shgandi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa Kongressdagi yopiq yig‘ilishda Tramp ma’muriyati Grenlandiyaga bostirib kirishni rejalashtirmayotganini, ammo uni Daniyadan sotib olish ehtimoli muhokama qilinayotganini aytgan.
Yaman separatistlarining boshlig‘i qochib ketdi
Yamanning Janubiy o‘tish kengashi rahbari Aidarus az-Zubaydi Ar-Riyodga uchishi kerak bo‘lgan samolyotga chiqolmadi va buning o‘rniga noma’lum yo‘nalishga qochib ketdi. Bu haqda Yamanda Saudiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hukumat kuchlari ma’lum qildi.
Zubaydi Yamanning janubi masalasi bo‘yicha forumda qatnashish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi kerak edi.
Koalitsiya vakili Turki al-Malikiy bayonotida aytishicha, separatist guruhning ko‘plab yuqori martabali rahbarlari bo‘lgan reys uch soatdan ortiq kechikkanidan so‘ng Zubaydisiz uchib ketgan. Uning qayerda ekani haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan.
Kechikish vaqtida «u katta kuchlarni joylashtirayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi», dedi Malikiy.
Koalitsiya, shuningdek, separatistlar lagerlarni tark etib harakatlanayotganini kuzatgach, Yamanning janubiga havo hujumlari uyushtirgan.
Bayonot o‘tgan oy BAA qo‘llaydigan separatistlar va Saudiya qo‘llaydigan hukumat o‘rtasida boshlangan janglarni to‘xtatish harakatlari fonida yangradi. Bu to‘qnashuv ikki boy arab davlati o‘rtasida jiddiy nizo keltirib chiqargan.
BAA va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kelishmovchilik aslida husiylarga qarshi tuzilgan koalitsiyaning o‘zini parchalab yubormoqda.
AQSh Venesuela neftini sotib oladi
AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, Karakas va Vashington Venesuela neftining qiymati 2 milliard dollargacha bo‘lgan qismini AQShga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu muhim kelishuv — ta’minotning bir qismini Xitoydan burib olishga xizmat qiladi.
Trampning aytishicha, Venesuela AQShga 30 milliondan 50 million barrelgacha «sanksiyalangan neftni topshiradi».
«Bu neft bozor narxida sotiladi. Undan tushgan mablag‘ni — Venesuela va AQSh xalqlari manfaatiga ishlatilishini ta’minlash uchun men nazorat qilaman», deb yozdi Tramp.
Tramp e’lonidan keyin AQSh neft narxlari 1,5 foizdan ko‘proqqa tushdi. Hozirda bu neft oqimi butunlay Chevron kompaniyasi nazoratida. AQSh ruxsati ostida ishlaydigan bu kompaniya blokada davrida ham yuklash va jo‘natishni to‘xtatmagan yagona kompaniya bo‘lib qolmoqda. Boshqa kompaniyalar ham yana Venesuela yuklarini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mazkur bitim Venesuela hukumati Trampning AQSh neft kompaniyalariga ochilish talabiga javob qaytarayotganining kuchli belgisidir.
Venesuelaning o‘zida esa allaqachon saqlash quvvatlari tugab borayotgani sababli ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘lgan. Agar eksport yo‘li tez orada ochilmasa, ishlab chiqarishni yana kamaytirishga to‘g‘ri keladi.
Xitoydan yana Yaponiyaga «zarba»
Xitoy Yaponiyaga ikki maqsadli mahsulotlar eksportini taqiqlash haqida qaror chiqardi. Yaponiya hukumatining eng yuqori darajadagi vakili esa bu qarorni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va chuqur afsuslanarli» deb atadi.
Ikki maqsadli mahsulotlar — bu fuqarolik ham, harbiy sohada ham ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlar, dasturiy ta’minot yoki texnologiyalar bo‘lib, ular dronlar va chiplar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ayrim nodir yer elementlarini ham o‘z ichiga oladi.
China Daily gazetasi Pekin, shuningdek, Yaponiyaga nodir yer elementlari eksportiga litsenziya berishni kengroq miqyosda qat’iylashtirishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday qadam ishlab chiqarishga tayanadigan Yaponiya iqtisodiyoti uchun, jumladan, muhim avtomobilsozlik sektori uchun ham keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Yaponiyaga nodir yer elementlari importining qariyb 60 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.
Osiyoning eng yirik ikki iqtisodiyoti o‘rtasidagi diplomatik mojaro bir necha oydan beri kuchayib bormoqda. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi o‘tgan yil oxirida Pekin bilan kelishmovchilikka sababchi bo‘lgan edi. U demokratik tarzda boshqariladigan Tayvanga Xitoy hujumi Yaponiya tomonidan harbiy javobga sabab bo‘lishini aytgandi. Pekin undan bu so‘zlarini qaytarib olishni talab qildi, biroq u buni qilmagan.
Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari
AQSh ilk bor Ukraina ittifoqchilarining keng koalitsiyasini ochiq qo‘llab-quvvatlab, agar Rossiya yana hujum qilsa, Kiyevni qo‘llash bo‘yicha majburiy kafolatlar berilishini va’da qildi.
Bu va’da Parijda Yevropa davlatlaridan iborat «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammitida yangradi. Sammit Rossiya bilan ehtimoliy sulh tuzilsa, Kiyevni ishontirish uchun xavfsizlik kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan edi.
Avvalgi koalitsiya yig‘ilishlaridan farqli o‘laroq, bu safargi sammitda AQSh elchilari Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, shuningdek, AQShning Yevropadagi eng yuqori martabali generali Aleksus Grinkevich ham qatnashdi. U bir kun avval yevropalik harbiy rahbarlar bilan xavfsizlik kafolatlari tafsilotlarini muhokama qilgan edi.
Rossiya bilan muzokaralarni olib borgan Uitkoff sammitdan so‘ng Tramp «xavfsizlik protokollari ortida qat’iy turibdi», dedi. Kushner esa ukrainaliklar yakuniy bitimga borsa, «bitimdan keyin ularning xavfsizligi ta’minlanganini, kuchli to‘xtatuvchi mexanizm borligini» aytdi.
Koalitsiya yetakchilari bayonotida ittifoqchilar AQSh yetakchiligidagi sulhni kuzatish va tekshirish mexanizmida qatnashishi aytildi. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh qo‘shinlarini emas, balki dronlar, sensorlar va sun’iy yo‘ldoshlarni o‘z ichiga oladi.
Fransiya va Britaniya esa sulh tuzilgach, ko‘p millatli kuchlarni joylashtirish niyati haqida hujjat imzoladi.
Noyabrdan beri qariyb to‘rt yillik urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar tezlashgan. Ammo Moskva hali yon berishga tayyor ekanini ko‘rsatmayapti. Rossiya avvaldan NATO davlatlari qo‘shinlarining Ukrainada joylashishiga qarshi chiqqan.
Mavzuga oid
15:00 / 08.01.2026
Eronda kuchaygan namoyishlar, Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerni musodara qilgan AQSh va SDFga qarshi amaliyot boshlagan Suriya – kun dayjesti
15:59 / 06.01.2026
Sudda ko‘rsatma bergan Maduro, Zelenskiy atrofidagi iste’folar va Eron yetakchisining zaxira rejasi – kun dayjesti
15:25 / 05.01.2026
Trampning davom etayotgan tahdidlari, Yamanda avj olgan mojaro va Shveytsariyadagi dahshatli yong‘in qurbonlari – kun dayjesti
17:00 / 30.12.2025