Iqtisodiyot | 14:00 / 14.08.2021
17449
14 daqiqa o‘qiladi

“Narx-navo pasayishi uchun savdodagi to‘siqlar olib tashlanishi kerak” - Behzod Hoshimov

O‘zbekistonda oziq-ovqat narxi pasayishi uchun savdodagi to‘siqlar, ya'ni bojlar va byurokratiyani olib tashlash kerak, deydi iqtisodchi Behzod Hoshimov. “Go‘shtga boj yo‘q-ku, deyishingiz mumkin, lekin iqtisodiyot shundayki, bitta tovarga qo‘yilgan boj boshqa tovarning narxi qimmatlashiga olib keladi”, deya tushuntiradi u.

AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida sohalarni rivojlantirishga berilayotgan imtiyozlar va ularning iqtisodiyotga ta'siri, mahalliy budjetlarning bir qismi fuqarolar takliflari asosida taqsimlanishi va xususiylashtirish jarayonlari haqida atroflicha so‘z yuritdi.

To‘liq intervyuni yuqoridagi videoda tomosha qiling. Quyida esa suhbatning birinchi qismi matn shaklida taqdim etiladi. Unda turli tarmoqlarni rivojlantirish uchun imtiyozlar va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari haqida so‘z boradi.

Imtiyozlarning ko‘pligi bozordagi muvozanatni buzadi, deydi suhbatdoshimiz.

“Biror sohaga imtiyoz berish – qayerga pul tikishni bozordan ko‘ra men yaxshiroq bilaman deyishga teng”

— Iqtisodiyotning u yoki bu sohasiga imtiyoz va preferensiyalar berilishining iqtisodiy oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Chorvachilik yoki parrandachilik kabi tarmoqlarga imtiyozlar berilishi bu sohalarning kelgusida rivojlanib ketishiga sabab bo‘la oladimi?

— Qonuniyat tariqasida, istisnolar va imtiyozlar yaxshi narsa emas. Lekin ba'zan mantiqqa asoslangan holda imtiyozlar taqdim etilishi ham mumkin.

Ba'zi bir xil alohida imtiyozlarning ko‘lami kichkina bo‘lgani uchun umumiy iqtisodiyotga ta'sir o‘tkazmasa-da, ko‘lami katta imtiyozlarning salbiy ta'siri bor. O‘zi, imtiyozlar berilishining sababi – o‘sha sohaga yetarlicha pul kirib bormayapti, deb hisoblash. Imtiyozlar o‘sha sohaga ko‘proq mablag‘larni jalb qilish uchun taqdim qilinadi. Buning falsafiy ildizi shundaki, biror sohaga imtiyoz berish – qayerga pul tikishni bozordan ko‘ra men yaxshiroq bilaman deyishga teng.

Bir sohaga imtiyozlarning berilishi boshqa sohalardan investitsiya va mablag‘larni, inson kapitalini kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi. Biz qaysidir sohaga imtiyoz bersak, investorlar shu sohaga pul tikishni boshlasa, ular boshqa sohalarga ajratishi mumkin bo‘lgan pulni ushbu sohaga ajrata boshlashadi, ya'ni sun'iy tarzda bozor muvozanati buziladi.

Xo‘sh, qanday hollarda imtiyoz berish mumkin? Bu o‘rinda bozorda yo‘q bo‘lgan narsalarni aytish mumkin. Ko‘plab iqtisodiy xatti-harakatlarimizning tashqi ta'sirlari bor; masalan, men bir mahsulotni ishlab chiqarsam, ekologiyaga salbiy ta'sir ko‘rsataman, ana shu salbiy jihat – tashqi ta'sir.

Bu tashqi ta'sirning jamiyatga yetkazayotgan zarari mening buxgalterlik hisob-kitoblarimda aks etmaydi. Men 100 so‘mga olib, 50 so‘m xarajat qilib, 200 so‘mdan sotyapman va 50 so‘m foyda ko‘ryapman, deb hisob-kitob qilaman, vaholanki men 50 so‘m foyda qilayotgan bo‘lsam-da, shu 50 so‘mni deb jamiyatga 100 so‘mlik zarar keltirayotgan bo‘lishim mumkin. Mana shu narsa – tashqi ta'sirlardir.

Tashqi ta'sirlar ijobiy bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ta'lim. Tadbirkor daromad ko‘rish maqsadida ta'lim muassasasi ochadi, lekin bu orqali jamiyatga bilvosita foyda ham keltiradi. Ya'ni ta'lim muassasasi ochgan tadbirkor 50 so‘m topayotgan bo‘lsa, jamiyat uning faoliyatidan 100 so‘m topayotgan bo‘lishi mumkin.

Yoki boshqa bir misol: kimdir bog‘ qilyapti. Bu bog‘ unga 0 so‘m, jamiyat uchun esa 100 so‘m foyda keltiryapti.

Demak, hukumatlar imtiyoz qo‘llaydigan sohalar ijobiy tashqi ta'sirlarga ega bo‘lishi muhim.

Shu bilan birga, salbiy tashqi ta'sirlarga ega sohalarga manfiy imtiyozlar qo‘llash ham mumkin. Masalan, ekologiyaga zarar yetkazadigan faoliyat turlari uchun soliqlarni baland qilib qo‘yish. Bu ham bozordagi muvozanatga aralashish bo‘ladi, lekin biz rag‘batlarni to‘g‘ri qo‘yishimiz kerak.

Siz aynan chorvachilik va parrandachilikni aytdingiz. Ular bozorda mavjud tadbirkorlik faoliyati bo‘lgani uchun men ularning tashqi ta'sirlarini ko‘rmayapman. Ya'ni idealda chorvachilikning juda ham ommalashib ketishi yaxshimi yoki yomonmi, degan savolga javob, menimcha, yomonga yaqin. Chunki chorvachilikning ham ekologik ta'sirlari bor. Har bir kilogramm go‘shtni yetishtirish uchun necha ming litr suv ketadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, imtiyozlar kerakmi-yo‘qmi degan savolga qisqa javob – vaziyatga qarab. Bunda biror sohaga imtiyoz berishdan oldin bu sohaning tashqi ta'sirlariga qarash kerak.

Umuman olganda esa qonuniyat tariqasida imtiyozlar berish yomon, degan bo‘lardim.

“Imtiyozlarning hisoblangan zarari haqiqiy zarardan kam bo‘ladi”

— Yaqinda Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosariga turli soliq imtiyozlari qanchalik samara bergani baholanadimi, deb savol berganimizda: “Yo‘q, baholanmaydi, lekin taklif bo‘lsa, bu qiyin ish emas” degan javob olgandik. Balki bizdagi muammo ham imtiyozlar taqdim qilinib, uning yakuniy samarasi bilan hech kim qiziqmayotganidadir?

— Muammo shundaki, imtiyozlarning natijasini buxgalterlik jihatdan hisoblab chiqsa bo‘ladi, lekin iqtisodiy oqibatlarni hisoblab bo‘lmaydi. Iqtisodiy jihati deganda men “opportunity cost”ni nazarda tutyapman.

Buni tushuntirish uchun, aytaylik, bir dehqonga ma'lum miqdorda yer berasiz va unga o‘sha yerda bug‘doy ekasan, deysiz. Dehqon o‘sha yerda bug‘doy ekadi va yilning oxirida 1 so‘m zarar ko‘radi. Siz esa aytasiz: “Ha, dehqonni bug‘doy ekishni majburlashning salbiy tomoni – u 1 so‘m zarar ko‘rdi”. Lekin 1 so‘m zarar – buxgalterlik zarari. Iqtisodiy zarari esa o‘sha dehqon bug‘doy o‘rnida boshqa narsa ekkanida nima bo‘lardi, ana shunda. Agar dehqon bug‘doy emas, masalan, kartoshka ekkanida 100 so‘m foyda qilishi mumkin edi, hozir 1 so‘m zarar qildi.

Bundan shu narsa kelib chiqadiki, dehqonni bug‘doy ekishga majburlash qarorining iqtisodiy zarari 1 so‘m emas, balki 101 so‘mni tashkil etadi.

Hozir siz imtiyozlarning samarasi haqida so‘radingiz. Lekin ular buning foyda va zararini hisoblab chiqishsa ham, hech kimda imtiyozlar bo‘lmaganida nima bo‘lishi haqidagi tasavvurlar yo‘q. Qaysidir sohaga imtiyoz berishingiz o‘sha sohaga investorlarni jalb qiladi, agar imtiyoz bermaganingizda shu sohaga sarflangan pullar qaysi sohaning rivojlanishiga sabab bo‘lgan bo‘lardi, ana shuni hisoblab bo‘lmaydi.

Oldingizda ikki yo‘l chiqsa, siz chapga ketsangiz, o‘ngga ketganingizda nimalarga erishishingiz mumkinligi haqida umuman tasavvurga ega bo‘lolmaganingizdek, imtiyozlar berilmaganida qanday natijalarga erishilishi mumkinligi haqida ham aniq tasavvur qilish mushkul. Imtiyozlardagi eng katta muammo shundaki, biz bo‘lishi mumkin narsa va bo‘lgan narsa o‘rtasidagi farqni topa olmaymiz. Natijada har doim zararlarni yetarli darajadan ancha kamroq hisoblaymiz.

Ertaga biror tashkilot falon imtiyozning zarari 2 so‘m bo‘ldi, desa, bu – buxgalterlik zarari bo‘ladi. Asl zarar ko‘lamini esa bilolmaymiz, buning uchun eksperiment qilib ko‘rish kerak bo‘ladi. Eksperiment o‘tkazish esa bu alohida mavzu.

“Imtiyozlarning siyosiy hisob-kitobi ham muhim”

— Imtiyozlar butun dunyoda bor, masalan AQShda ham. Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda taqdim qilinayotgan imtiyozlar o‘rtasida qanaqa farqlar bor?

— AQSh yoki boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham imtiyozlar bor, ammo ularda hukumatning vakolatlari ancha cheklangan. AQShni olaylik. Amerikada davlatning tijoriy korxonalari yoki davlat banklari deyarli mavjud emas. Iqtisodiyotda instrumentlar nuqtayi nazaridan hukumatning aralashuvi ancha kamroq. Qolaversa, siyosiy bosim yuqori.

Amerikada ko‘plab imtiyozlar qishloq xo‘jaligi sohasiga beriladi. Ba'zi shtatlarida soya yoki makkajo‘xori kabi ekinlarni yetishtirishga yetarlicha imtiyozlar bor. Bu imtiyozlar yaxshimi yoki yomonmi deyilsa, albatta, yomon, ammo masalaning siyosiy jihati bor: saylovlarda birinchi kokus Ayova shtatida bo‘lib o‘tadi, bu fermerlar shtati bo‘lgani uchun saylanmoqchi bo‘lgan siyosatchilar: “Biz makkajo‘xoriga subsidiyalarni olib tashlamoqchimiz”, desa, turgan gapki, saylovdan o‘ta olmaydi.

Qishloq xo‘jaligi sohalariga subsidiya berish yomonligini AQSh prezidenti ham, aksariyat kongressmenlar ham biladi, lekin bu subsidiyalardan voz kechishning siyosiy xarajatlari nihoyatda baland, shuning uchun hech kim bunga jur'at etmaydi, chunki saylovda yutqazishi mumkin.

Demak, AQShdagi imtiyozlar haqida gapirganda, bu imtiyozlarning aksari siyosiy bosim ostida berilishini ko‘zda tutish kerak.

Imtiyozlarning berilish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak ham, tor doiradagi guruhlarning hukumat va siyosatchilarni “garovga olishi” natijasida taqdim qilingan. XIX asrda po‘lat ishlab chiqaruvchilar chetdan keladigan po‘latga boj qo‘yishni hukumatdan talab qilgan. XX asrning o‘rtalarigacha esa chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillarni Amerika bozoriga olib kirish uchun bojlar bo‘lgan. Va hokazo.

Dunyo rivojlangan sari, siyosatchilar o‘zlarini mana shunday manfaatdor guruhlar bosimidan himoya qiladigan vositalarni o‘ylab topa boshlashdi. Ulardan eng muhimi – Jahon Savdo Tashkiloti.

JSTning asosiy g‘oyasi – siyosatchilarni tor doiradagi guruhlar bosimidan himoya qilish. Hozir aytaylik qaysidir po‘lat ishlab chiqaruvchi boj joriy qilish uchun kongressmenlarga bosim o‘tkazsa, ular aytadi: “O‘rtoqlar, biz sizlar xohlagan bojni qo‘yib beramiz, lekin buning ertasiga bizni JSTda sudga berishadi. Keyin bu bojlarni olib tashlashga to‘g‘ri keladi”.

Darhaqiqat, JSTdagi sudlarda eng ko‘p yutqazgan mamlakat – AQSh. Bush ham, Obama ham bojlar qo‘yardi, keyin qaysidir mamlakat AQShni sudga berar va Amerika yutqazardi.

Oldinlari kongressmenlarga Karnegi yoki Ford tomonidan bosimlar qilinsa, bojni oshirishga majbur edilar. Keyinchalik siyosatchilar o‘zlarini himoyalash uchun Jahon Savdo Tashkiloti kabi instrumentlarni joriy qilishdi.

Imtiyozlar haqida gapirganimizda, ularning turi, ko‘lami va siyosiy hisob-kitobi muhim. Demokratik mamlakatlarda bu narsalar murakkabroq.

Narx qimmatligining uchta omili

— Bir necha turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari uchun imtiyozlar berilganiga qaramay, bu mahsulotlar arzonlashmayapti. Buni qanday izohlash mumkin?

— Narxning oshishi imtiyozlarga qanchalik bog‘liq yoki bog‘liq emasligini ayta olmaymiz, chunki imtiyozlar bo‘lmaganida narx qanday bo‘lardi degan savolga javobimiz yo‘q. Lekin shunisi ma'lumki, narxning oshishiga qarshi qaysidir sohalarga imtiyozlar berish ko‘pincha yaxshi g‘oya emas, chunki bu bozordagi muvozanatni buzadi. Qanday qilib?

Gap shundaki, narxning oshishi bozordagi ishtirokchilarga mahsulotni ko‘proq ishlab chiqarish, iste'molchilarga esa kamroq iste'mol qilish signalini beradi. Bozordagi narx reallikni aks ettiradi: oziq-ovqatga narx qimmatlashyaptimi, bu – tadbirkorlar uchun signal, ya'ni ko‘proq ishlab chiqarish yoki olib kirish kerak degani. Biroq, O‘zbekistonning geografik joylashuvi sabab transport xarajatlari qimmat, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlari uchun. Ikkinchidan, bizda juda katta korrupsion va byurokratik mashina bor.

Jahon bankining mamlakatlar mahsulotlarni eksport va import qilishiga qancha vaqt ketadi degan tadqiqotida, O‘zbekiston uchun Belarusga nisbatan solishtirsangiz ham o‘nlab barobar qimmatroq va uzoqroq vaqt talab etiladi. Masalan, ma'lum bir tovarni import qilishga Polshada 1 soat talab etilsa, bizda 160 soat kerak bo‘lishi mumkin. Bu ham narxda o‘z aksini topadi.

Uchinchidan, import bojlari. Bizda nafaqat tayyor mahsulotlarga, balki xomashyo mahsulotlariga ham yuqori bojlar bor.

Bojlar yuqoriligi, transportirovka qimmatligi va byurokratiya – bular narxni qimmatlashtiradi.

Singapurga o‘xshagan ochiq bozorga ega va transport xarajatlari arzon mamlakatlarda narx oshishiga nisbatan davlatda qanaqadir instrumentlar yo‘q, chunki bozor shundoq ham ochiq.

O‘zbekistonda narx oshishiga qarshi nima qilishimiz mumkin, degan savolga javoban aytardimki, o‘zimiz qo‘ygan to‘siqlarni olib tashlaylik, narx pasayadi. To‘siqlarni olib tashlash oziq-ovqat narxiga nisbatan bosimni ancha kamaytiradi.

Siz aytishingiz mumkin, go‘shtga boj yo‘q-ku, deb. Lekin iqtisodiyotda ko‘p tovarlar bir-biriga bog‘liq. Bitta tovarga boj qo‘yishingiz boshqa tovarning narxi qimmatlashiga olib kelishi ham mumkin. Ya'ni boshqa narsalarga qo‘yilgan bojlar siz arzonlashtirmoqchi bo‘lgan mahsulotning narxiga ta'sir qilishi mumkin.

Doston Ahrorov va Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid