O‘zbekiston | 16:35 / 11.07.2025
19039
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda hakerlar fuqaroning bankka qo‘ygan katta miqdordagi omonatini o‘g‘irladi

Omonat Asakabankning Jizzax viloyati filialiga qo‘yilgan. Kiberhujum oqibatida bankning mobil ilovasi orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan omonat hisob raqamidan 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘i yechib olingan. Omonat egasi bu ishda bank xodimlarini, bank xodimlari esa uning o‘zini ayblamoqda.

Foto: REUTERS

Jizzaxda fuqaro tomonidan Asakabank Jizzax viloyati filialiga omonatga qo‘yilgan katta miqdordagi mablag‘ kiberhujum oqibatida o‘g‘irlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 19 dekabr kuni fuqaro va Asakabank Jizzax viloyati filiali o‘rtasida omonat shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, fuqaro bankka 210 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarini omonatga qo‘ygan.

Kiberhujum 2025 yil 26 may kuni uyushtirilgan: Asakabank mobil ilovasi orqali omonatchining nomiga rasmiylashtirilgan “On-line uzs mobile” omonat hisob raqamidan 3 mlrd so‘mga yaqin pul noma’lum shaxslar tomonidan yashirin ravishda yechib olingan.

Holat bo‘yicha Kun.uz'ga kelib tushgan hujjatlarda ko‘rinishicha, fuqaro bank omonat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini bildirib, bu ishda bank xodimlarining o‘zini ayblamoqda. Ya’ni mijoz Asakabankning Jizzax filiali xodimlari uning nomidan soxta bank omonati shartnomalarini tuzib, hisob varaqlaridagi pullarni rastrata qilish yo‘li bilan o‘zlashtirishgan, deb hisoblamoqda.

Bank xodimlari esa omonat pullarining kiberhujum orqali yechib olinishiga mijozning mobil telefoniga virus orqali ARK fayli o‘rnatilganini sabab qilib ko‘rsatishgan. Bunga javoban omonatchi pullar uning emas, bankning ikki bosqichli parol bilan himoyalangan hisob raqamidan yechib olinganini bildirgan.

Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi “b,v” bandlari bilan noma’lum shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid