O‘zbekiston | 23:27 / 12.07.2020
24050
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon bankidan yana 500 mln dollar qarz olindi. O‘zbekiston bankning mintaqadagi ikkinchi eng yirik hamkoriga aylanmoqda

11 iyul kuni O‘zbekiston hukumati va Jahon banki mamlakat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 500 mln dollarlik qarz bitimini imzoladi.

O‘zbekiston tomonidan bitimga Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor Liliya Burunchuk imzo chekdi.

Bitim imzolash marosimida Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamjid Xo‘jayev hamda bank va tegishli idoralarning boshqa vakillari ishtirok etdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, loyiha uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki 276 mln dollar, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi esa 224 mln dollar ajratadi.

«2017 yilda O‘zbekistonda islohotlar boshlanishi bilan Jahon bankining moliyaviy va texnik yordami sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda tashkilotning umumiy qiymati 4,4 mlrd AQSh dollariga teng 23ta loyihadan iborat O‘zbekiston bo‘yicha dasturi Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturi hisoblanadi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etish joiz, qishloq xo‘jaligi – O‘zbekiston YaIMning 28 foizini tashkil etadi. Sohaning umumiy eksportdagi ulushi 10 foizga teng.

Kredit nimalarga ishlatiladi?

Vazir Sardor Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini bozor va raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishga hissa qo‘shadi, shuningdek, qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilarimizga davlat xizmatlari taqdim etilishini sezilarli darajada yaxshilaydi.

Rasmiy xabarda qayd etilishicha, ushbu loyiha tufayli O‘zbekistonning barcha mintaqalaridagi fermerlar va agro korxonalari vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahatlar, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini o‘sishi hisobiga ularning ichki va xalqaro bozorlarda ishtiroki kengayadi.

Shuningdek, loyihada mahalliy tijorat banklarining ishtiroki tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish hamda mahsulotlarni saqlash, qadoqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratish, shuningdek, energetik va suvni tejaydigan texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olishni  nazarda tutgan holda eksportga yo‘naltirilgan qo‘shimcha qiymat zanjirlarini ko‘paytirish uchun ulardan foydalanish istiqbollari bilan uzoq muddatli kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, loyiha O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish, amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish va tarmoqqa ilg‘or ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. Loyiha tadbirlari urug‘chilikni rivojlantirish, yer va suv resurslarini boshqarish, muayyan hududlarga mo‘ljallangan agroekologik iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekistondagi o‘simliklarning noyob genetik materiallarini saqlash masalalariga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu hafta Osiyo taraqqiyot bankidan joriy inqirozni yumshatish uchun 500 mln dollar imtiyozli qarz olish bo‘yicha ham bitimlar imzolandi.

Mavzuga oid