O‘zbekiston | 21:29 / 02.07.2022
19875
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Takliflardan kelib chiqib Konstitutsiya loyihasi o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi

Prezident Nukusdagi namoyish haqida gapirarkan, shunday dedi: “Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos. Yana bir bor ta’kidlayman: fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi”.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan uchrashuvda xalqqa murojaat qildi.

“Aziz vatandoshlar!

Hurmatli Qoraqalpog‘iston xalqi!

Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.

Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.

Muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz o‘zining ko‘plab taklif va tavsiyalarini bildirmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi.

Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi.

Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi”, – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirdi uning matbuot xizmati.

Prezident Nukusda 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan namoyish haqida ham gapirib o‘tdi.

“Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.

Lekin, ayrim joylarda ushbu masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari uchramoqda.

Jumladan, loyihada ko‘zda tutilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirilgan. Buning natijasida joriy yil 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirilgan.

Ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etilgan.

Shu munosabat bilan quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlashni zarur, deb hisoblayman.

Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos.

Yana bir bor ta’kidlayman: fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qildi:

“Shundan kelib chiqqan holda hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya’ni, Konstitutsiyaning 70-, 71-, 72-, 74-, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan ushbu masalani tez kunlarda ko‘rib chiqishni so‘rayman.

Qadrli Qoraqalpog‘iston ahli!

Takror aytaman – asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylash yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir.

Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat”.

Mavzuga oid