Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya harbiylari Chasiv Yar egallanganini e’lon qildi, Ukraina tomoni buni rad etmoqda
Rossiya mudofaa vazirligi payshanba kuni Donbass markazidagi Chasiv Yar shahri egallangani haqida e’lon qildi – ushbu shahar uchun janglar 2024 yil aprelidan buyon davom etmoqda.
Foto: Getty Images
«„Janubiy“ qo‘shinlar guruhining Kramatorsk-Drujkovsk yo‘nalishidagi hujum harakatlari natijasida Chasiv Yar shahri ozod qilindi», – deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.
Shu kuni Rossiya Z-kanallarida rus askarlari shaharning turli qismlarida – zavod hududida, Levanovskiy, Shevchenko va Yujniy mikrorayonlarida bayroqlar o‘rnatayotgani aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi.
Ukraina tomoni esa Rossiya harbiylarining Chasiv Yarni egallab olgani haqidagi da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda.
«Chasiv Yardagi vaziyat so‘nggi oylardagidan o‘zgargani yo‘q», – dedi «RBK-Ukraina» nashriga «Xortitsa» qo‘shinlari guruhi rasmiysi Viktor Tregubov.
Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari shaharning sharq va shimoldan katta qismini egallashga muvaffaq bo‘lgan, ammo g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalar Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.
Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) bir kun oldin Chasiv Yarning o‘zida, shuningdek uning shimoli, shimoli-sharqi va janubida davom etayotgan janglar haqida xabar bergandi. «30 iyul kuni Rossiya qo‘shinlari Chasiv Yar yo‘nalishida hujum harakatlarini davom ettirdi, biroq tasdiqlangan progressga erisha olmadi», – deb yozgan ISW.
Baxmut uchun janglar boshlangan 2022 yildan beri Chasiv Yar Ukraina qurolli kuchlarining asosiy logistika punkti bo‘lib, kuchli zarbalarga uchragan.
Chasiv Yarning o‘zida jangovar harakatlar 2024 yil aprel oyida boshlangan. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘shanda Rossiya harbiy rahbariyati Chasiv Yarni 2024 yil 9 maygacha egallash vazifasini qo‘yganini aytgandi.
Ammo shaharni olish operatsiyasi bir yildan ko‘proq vaqtga cho‘zildi. Ko‘cha janglari va tinimsiz o‘qqa tutishlar natijasida shahar deyarli butunlay vayron bo‘lgan.
Keng ko‘lamli urushdan oldingi Chasiv Yar
BBC muxbiri Ilya Barabanov:
Urushga qadar Chasiv Yarda 15 ming atrofida odam yashagan. 2014-15 yillarda, Ukraina sharqidagi mojaro endi boshlangan mahalda, mahalliy aholi vakillari tomonidan «Chasik» deb atalgan shahar voqealar markazidan ancha chetda edi. Hatto hech kim rossiyaparast ma’muriyatni o‘rnatishga shoshilmagan, chunki bu aholi punkti joylashuvi bo‘yicha ahamiyatga ega emasdi.
2015 yil qishida Rossiya armiyasi Debalsevoga hujum boshlaganida, Ukraina tomonida ishlagan jurnalistlar hozirda vayron bo‘lgan Baxmutda joylashgan bo‘lib, u yerdan yagona «hayot yo‘li» orqali qamaldagi shaharga u bosib olingunga qadar qatnashgan.
O‘shanda Baxmutga quyidagicha kelib olishardi. Ilgari 2012 yilgi futbol bo‘yicha Yevropa chempionati uchun yo‘lga qo‘yilgan va Donetskka qatnagan «Intersiti» poyezdlarining endigi yakuniy bekati Konstantinovkada bo‘lgan (bu shahar hozirda Rossiya armiyasining keyingi hujumlari nishonlaridan biri bo‘lib turibdi). Konstantinovkadan esa Chasiv Yar yaqinidan o‘tib, o‘sha vaqtlarda o‘zining ilgarigi nomi bilan Artyomovsk deb atalgan Baxmutga taksida borishardi.
Rossiya ommaviy axborot vositalari ilgari Donetsk oblastidagi eng ko‘zdan pana shahar bo‘lgan Chasiv Yarni endi amalda «Donbass kaliti» deb atamoqda – endi bu shahar rus qo‘shinlari tomonidan Avdiyivka, Baxmut yoki Kuraxovo bilan kuzatilganidek, kimsasiz g‘ishtlar uyumiga aylantirilgan.
«Kreditga» olishdimi?
Agar Rossiya qo‘shinlari Chasiv Yarni to‘liq egallab olgani haqidagi xabarlar tasdiqlansa, Rossiyaning bu uchastkadagi keyingi maqsadi katta ehtimol bilan Ukraina Qurolli kuchlarining muhim tayanch punkti hisoblangan Konstantinovka bo‘ladi, Kramatorsk va Slovyansk trassasi shu shahardan o‘tadi.
Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali muallifi Chasiv Yar yaqinidagi pozitsiyalarni saqlab turgan Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tishga harakat qilishini istisno qilmayapti – «pozitsiyalarni tiklash uchun bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda chekka hududlarda bayroqlar o‘rnatish uchun».
«Konstantinovkaga sharqdan hujumni davom ettirishga kelsak, bundan oldin keng istehkomlar tizimi bilan o‘ralgan yana bir qancha mayda aholi punktlarini ishg‘ol qilish kerak. Drujkovka haqida esa ortiqcha optimistik gap-so‘zlar tarqaldi – bu yil bu haqda gapirishning umuman hojati yo‘q», – deb hisoblaydi kanal muallifi.
Shuningdek, u Chasiv Yar uchun janglar 16 oydan ko‘proq davom etgani, Konstantinovka esa maydoni bo‘yicha uch baravar katta ekanini eslatib o‘tgan.
«Aytgancha, Konstantinovkani o‘rab olish endigina shakllanmoqda. Chasiv Yar hududidagi muvaffaqiyatlar saqlab qolinib, rivojlantirilsa hamda Novotoretskoye-Poltavka-Yablonovka marrasida shimolga siljishni davom etilsa, dushmanning ahvoli ancha yomonlashadi. Ammo yengil sayr bo‘lmasligi aniq», – deydi rossiyalik harbiy bloger.
Ukrainalik harbiy ekspert Oleksandr Kovalenko Rossiya qo‘shinlari «aslida shaharning eng qiyin qismini, aniqrog‘i, ikki yillik faol jangovar harakatlar davomida undan qolgan qismini egallagani»ni inkor etmaydi. Biroq, u Rossiya mudofaa vazirligining Chasiv Yar egalangani haqidagi bayonotini «kreditga» qilingan deb atamoqda.
«Ochig‘ini aytganda, Chasiv Yardagi vaziyat haqiqatan ham juda og‘ir bo‘lsa-da, shaharning bosqinchilar tomonidan bosib olingani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Biz siz bilan bunday amaliyotni bir necha bor ko‘rganmiz, bu esa yaqin kelajakda shaharda shturmlar soni ko‘payishini anglatadi, axir kredit to‘lash kerak bo‘ladi», – deb yozadi Kovalenko.
Mavzuga oid
19:07 / 08.01.2026
Britaniya va Fransiya tinchlik shartnomasidan keyin Ukrainaga 15 minggacha askar yuborishni rejalashtirmoqda
14:28 / 08.01.2026
Berlinda Mersning ukrainalik erkaklar haqidagi so‘zlariga izoh berildi
13:35 / 08.01.2026
“Veymar uchburchagi” Parijda Kiyevni qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qildi
11:51 / 08.01.2026