O‘zbekiston | 10:48 / 06.07.2024
14315
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati prokuraturasi katta prokurorlari pora bilan qo‘lga olindi

​​​​​​​Toshkent shahri prokuraturasining ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi katta prokurori hamda Surxondaryo viloyati prokuraturasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi katta prokurori tezkor tadbirda ushlandi. Ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Foto: Videodan kadr

Prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi, maxsus texnikalar bilan xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MChJ rahbari 2021 yilda ko‘p funksiyali burg‘ulash uskunasi olib kelish maqsadida Xitoy davlati kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi orqali shartnoma tuzgan hamda bankdan olgan 1 mln 71 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘ini ushbu kompaniyaning hisob raqamiga o‘tkazib bergan.

Ammo, shartnoma talablariga zid ravishda Xitoydan ko‘p funksiyali o‘rniga, bir funksiyali burg‘ulash uskunasi yuborilgan. Natijada prokuratura organlari tomonidan xorijiy kompaniyaning O‘zbekistondagi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jizzax viloyati IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan ekspertizada mazkur uskuna ko‘p funksiyali ekanligi to‘g‘risida xulosa berilgan. Bundan norozi bo‘lgan tadbirkorga esa Toshkent shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali uskunaning bir funksiyali ekanligi to‘g‘risida qayta ekspertiza tayinlatish bo‘yicha tergovchining qarorini chiqartirib, ekspertiza xulosasini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni taklif etgan. Buning evaziga esa 155 ming AQSh dollari so‘ragan.

Ammo, u 105 ming AQSh dollarini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs ushbu masalani Toshkent shahar prokuraturasining ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi katta prokurori hamda uning vositachisi bo‘lgan, Toshkent shahridagi sug‘urta markazi rahbari orqali hal qilishi kerakligi ma’lum bo‘lib, ular ham protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Surxondaryo viloyati prokuraturasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi katta prokurori esa viloyatdagi fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan 280 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish bo‘yicha mahalliy MChJ rahbariga buyurtmachi fermer xo‘jaliklar topishda va ular bilan shartnomalar tuzishda hamda MChJning xizmati uchun bankdan pul mablag‘lari ajratilishida yordam berganligini ro‘kach qilib, 28 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, katta prokuror oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyi yong‘inga qarshi profilaktikasi katta inspektori Yunusobod tumanida yangi qurilgan noturar binoga o‘rnatilgan yong‘in xavfsizlik tizimlarini qabul qilishda va binoning foydalanishga topshirilishi bo‘yicha ijobiy xulosa berilishida vakolatli hamkasbi orqali ko‘maklashish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qilib, avvalroq 3 ming AQSh dollari olgan. DXX xodimlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 2900 AQSh dollarini o‘zining hamkasbiga bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda katta inspektorga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Mavzuga oid