Jahon | 11:12 / 09.10.2023
29321
3 daqiqa o‘qiladi

“Mamlakat qisman cho‘lga aylanmoqda, shaharlari zaharli changga botgan" – Yevroparlament deputati O‘zbekiston haqida

Yevroparlamentning germaniyalik deputati Viola von Kramon Strasburgdagi majlisda ittifoqni Markaziy Osiyoga yaqinroq bo‘lishga chaqirib, o‘zbek xalqi Xitoy va Rossiyadan muqobil demokratiyaga loyiqligini aytdi. Shunda odamlar hayotini yaxshilash va noyob ekotizimni asrash uchun ko‘proq ish qila olish mumkin, degan nemis siyosatchisi.

3 oktyabr kuni Strasburgdagi Yevropa parlamenti binosida parlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston bo‘yicha navbatdagi muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Majlisda germaniyalik siyosatchi, Yevroparlament deputati Viola von Kramon O‘zbekiston va YeI munosabatlari haqida nutq so‘zladi va uni o‘zining X (Twitter) sahifasiga joyladi.

“O‘zbekiston o‘zining yosh va mehnatkash aholisi, tabiiy resurslari va boy tarixi bilan Markaziy Osiyoda muvaffaqiyat tarixiga aylanishi uchun hamma narsaga ega. Lekin uning aholisi qiynalmoqda, yer va resurslari eroziyaga uchramoqda.

Xitoy va Rossiya kabi avtokratik qo‘shnilari mamlakatni o‘zlarining shaxsiy o‘yin maydonchalariga aylantirib olgan. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishiga ko‘z yumib, u bilan savdoni oshirishga qaror qila olmaydi. Albatta, paxta dalalarida mehnat sharoiti yaxshilanmoqda, bolalar mehnati taqiqlandi. Ammo hali oldinda uzoq yo‘l bor.

Foto: EP/Alain Rolland

Suv resurslari noto‘g‘ri boshqarilmoqda, shaharlar zaharli changga botgan va mamlakat qisman cho‘lga aylanmoqda. Agar bu jarayonlar to‘xtatilmasa, O‘zbekistonning 35 milliondan ortiq aholisini ekologik halokat kutmoqda. Yevroittifoqning navbatdagi kengayishi O‘zbekistonni Ittifoqqa ancha yaqinlashtiradi. Uning xalqi Xitoy va Rossiyaga muqobil demokratiyaga loyiqdir. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga yaqinroq bo‘lishi kerak. Shunda odamlar hayotini yaxshilash va O‘zbekistonning noyob ekotizimini himoya qilish uchun ko‘proq ish qila oladi”, — degan Viola von Kramon.

Mavzuga oid