Jahon | 14:39
461
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishga chaqirdi

Yevroparlamentning mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi vakillari Kiyevga tashrif buyurib, Ukrainaga “kuch orqali tinchlikka erishish” imkonini berish uchun harbiy qo‘llab-quvvatlashni zudlik bilan kuchaytirishga chaqirdi. 11 fevral kuni Kiyevga 90 mlrd yevro yordam ajratish bo‘yicha ovoz berish o‘tkaziladi.

Foto: Getty Images

Yevroparlamentning mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi 9 fevral, dushanba kuni Ukrainaga harbiy qo‘llab-quvvatlashni zudlik bilan kuchaytirishga chaqirdi. Qo‘mita delegatsiyasi 5–6 fevral kunlari Kiyevga tashrif buyurib, davom etayotgan muzokaralarga qaramay, o‘t ochishni to‘xtatish alomatlarini ko‘rmaganini bildirdi.

Qo‘mita raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman shunday dedi: “Biz tinchlik muzokaralaridagi ilgarilashni qo‘llab-quvvatlasak-da, Kiyevda Rossiya fuqarolik infratuzilmasini raketa bilan o‘qqa tutayotganiga, tinch aholini o‘ldirayotganiga va minglab odamlarni noldan past haroratda isitish va elektrsiz qoldirib, muzlab qolish xavfiga duchor etayotganiga guvoh bo‘ldik. Biz shunchaki tinchlikka ‘umid’ qilib tura olmaymiz — hozir harakat qilishimiz va Ukrainaga kuch orqali tinchlikka erishish imkonini ta’minlashimiz kerak”.

Yevrodeputatlar Yevroparlamentning Strasburgdagi majlisida chorshanba, 11 fevral kuni o‘tkaziladigan — Ukrainaga Yevropa Ittifoqi tomonidan 90 mlrd yevro miqdorida kredit berish masalasi bo‘yicha ovoz berish oldidan Kiyevga kelgan.

Delegatsiya Ukraina prezidenti ofisining va hukumatning vakillari, Oliy rada rahbariyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati va mudofaa sanoati vakillari bilan uchrashgan. Shtrak-Tsimmermanning so‘zlarini Yevroparlament matbuot relizi keltirdi, unda: “YeI fuqarolari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Yevropa mudofaasini mustahkamlashga chaqirmoqda”, deya qayd etilgan.

Matbuot relizida Ukraina YeIning mudofaa tashabbuslarida, xususan Yevropa mudofaa sanoati dasturi (EDIP) va “Yevropa uchun xavfsizlik” (SAFE) instrumenti kabi loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan. Deputatlar Yevroparlament Yevropa mudofaa salohiyatini kuchaytirish va Ukraina mudofaa sanoatini YeI mudofaa tizimiga integratsiya qilish uchun o‘zining qonunchilik va budjet vakolatlaridan foydalanishga tayyor ekanini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid