Rossiya qishning eng sovuq davrida ukrain elektr stansiyalari va boshqa muhim infratuzilma obektlariga hujum qilib, ukrainaliklarning qarshiligi va ruhiy matonatini sindirishga urinmoqda. Yevropaning burchi esa — ukrainlarni faqat gumanitar yordam bilan emas, balki qurol-yarog‘ bilan ham qo‘llab-quvvatlash: Ukraina havo mudofaasi imkoniyatlarini kuchaytirish, shuningdek Rossiyaga qarshi 20-paket sanksiyalarni joriy etish. Seshanba kuni, 10 fevralda Yevroparlamentda o‘tgan “Ukraina energetika tizimiga qilingan hujumlarga Yevropa javobi va ular keltirib chiqargan gumanitar inqiroz” mavzusidagi debatlarning asosiy xulosasi shu bo‘ldi.

Jahon Ukraina energetika infratuzilmasiga yetkazilayotgan dahshatli vayronagarchilik tasodif yoki harbiy harakatlarning yondosh oqibati emas, balki fuqarolarni qorong‘ilik va sovuqqa g‘arq etishga qaratilgan tizimli, qasddan qilingan zarbalar ekanini ko‘rib turibdi va yaxshi tushunib turibdi. Debatlarni ochib bergan YeIning kengayish masalalari bo‘yicha yevrokomissari Marta Kos shunday dedi. Uning fikricha, Rossiya gumanitar falokat yaratishga urinib, qishni qurol sifatida qo‘llamoqda. Biroq ukrainlarga qarshi sodir etilgan shafqatsiz jinoyatlar oqibatsiz qolmaydi va Yevropa Rossiyaga bosimni kuchaytiradi, deya va’da berdi yevrokomissar.

Kosning bildirishicha, YeI “Ukraina energetika tizimini barqarorlashtirish, tiklash va integratsiya qilish uchun misli ko‘rilmagan ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashni safarbar qildi va buni har kuni davom ettirmoqda”. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon YeI Ukrainaga 1,3 mlrd yevro gumanitar yordam ko‘rsatgan. “Qo‘llab-quvvatlash 2026 yilda ham davom etadi: dastlab 153 mln yevro ajratiladi — 145 mln yevro Ukraina uchun va 8 mln yevro Moldova uchun”, — dedi yevrokomissar. Shuningdek, YeIning Fuqarolik muhofazasi mexanizmi orqali Ukraina 11 mingdan ortiq generator va 7 mingdan ortiq transformator olgan.

“Biroq Ukraina energetika tizimini haqiqiy himoya qilish uchun avvalo uning osmonini muhofaza qilishimiz kerak. Bu esa havo mudofaasi tizimlari va raketalarni zudlik bilan yetkazib berishni anglatadi. A’zo davlatlarni kechiktirmasdan harakat qilishga chaqiramiz”, — dedi Marta Kos.

Yaqinda Kiyevga borib kelgan yevroparlamentariylar guruhi hamkasblari bilan taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, nemis deputati, sotsialistlar guruhi vakili Tobias Kremer: “Ukraina aholisiga qarshi hujum haqiqiy ekanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik”, dedi. “Jang maydonida yutolmas ekan, u fuqarolarni — ayollar, bolalar, keksalarni nishonga olyapti, — deya davom etdi Kremer. — Hozir -27°C haroratda ukrainaliklar isitish, elektr, suvsiz qolmoqda, ammo men taslim bo‘lishga tayyor birorta ham ukrainni uchratmadim”.