Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident maktab ta’limi bo‘yicha topshiriqlar berdi
O‘zbekistonda 74 ming o‘quvchi 5-7 km uzoqlikdan maktabga qatnayapti – prezident bunday bolalar uchun bepul avtobus qilib bergan hokimlarni o‘rnak qilib ko‘rsatdi. Kelasi yildan yuqori sinflarga sun’iy intellekt darslarini yo‘lga qo‘yish, maktab va bog‘chalardagi barcha xizmatlarni to‘liq raqamli shaklga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Maktabdan tashqari mashg‘ulotlar “Kelajak” markazlarida yagona tizimga birlashadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kungi selektorda maktab ta’limi borasida qator topshiriqlar berdi.
Oliy maktablar
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning olis hududlarida yashovchi 74 ming o‘quvchi 5-7 km uzoqlikdan maktabga qatnayapti.
Qashqadaryo va Surxondaryo hokimlari bu masalaning ichiga kirib, mablag‘ini hal qilib, 100 ta maktabda bepul avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ygan. Samarqand va Jizzax viloyatlari hokimlari ham bir oyda 100 ta shunday maktabga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqan.
Shavkat Mirziyoyev buni qolgan hududlar uchun namuna qilib ko‘rsatdi.
Ixtisoslashgan maktablar
Yig‘ilishda aytilishicha, 3 yil ichida iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilindi. Lekin 12 ta ixtisoslashgan maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari haligacha yakunlanmagan.
Tegishli viloyatlar hokimlariga ishlarni yil oxirigacha yakuniga yetkazish topshirig‘i berildi.

Axborot texnologiyalari
O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda axborot texnologiyalari darslari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi.
Buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6300 ta interfaol doska kerak. Bu maqsadlarga zarur mablag‘larni keyingi yil davlat budjetida nazarda tutish topshirildi.
Iqtidorli o‘quvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi.
Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.
Olimpiadalar
2026 yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.
Bosh vazirga Toshkentda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.
Raqamlashtirish
Bog‘cha va maktablardagi 10 dan ziyod xizmatlar raqamlashgani hisobiga sohada korrupsiya keskin kamaydi.
Shu bilan birga, maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari davomati haligacha raqamli platformaga to‘liq o‘tmagan.
Masalan, mikrohududlar aniq belgilanmagani uchun 144 ta tumandagi 8 mingta maktabda o‘quvchilar eskicha tartibda qabul qilinmoqda, bog‘chalarda xodimlar tabeli qog‘ozda yuritilyapti.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 144 ta tumandagi maktablarning mikrohududini aniq belgilash topshirildi. Keyingi o‘quv yiligacha maktab va bog‘chalardagi barcha xizmatlar to‘liq raqamli formatga o‘tishi shartligi qayd etildi.

Maktabdan tashqari ta’lim
Kuni kecha prezident maktabdan tashqari ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha qarorni imzoladi.
Joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.
“Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qiladi.
Bu tizim bilan barcha maktablar qamrab olinishi ta’kidlandi. Har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maslahatchilar o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi.
Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari sinf rahbari, maktab psixologi bilan xulq-atvorida salbiy o‘zgarish bo‘lgan o‘quvchilarni ta’lim va oiladagi muammolarini o‘rganib, ularni yengib o‘tishga hamrohlik qiladi.
Mahalladagi yoshlar yetakchilari esa o‘quvchilarni maktabdan tashqari vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun mas’ul bo‘ladi.
Eng asosiysi, endi maktablarda o‘quvchilarning to‘garaklar, sport, volontyorlik va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha “raqamli portfolio”si shakllanib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi.
Mavzuga oid
20:18
IT sohasidagi top-10 milliarderning boyligi sun’iy intellekt tufayli keskin oshdi
10:07
Maktabgacha va maktab ta’limi: 2025 yilda 59 ta yangi maktab ishga tushirildi
21:54 / 25.12.2025
Putin Rossiyada avtomat-odamlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi
22:08 / 22.12.2025