Jahon | 21:09 / 07.10.2025
7357
3 daqiqa o‘qiladi

Nobel qo‘mitasi tibbiyot bo‘yicha mukofot laureati bilan bog‘lana olmadi

Fred Ramsdell bu vaqtda hayking qilish uchun internet ishlamaydigan joylarga chiqib ketgan va yangilikdan bexabar qolgan.

Foto: AFP

Nobel qo‘mitasi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha mukofot sovrindori Fred Ramsdell bilan bog‘lana olmadi, chunki u «sivilizatsiyadan yiroqda yaxshiroq hayot kechirmoqda». Bu haqda AFP’ga Ramsdell ishlaydigan Sonoma Biotherapeutics laboratoriyasi hammuassisi va olimning do‘sti Jyeffri Blyustoun ma’lum qildi.

Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari 6 oktyabr kuni e’lon qilindi. Ular Meri Brankov, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchi edi. Ular «periferik immunologik tolerantlik bo‘yicha kashfiyotlar uchun» mukofotga sazovor bo‘lishdi.

Biroq, qo‘mita Ramsdell bilan bog‘lanib, unga bu xabarni yetkaza olmadi, chunki u «raqamli detoksikatsiya» qilib, Aydaho shtati bo‘ylab sayohatga chiqib ketgandi.

«O‘zim u bilan bog‘lanishga harakat qildim. O‘ylashimcha, u ryukzagi bilan Aydahodagi kimsasiz joylarga sayohat qilmoqda», – dedi Blyustoun.

AFP’ning yozishicha, Nobel qo‘mitasi Meri Brankov bilan bog‘lanishga uringanida ham muammoga duch kelgan – chunki u AQShning G‘arbiy sohil qismida yashaydi va Stokholm bilan vaqt farqi to‘qqiz soatni tashkil qiladi.

«Men ulardan [Ramsdell va Brankovdan] imkon bo‘lsa, qayta qo‘ng‘iroq qilishni so‘radim», – dedi Nobel qo‘mitasi kotibi Tomas Perlman matbuot anjumanida.

Keyinroq Perlman rafiqasi bilan sayohat qilayotgan Ramsdell bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, olimning rafiqasi qo‘l telefonini yoqqanida yangiliklardan xabar topgan. O‘shanda ayol qattiq qichqirib yuborgan.

«Avvaliga u turmush o‘rtog‘i grizli ayig‘ini ko‘rib qolgan deb o‘ylagan. Ammo bunday emasdi – missis O’Nilning telefoni signal tutgan va u bir xil mazmundagi yangiliklar oqimiga guvoh bo‘lgan», – deya yozadi NYT.

Ramsdell dastlab bu xabarlarga ishonmagan, Perlman esa birinchi urinishdan yigirma soat o‘tgachgina u bilan gaplasha olgan.

Mavzuga oid