Jahon | 12:53 / 25.05.2024
21164
12 daqiqa o‘qiladi

G‘arb va SSSR qarama-qarshiligi – MI-6 xodimi nega KGB josusiga aylangandi?

1965 yil. London yaqinidagi qamoqxonadan davlatga xiyonati uchun 42 yilga qamalgan sobiq MI-6 xodimi qochib ketadi. Uning qayerga qochgani noma’lum edi. MI-6 va politsiya uni izlab Britaniyadan topa olmaydi. Ko‘p o‘tmay qochoq Fransiya, Belgiya va GDR orqali Moskvaga qochib ketgani oydinlashadi. Keyinchalik u sovet fuqaroligini oladi va Moskvada yashab qoladi.

O‘tgan asrning ikkinchi yarmida SSSR va G‘arb o‘rtasida josuslik o‘yinlari avj oladi. Har ikki tomon ham josus yollash va ular yordamida muhim ma’lumotlarni olish payida bo‘lishadi.

Bu raqobatda ko‘proq AQSh va Britaniya maxfiy xizmatlari muvaffaqiyat qozongan. KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi xodimlaridan juda ko‘pchiligi G‘arbga qochib o‘tgan va AQShning MRB hamda Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan.

KGB josuslari va sovet harbiylarining G‘arbga qochib o‘tishiga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlashmaganini aytishgan.

Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lishgan.

Biroq shunday bo‘lsa-da MRB yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati foydasiga ishlagan josuslarga, G‘arbga qochib borib maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan KGB xodimlariga juda katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.

Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.

Foto: alamy.com

Ularning ayrimlari sovetlarning “butun dunyoni teng qilish” haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari o‘z davlatida jabr chekkanidan alamzada bo‘lgani uchun shu yo‘lni tanlagan. Ana shulardan biri Britaniyada Jorj Bleyk, SSSRda Georgiy Bexer nomi bilan tanilgan Georg Behar edi.

Jorj Bleykka aylangan Georg

Georg Behar 1922 yilda Niderlandiyaning Rotterdam shahrida yahudiy oilasida tug‘iladi. U 13 yoshidan 17 yoshigacha Misrda qarindoshlarinikida yashaydi.

Nemislar Niderlandiyani bosib olishi arafasida Georgning oilasi Angliyaga qochib ketadi. U qoladi va partizanlik harakatiga qo‘shilib 2 yil nemislarga qarshi jang qiladi. 1942 yilda Georg ham Angliyaga ko‘chib o‘tadi.

1943 yilda Georg ism-sharifini Jorj Bleyk deb o‘zgartiradi va nemislarga qarshi jang qilish uchun Fransiyaga, so‘ng Ispaniyaga ketadi. Ispaniyada Jorjni ushlab olishadi. Shunda u ochlik e’lon qiladi va ispanlar uni qo‘yib yuborishadi.

Britaniyaga qaytgan Jorjni MI-6 nazorat qiladigan Maxsus operatsiyalar boshqarmasiga o‘tkazishadi. Shu tariqa u maxsus xizmat xodimiga aylanadi.

Urush tugagandan so‘ng Jorj rus tilini o‘rgana boshlaydi. 1948 yilda MI-6 uni Janubiy Koreyaga yuboradi. Jorj Britaniyaning Seuldagi elchixonasi xodimi niqobi ostida ish boshlaydi.

1950 yilda Koreya yarimorolida shimollik kommunistlar va janubliklar o‘rtasida urush boshlanadi. Shimolliklar orol janubini, shu jumladan Seul shahrini ham egallashadi va Britaniya elchixonasi a’zolarini hibsga olishadi. Asirlar orasida Jorj ham bor edi.

1953 yilda Koreya yarimoroli ikkiga bo‘linadi. Shundan so‘ng shimolliklar elchixona xodimlarini ozod qilishadi va Jorj Londonga qaytadi. 1961 yilda Jorj sovetlar bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib hibsga olinadi va 42 yilga qamaladi.

Foto: Argumenty i Fakty

Sovetlar bilan hamkorlik

Jorj sovetlar bilan hamkorlikni Shimoliy Koreyada hibsda saqlangan paytida boshlagandi. O‘sha paytda Shimoliy Koreyani o‘z nazorati ostida ushlagan sovetlar asirga olingan Britaniya elchixonasi xodimlari orasidan aynan Jorjni hamkorlikka ko‘ndirishadi.

Bunda uning rus tilini bilishi va kommunistlarga xayrixohligi muhim rol o‘ynaydi. O‘shanda Jorj o‘zidagi barcha ma’lumotlarni sovet razvedkasiga beradi.

Jorj asirlikdan ozod bo‘lib Londonga qaytgach ko‘p o‘tmay MI-6ning bosh idorasida ish boshlaydi. Uni texnik operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasiga qo‘yishadi. Shu tariqa Jorj juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ladi va barchasini KGBga topshiradi.

Jorj bergan ma’lumotlar orasida MI-6ning SSSRdagi josuslari ro‘yxati, NATOning maxfiy hujjatlari, shuningdek Berlindagi G‘arb maxsus xizmatlari foydalanib kelgan yashirincha tunnel va boshqa ma’lumotlar bor edi.

O‘shanda KGB Jorj bergan ma’lumotlarga asoslanib SSSRdagi MRB va MIga xizmat qilayotgan shaxslarni qo‘lga oladi. Ularning aksariyati o‘lim jazosiga hukm etiladi.

Jorjning xizmatlari evaziga KGB SSSRdagi G‘arb josuslari tarmog‘ini fosh etadi va uning barcha a’zolari hibsga olinadi. Shuningdek, G‘arb maxsus xizmatlarining ko‘plab rejalaridan voqif bo‘ladi va ularga qarshi chora ko‘riladi.

Foto: alamy.com

Ko‘p o‘tmay Jorj fosh bo‘ladi. Gap shundaki, 1961 yilda polshalik josus Mixail Golovenskiy MRB tomonga qochib o‘tadi va KGB bilan hamkorlik qilayotgan g‘arblik josuslar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qiladi.

Shundan so‘ng AQShda va Britaniyada ishlovchi KGB josuslari birin-ketin qo‘lga olinadi. Ular orasida Jorj Bleyk ham bor edi. Uni 1961 yilda hisbga olishadi. Sud Jorjga 42 yillik qamoq jazosi tayinlaydi.

Qamoqdan qochish

1966 yilda Jorj London yaqinidagi Uormvud-Skrabs qamoqxonasidan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Qochish xarajatlarini angliyalik taniqli rejissyor Toni Richardson to‘lab beradi. U Britaniyada yadro qurollarining bo‘lishiga qarshi harakat a’zolaridan bo‘lgan.

Richardson o‘sha paytda hali politsiyachilar ham ega bo‘lmagan qimmatbaho ratsiya to‘plamini sotib oladi va ulardan birini qamoqda yotgan Jorjga yetkazadi. Qolgan ratsiyalar Jorjga yordam berishi kerak bo‘lgan odamlarga beriladi.

Shu tariqa tashqaridagilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turgan Jorj qochishga muvaffaq bo‘ladi. Qochayotganda u jarohat oladi va bir muddat davolanadi.

Sog‘ligini tiklagan Jorj qiyofasini o‘zgartiradi va furgon haydovchisi bo‘lib La-Mansh bo‘g‘ozi ostidagi tunneldan Fransiyaga o‘tib oladi. So‘ng Belgiya orqali sovetlar nazorati ostida bo‘lgan Germaniya demokratik respublikasiga o‘tadi. KGB xodimlari uni Berlindan Moskvaga olib ketishadi.

Foto: alamy.com

Jorj-Georgiy Moskvada

Jorj Bleyk Moskvaga yetib kelgandan so‘ng ko‘p o‘tmay nomini Georgiy Ivanovich Bexter deb o‘zgartiradi va SSSR fuqaroligini oladi. Kommunistik partiyaga qabul qilinadi.

Jorj SSSRda avvaliga KGBda maslahatchi, keyinroq Progress nashriyotida tarjimon bo‘lib ishlaydi. 1974 yilda Moskvadagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Yaqin Sharq bo‘limida dars bera boshlaydi. Nafaqaga chiqqach Moskvada yashab qoladi.

1990 yilda Georgiy Bexterning “Gohida tanlash imkoniyati bo‘lmaydi” nomli avtobiografik kitobi chop etiladi. 2006 yilda “Shaffof devorlar” nomli ikkinchi kitobi chop etiladi.

U kitoblarida o‘zi haqida shunday degandi:

“Sotqinlik qilish uchun avval o‘zingni qanday qarashlarga ega ekanligingni aniqlab olishing lozim. Men hech qachon o‘zimni britaniyalik deb hisoblamaganman. Shu sababli o‘zimni oqlashim shartmas deb o‘ylayman. Men rivojlanishning oldingi qatorida turganlarga yordam berdim xolos”.

Georgiyning kitoblarini Britaniyada inglizcha tarjimada chop etmoqchi bo‘lishganda hukumat bunga qarshilik ko‘rsatadi. Kitoblar chop etilgan taqdirda ham muallifga gonorar to‘lanishiga yo‘l qo‘yilmasligi aytiladi.

Foto: cambridge5.ru

2006 yilda Georgiy Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga Britaniya hukumati ustidan shikoyat yo‘llaydi va sudda yutib chiqadi. Shundan so‘ng unga kitoblari uchun Britaniyadagi nashriyot gonorar to‘lab beradi.

Georgiy umrining so‘nggi qismini Moskva yaqinidagi Kratovo posyolkasidagi dalahovlisida o‘tkazadi. U SSSRda yashagan paytlarida KGB polkovnigi unvonini olgan. Sovetlar, keyinroq Rossiya Georgiyni ko‘plab orden va medallar bilan taqdirlagan.

Nikolay Dolgopolov o‘zining “Asosiy dushman. SSSR uchun pinhona urush” kitobida yozishicha SSSR tarqab ketgandan so‘ng Rossiya tomoni Georgiy Mexterga “Rossiya qahramoni” unvonini bermoqchi ham bo‘lgan. Biroq Britaniya bilan aloqalar sovuqlashishi mumkinligi inobatga olinib bu unvon berilmagan.

Kamera yulduzi

Georgiy Bexter birinchi marta teleekranlarda 1990 yilda ko‘rinadi. U BBS va Rossiyaning “Novosti” agentligi hamkorlikda suratga olgan hujjatli filmda qatnashadi.

2011 yilda rejissyor Leonid Belozorivich tomonidan suratga olingan Georgiy Bexterning hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film Rossiyaning yetakchi telekanallarida namoyish etiladi.

Foto: alamy.com

2012 yilda Zvezda telekanalida Georgiyning hayoti haqida olingan “Janobi oliyalari xizmatidagi KGB agenti” nomli hujjatli film namoyish etiladi.

Bundan tashqari, SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Georgiy Bexter juda ko‘p marta Rossiya va boshqa xorijiy telekanallar uchun intervyular berib kelgan.

2010 yilda Georgiy 88 yoshda bo‘lganida bergan intervyusida sovetlarga nisbatan xayrixohlik qay tarzda paydo bo‘lgani haqida shunday degandi:

“Niderlandiya qarshilik ko‘rsatish harakati ishtirokchisi sifatida men SSSRning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini doimo yuqori baholadim. Men natsistlar hukmronligi ostida ikki yil yashadim va bu qanday yovuzlik ekanligini bilardim. Sovuq urush boshlanishi bilan men umidli kadr sifatida Kembrij universitetiga rus tilini o‘rganish uchun yuborildim. U yerda menga “peterburglik ingliz" deb ataladigan va yarim rus bo‘lgan bir ayol dars bergan. O‘shanda u men kabi talabalarda rus adabiyoti va madaniyatiga muhabbat uyg‘otishga muvaffaq bo‘ldi. Shunda menda Rossiya tarixiga, tashqi dushmanlardan va og‘ir sharoitlardan ko‘p jabr ko‘rgan, baxtsiz taqdirga ega rus xalqiga nisbatan hurmat paydo bo‘ldi. Keyinroq imkoniyat bo‘lishi bilanoq ular tomonga o‘tdim”.

Foto: NEWSru.com

Georgiy umrining oxirigacha to‘g‘ri yo‘lda bo‘lganini ta’kidlab kelgan. U 2020 yil 26 dekabr kuni 98 yoshida Moskva yaqinidagi dalahovlisida vafot etadi.

Bugun Rossiya tarixida Georgiy Bexter Rossiyaga (!) munosib xizmat qilgan shaxs sifatida eslanadi.

20-asrning ikkinchi yarmida Amerikadan yoki Britaniyadan SSSRga qochib kelgan bir qancha josuslar sovetlar yurtidagi yashash sharoiti G‘arbnikidan ancha nochor bo‘lganini aytishgan.

Ayrimlari SSSRga qochib kelgani uchun afsuslangan. Biroq Georgiy Bexter bu mavzuda umuman gap ochmagan. Chunki u 42 yilga qamalgandi va SSSRga qamoqxonadan qochib kelgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid