O‘zbekiston | 10:27 / 16.09.2017
13174
2 daqiqa o‘qiladi

NamDu tillarni o‘rgatish markazini tashkil etadi

Foto: O‘zA

2017 yil 5 sentabrda Vazirlar Mahkamasining “To‘raqo‘rg‘on tumanida Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi 698-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Qaror bilan:

•  Ishoqxon Ibrat majmuasi tarkibidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabni hamda Ishoqxon Ibrat muzeyini Namangan davlat universiteti tizimiga o‘tkazish;
•  maktab-internat huzurida Namangan davlat universiteti tomonidan 7 ta xorijiy tilni o‘rgatishga ixtisoslashgan markaz tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar ma'qullandi.
 
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 apreldagi 208-son qarori bilan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida atoqli ma'rifatparvar Ishoqxon Ibrat nomidagi bog‘, uning muzeyi va xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabdan iborat «Ishoqxon Ibrat majmuasi»ni tashkil etish haqidagi taklif ma'qullangan edi. 
 
Belgilanishicha, 2017-2018 o‘quv yilida maktab-internatning 7-10 sinflariga, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 7- va 10- sinfiga 20 nafardan o‘quvchilar Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan chet tili va ona tili fanlaridan test sinovlari asosida qabul qilinadi.
 
Markazda esa mashg‘ulotlar 7 ta til bo‘yicha o‘quvchi-talabalar soni 10 nafardan oshmaydigan guruhlarda tashkil etiladi.
 
Shuningdek hujjatda nazarda tutilishicha, maktab-internat, markaz o‘qituvchilari va muzey xodimlarining oylik ish haqlariga 25 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar belgilanadi.
 
Hujjat 2017 yil 11 sentabrda kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid