Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yo‘qotilgan vaqt, singan umid va haqini so‘raganlarga jarima - «Imarat Development» mijozlari nimadan norozi?
«Imarat Devlopment» nomi ostida uylarni qurib sotuvchi Marat Xayrullayevichdan xaridorlar norozi. Tadbirkorning qator loyihalari arzon narx va qulay to‘lov shartlari bilan jozibali ko‘rsatilgani bois yuzlab odamlar to‘lov qilgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay mijozlar va kompaniya o‘rtasida nizo chiqa boshlagan. Bunga hali bitmagan uy uchun tuzilgan shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lgan fuqarolardan xonadon umumiy qiymatidan 10 foizdan 12 foizgacha jarima ushlab qolish amaliyoti asosiy sabab sifatida keltirilyapti.
Kun.uz yana bir «novostroyka» mojarosini o‘rganishga qaror qildi. Tahririyatga yo‘llanayotgan shikoyatlar orasidan «Imarat Devlopment» nomi ostida ko‘p qavatli turar joy majmualarini reklama qiluvchi va sotuvchi Marat Hamdamov haqidagilari e’tiborimizni tortdi.
Xaridorlar ayrim sabablarga ko‘ra ushbu kompaniya bilan tuzgan shartnomasini bekor qilgan yoki endi bekor qilishmoqchi. Ammo bu ularga kattagina xarajatga tushmoqda. Chunki shartnomada quruvchi tashkilot hali foydalanishga topshirmagan uy umumiy summasining 10 foizidan 12 foizgacha qismi olib qolinishiga oid band mavjud.
Masalan, siz 400 mln so‘mlik shartnoma qilib, ma’lum muddat davomida 120 mln so‘m pul to‘lagansiz. «Imarat Devlopment»ning shartlariga ko‘ra, ular bilan tuzilgan kelishuvni bekor qilmoqchi bo‘lsangiz, sizdan 40 mlndan 48 mln so‘mgacha pul olib qolinadi. Bunda 10 yoki 12 foizlik jarima to‘langan 120 mlndan emas, balki 400 mln so‘mdan hisoblanadi.


Murojaatchi Umaraliyeva so‘zlariga ko‘ra, u 2024 yilda Sergeli City loyihasidan 350 mln so‘m qiymatdagi xonadonni xarid qilib, umumiy hisobda 166 mln so‘m to‘lovlarni amalga oshirgan. Ammo qurilish inspeksiyasining tekshiruvidan keyin shartnomani bekor qiladi. Undan umumiy shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima ushlab qolingan.
«O‘tgan yil shartnoma tuzganimdan uni bekor qilishga ariza yozganimga qadar 166 mln so‘m pul to‘ladim. Men pul to‘lagan A10 blokning hujjati ham joyida emas ekan. Lokatsiya ham uzoq edi, unga ham ko‘ndik. Qurilish juda sust ketayotgandi. Pulimizni qaytarib bera qolgin desak, siz tomoningizdan shartnoma buzilyapti deb to‘langan mablag‘lardan emas, uyning umumiy qiymatidan 35 mln so‘m olib qolyapti. 2 yil pulimizni aylantirib, jarima ushlab qolyapti. Yana aytyapti, foizdan voz kechsangiz pul bor, bo‘lmasa yo‘q. Qurilish vazirligi borib tekshirganda, drenaj va beton ishlari yaxshi emasligi, men uy olgan blokning hujjatida ham kamchilik borligi ma’lum bo‘ldi», deydi murojaatchi.
Boshqa bir murojaatchi Ziyoda Ochilovaning so‘zlariga ko‘ra, u Tuzel Park loyihasidan 20 kvadrat metrli 1 xonali xonadonga qariyb 134 mln so‘m pul to‘lagan. Ma’lum vaqt o‘tsa-da, qurilish boshlanavermagach shartnomani bekor qilishga ariza yozish uchun kompaniya ofisiga borgan, ammo “Imarat Devlopment”yuristi uning arizasini qabul qilmagan.
«2025 yilning 21 aprel kuni Tuzel loyihasidan 1 xonali xonadonga dastlab 130 mln 170 ming so‘m, keyin esa 3 mln 591 ming to‘lov qildim. Sentyabr oyining to‘lovlarini ham yopganman. Shartnoma tuzishga borganimda, metrodan 500 metr uzoqlikda ekani, qurilish birdaniga boshlanishi aytildi. Aslida uy metrodan 4,5 km uzoqlikda joylashgan. Qurilish bo‘lmayotgani haqida gaplar chiqa boshlaganidan keyin surishtira boshladik. Pulimni qaytarib olishga ariza beraman deb borgan kunim 7 iyul edi, ularning yuristi Shuhrat aka degan odam hech qanaqa ariza qabul qilinmasligini aytdi. Shartnomada jarima miqdori uyning umumiy summasidan 12 foiz deb ko‘rsatilgan. Ya’ni 224 mln so‘mdan. Pulimni 100 foiz qaytarib olmoqchiman, chunki ular qurilish ishlarini hali amalga oshirishmagan», deydi Ziyoda Ochilova.
Murojaatchi Daliboyevaning ta’kidlashicha, u ham Sergeli City loyihasidan olgan shartnomasini shu yilning may oyida bekor qilgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, mablag‘ 1 oy muddatda qaytarilishi kerak bo‘lgan, ammo oradan 4 oy o‘tgan bo‘lsa-da, unga puli berilmagan.
«2024 yil 28 fevralda «Imarat Devlopment» kompaniyasi bilan uy olish maqsadida shartnoma tuzganmiz. Oyma oy to‘lovlar qilib yurdim. Keyin men uy olgan blok Qurilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagani haqidagi xabarlarni eshitdim va shu yilning 19 may kuni shartnomani bekor qildim. Bular mendan shartnomaning umumiy summasidan 10 foiz pul ushlab qolgan holda, qolgan summani 1 oy ichida qaytarib berishlari kerak edi. 4 oy bo‘ldi, hali 1 so‘m ham olganim yo‘q», deydi Daliboyeva.
Malika Eshimovaga ko‘ra, «Imarat Devlopment» ning Bristol loyihasidan turmush o‘rtog‘ining nomiga uy olishgan. Qurilish obektiga borishganida unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingani, qurilish haqida to‘liq ma’lumot berilmayotgani ortidan to‘lagan 245 mln so‘m pulini to‘liq qaytarib olishni xohlayapti.
«Bristol loyihasidan turmush o‘rtog‘imning nomiga uy olganmiz, menda ishonchnoma bor. Bizga qurilish obekti Yangi O‘zbekiston bog‘idan 1 km uzoqlikda deb aytilgandi, lekin 15 km ekan. 23 avgust kuni qurilishga ekskursiya tashkil etildi, o‘sha payti turmush o‘rtog‘im uchun video olaman deganimda meni o‘sha yerda izza qilib, video olishimga ruxsat berishmadi. Keyin ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida mening rasmimni qo‘yib, post joyladi. Shu sababli pulimni 100 foiz qaytib olmoqchiman. Shu paytgacha 245 mln so‘m pul to‘laganman. Bu pullarni shuncha ishlatib, yana mendan foiz olib qolaman deyapti. Jarimani uyning baholangan qiymatidan olib qolmoqchi. Bitta uyi bo‘lsaki, ishonsa odam», deydi Malika Eshimova.
Murojaatchi Matyoqubov ham Sergeli City loyihasidan 3 xonali uyga pul to‘lagan. Xonadonning umumiy summasi 602 mln so‘mni tashkil etib, Matyoqubov tomonidan 210 mln so‘mdan ko‘proq to‘lovlar amalga oshirilgan. Ammo u uy xarid qilgan A12-blok qurilish inspeksiyasining ruxsatnomasisiz qurilayotgani boisidan pulini qaytarib olish bo‘yicha ariza yozgan.

Sergeli City loyihasidan uy olgan Mirzabek Xo‘jayorov ham 2025 yil may oyigacha to‘lovlarni amalga oshirib kelgan, ammo u ham aynan qurilish inspeksiyasi tekshiruvidan keyin pul o‘tkazishni to‘xtatadi.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «Imarat Devlopment» tashkiloti rahbari Marat Hamdamov bilan suhbatlashdi. Intervyu davomida u qurilish sohasiga kirib kelishi va shu paytgacha qilgan ishlari, shartnomalardagi 10 foizdan 12 foizgacha jarimalar haqida izoh berdi.
«2005 yillar, 15-16 yoshlarimda Moskvaga borib, o‘qib oddiy ishchilikdan tadbirkorlikkacha bo‘lgan 14 yilni o‘tkazganman. 2019 yilda O‘zbekistonga biznes boshlash uchun qaytganman. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavodga asos soldim. Keyinchalik asta-sekinlik bilan qurilish bozoriga kirib kelganmiz, lekin mustaqil quruvchi bo‘lib emas, balki investor sifatida. Biz qatnashgan loyihalardan hozirgacha 2000 taga yaqin inson uy olgan. Loyihalarning aniq nomi bo‘lmagan, chunki bir necha kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlaganmiz. Brendimizni shakllantirishni oxirgi 2 yil ichida boshladik», dedi Marat Hamdamov.
Tadbirkorning iddao qilishicha, qurilish ishlari yakunlanish bosqichida bo‘lgan xaridorlardangina pul ushlab qolingan va bunday mijozlar soni 10 nafar atrofida. Shartnomani bekor qilish uchun ariza yozgan qolgan mijozlarga bosqichma bosqich mablag‘i qaytarilyapti.
«Hammaga ham jarima qo‘llanmagan. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra shu paytgacha 8 yoki 10 kishidan jarima ushlab qolingan. Buning sababi bor. Aynan o‘sha insonlarning uyi 90 foizga bitgan, xaridor noto‘g‘ri vaj keltiryapti. Bizda birinchi kunimizdan boshlab CRM tizimi ishlaydi va mijoz haqidagi barcha ma’lumotlar saqlanadi. O‘sha 10 nafar inson bizdan 10 oydan ortiq muddatdagi to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan. Shartnoma to‘lovlarini to‘xtatib turishni so‘rab ariza yozib ketgan, biz buni qanoatlantirganmiz. Keyinchalik yolg‘on xabarlar tarqalganidan keyin shartnomani bekor qilmoqchi bo‘ldi. Mijozlarda hozir pulimni qaytarib berasan degan qarash bo‘ladi. Shartnomada quruvchiga nisbatan ham jarima qo‘llash bandlari bor. Ya’ni ikkala tarafda ham richaglar mavjud. Mana shu holatda biz ular bilan kelisha olmaganmiz. Aynan shuning uchun jarima qo‘llangan. Sergeli City loyihasining birinchi bosqichidagi uylarga biz tomonimizdan 80 foiz investitsiya kiritilib, qurilish qilingan. Shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lgan insonda bizga ishonmaslik uchun hech qanaqa asoslar bo‘lmagan. Agar biz bilan shartnoma qilgan insonning uyi 100 foiz yoki 70 foizdan ortiq qismi qurib bitkazilgan bo‘lsa, bunaqa holatlarda jarima qo‘llashga majburmiz. Quruvchi ham ma’lum mablag‘ yo‘qotadi. Pulni qaytarish masalasiga kelsak, kimdadir 1 oy, kimdadir 6 oy ko‘rsatilgan. Lekin 1 oyda 200 ga yaqin inson shartnomani bekor qilgani uchun navbat shakllandi. 200 ta insonga birdaniga pul qaytarib bera olmaymiz. Birinchidan, bu bizning rejamizda bo‘lmagan. Ikkinchidan, shartnoma shartlarida 1 oydan 6 oygacha muddat belgilangan. Shu paytga qadar 10 mlrdga yaqin pul mablag‘lari qaytarib berildi. Kimdadir 1 oydan o‘tib ketgan bo‘lsa, o‘rganib chiqish kerak. Balkim mijoz bilan shartnoma bekor bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, kimdir shartnomani onasining nomiga olgan. Hujjatdagi mijoz Rossiyada, boshqa odam kelib shartnomani bekor qilishni so‘raydi. Bu holatda hech qanaqasiga bekor qilib bera olmaymiz», deydi u.
Shuningdek Marat Hamdamov ruxsatnoma bilan bog‘liq muammolar haqida ham o‘z fikrini bildirdi.
«Sergeli City loyihasi kichik obekt emas. Bu o‘sha paytda hajmi jihatdan Toshkentda yagona edi. Hozirda balkim unaqa bo‘lmasligi mumkin. Mana shu obektimizda qurilish ishlari bosqichma bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ekspertiza xulosalarini olayotganingizda siz loyihani bosqichlarga bo‘la olasiz. O‘sha bosqichlar kesimida kadastr hujjatlari ham bo‘ladi. Aynan Sergeli Cityʼning qaysidir qismida ma’lum ruxsatnoma bo‘lmasligi mumkin, lekin umumiy holatda kompaniya guvohnomasi, kadastr, kengash xulosasi, ekspertiza xulosasi va barcha kerakli ruxsatnomalar bor. Faqat qurilish ishlari ketmayotgani uchun uni Qurilish nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazmaganmiz. Bu uchun har oy to‘lash kerak. Hali qurilmayotgan bino yoki uning qismi uchun 1 yil yoki 2 yil oldin pul to‘lab qo‘yishimiz noto‘g‘ri. U qismda hech kimga uy sotmaganmiz, sotishni ham reja qilmaganmiz. Sotilgan uylarning barchasida tegishli ruxsatnomalar mavjud», dedi Marat Hamdamov.
Kun.uzʼga murojaat qilgan Matyoqubovga oid ishni Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyat boshqarmasi o‘rganib chiqqan. 31 iyul kuni taqdim etilgan hujjatda «Imarat Devlopment» tomonidan xaridorga pullari to‘liq qaytarilishi bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.


PS: Ko‘rsatuv 19-25 sentabr kunlari tayyorlandi. 27 sentabr kuni kompaniyadan norozi fuqarolar tahririyatga kelib, ko‘rsatuvni e’lon qilmaslikni so‘radi. Bunga sabab sifatida Marat Hamdamov ular bilan uchrashgani va bekor qilingan shartnoma bo‘yicha pul mablag‘lari qaytarilishini aytgani ta’kidlandi. Ma’lum bo‘lishicha, hissadorlar tomonidan korxona obro‘siga putur yetkazuvchi xolatlar yuzaga keltirilmasligi, yuzaga kelgan taqdirda esa belgilangan tartibda javobgarlik masalasi yuzaga kelishini nazarda tutuvchi dalolatnoma ham tuzilgan.

Mavzuga oid
08:41
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
18:21 / 03.12.2025
Toshkentda tirbandlikni kamaytirish maqsadida yo‘l harakatini tashkil etish markazi ochiladi
11:34 / 03.12.2025