O‘zbekiston | 07:25 / 14.07.2023
21594
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtoyo‘l»ga yangi rais tayinlandi

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yangi rais tayinlandi.

Foto: O‘zA

O‘zA xabariga ko‘ra, Jamshid Yunusovich Tursunov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi lavozimida ish boshladi.

Jamshid Tursunov 1979 yil Buxoro tumanida tug‘ilgan, Toshkent moliya institutini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida «O‘zsanoatqurilishbank» Buxoro mintaqaviy filiali boshlig‘i, «O‘zavtoyo‘l» aksiyadorlik kompaniyasi moliya-iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasi Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar va mudofaa sanoati masalalari kotibiyati avtomobil yo‘llarini va avtomobil transportini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi bo‘lib ishlagan.

2021-2023 yillarda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

Jamshid Tursunov 2023 yil 16 yanvardan buyon Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

Joriy yilning 11 iyul kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev ishdan olindi

Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, uning ishdan olinishi «investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani» oqibatida ro‘y berdi.

Abdurahmon Abduvaliyev 22 yildan buyon O‘zbekiston yo‘l xo‘jaligiga rahbarlik qilib kelayotgandi. U 2001 yildan O‘zbekiston yo‘l sohasiga rahbarlik qilgan - 2001-2013 yillarda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i, 2013-2017 yillarda «O‘zavtoyo‘l» boshqaruvi raisi, 2017-2019 yillarda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi, 2019 yildan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi.

Mavzuga oid