O‘zbekiston | 18:50 / 04.03.2026
5200
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosh rejasining o‘zgarishi: endi ayrim joylarda 30-40 qavatgacha qurilish qilsa bo‘ladi

Tasdiqlanganidan keyin 14 oy o‘tib o‘zgartirilgan Toshkent shahri bosh rejasida qator hududlardagi yangi binolarning balandlik cheklovi keskin oshirildi. Masalan, endi Beshyog‘ochda 28-32 qavatgacha bino quraversa bo‘ladi – bosh reja o‘zgarmasidan oldin bu yerda 9-12 qavatdan baland binolarga ruxsat yo‘q edi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, Vazirlar Mahkamasining 28 fevral kungi qarori bilan Toshkent shahri bosh rejasiga o‘zgarishlar kiritildi.

Telegram'dagi Davletovuz kanali o‘zgarishlardan keyin qator hududlarda yangi binolarning balandlik cheklovlari oshirilganiga e’tibor qaratdi.

“Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani Navnihol va Olimlar mahallalarida binolar 27 qavatgacha (amalda 5 qavatgacha edi), Oltintepa mahallasidagi renovatsiya qilinadigan binolar 16 qavatgacha qurilishi mumkin.

Bektemir tumanidagi yangi loyihalar 25-30 qavatgacha, Mirobod tumani Mingo‘rik mahallasida 28 qavatgacha, Yangi Mirobod mahallasida 20-40 qavatgacha bo‘ladi.

Sergeli tumanida 30 qavatgacha, Olmazor tumanida 18 qavatgacha, Shayxontohur tumanida 12-29 qavatgacha, Chilonzor tumani Beshyog‘ochdagi qurilish 28-32 qavatgacha (bungacha 9-12 qavat mumkin edi), Yangihayot tumanida 28 qavatgacha, Uchtepada 33 qavatgacha bo‘lishi mumkin”, – deya yozdi bloger.

Toshkent shahrining 2048 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi uzoq kechikishlardan keyin 2024 yil 24 dekabr kuni tasdiqlangan edi. Lekin oradan bir necha oy o‘tib, bosh rejaga zid ko‘plab qurilishlarning loyihalari paydo bo‘lib, taqdimotlar qilina boshlangan edi.

28 fevral kungi qaror asosida, shahar bo‘ylab jami 1,5 ming gektar maydonda umumiy qiymati 14,5 mlrd dollar bo‘lgan 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Bu yirik majmualar, xususan renovatsiya qilinadigan mavzelar hududining kamida 30 foizi yashil maydonlar bo‘lishi kerak.

Ayni paytda, poytaxtda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan voz kechilishi, shaharda 9 ta yangi yashil hudud – jamoat parki tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid