Iqtisodiyot | 07:37 / 21.09.2023
23947
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini 40 foizga qisqartirdi

Sakkiz oy natijalariga ko‘ra, Xitoyga ko‘k yonilg‘i yetkazib berish 370 million dollardan ortiq daromad keltirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston tabiiy gazining Xitoyga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaydi, deb yozadi TASS Xitoy Xalq Respublikasi bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib. 

Avgust oyida O‘zbekistondan Xitoyga oylik gaz yetkazib berish iyul oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 18 foizga kamaygan holda 75,27 million dollarni tashkil etdi. Bungacha O‘zbekiston gaz eksportini ikki oy ketma-ket oshirgan. 

Yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston Xitoyga 370,57 million dollarlik tabiiy gaz eksport qildi, bu 2022 yilgi ko‘rsatkichdan 40 foizga kamdir. 

Turkmaniston Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolishda davom etib, sakkiz oy ichida 6,63 milliard dollarlik gaz yetkazib berdi (o‘tgan yilga nisbatan +5 foiz). Ikkinchi o‘rinda Rossiya, u eksport hajmini qariyb ikki baravar oshirib, 4,46 milliard dollarga yetkazgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Myanma (993 million dollar) va Qozog‘iston (782 million dollar) bormoqda. 

Mavzuga oid