Jahon | 07:07 / 15.09.2023
6666
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda turkiy davlatlar uchun TURAN maxsus erkin iqtisodiy zonasi barpo etiladi

Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo davlatlar savdo va iqtisodiyot vazirlari yig‘ilishida Qozog‘istonda TURAN erkin iqtisodiy zonasi barpo etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Foto: azpolitika.info

Bu haqda Turkiya savdo vaziri O‘mer Bo‘lat TDT Istanbulda o‘tgan savdo va iqtisodiyot vazirlarining 12-uchrashuvi hamda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Ishchi guruhning 14-yig‘ilishida ma’lum qilgan.

«Bugun bo‘lib o‘tgan vazirlar ishtirokidagi yig‘ilishimizda biz TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitim hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladigan TURAN maxsus erkin iqtisodiy zonasini yaratish kabi yangi avlod vositalarini joriy etish bo‘yicha kelishib oldik», — degan Bo‘lat.

Turkiya vazirining qayd etishicha, XXI asrda xizmatlar va investitsiyalar bilan savdo qilishning ahamiyati tobora oshib borayotganini hisobga olib, mamlakatlar «Xizmatlar va investitsiyalar bilan erkin savdo qilish to‘g‘risidagi bitim»ni imzolash imkoniyatlari ustida ish olib bormoqda. «Bugun biz bu yangi bitim bo‘yicha imkon qadar tezroq muzokaralarni boshlash niyatida ekanligimizni namoyish etdik», — degan Turkiya savdo vaziri O‘mer Bo‘lat.

Qayd etib o‘tish joizki, «TURAN erkin iqtisodiy zonasi» barpo etilishi Qozog‘istonning Turkiston oblasti hududidagi TURKISTAN erkin iqtisodiy zonasi turkiy davlatlar uchun maxsus iqtisodiy zonaga aylantirilishi bilan amalga oshiriladi. Erkin iqtisodiy zona yangi TURAN nomiga ega bo‘ladi. Uning maydoni 3987,39 ha’dan 4622,39 ha’gacha kengayadi. Kengayish sanoat zonalariga tegishli 635 ha yer maydoni qo‘shilishi evaziga ro‘y beradi.

Mavzuga oid