O‘zbekiston | 16:12 / 24.07.2025
8767
2 daqiqa o‘qiladi

“Siz xalqimiz uchun yashayapsiz” - Saida Mirziyoyeva Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi

“Umringizni shu yurtga bag‘ishlagansiz, chunki siz faqat oilamizning emas, butun bir millatning otasisiz”, – dedi Mirziyoyeva. Administratsiya rahbarining jamoatchilik asosidagi maslahatchisi Komil Allamjonov o‘z tabrigida Shavkat Mirziyoyevni “eng adolatli prezident” deb atadi. “Siz qurayotgan erkin millat poydevori yanada mustahkam, yo‘llari ravon bo‘lsin!” – deya tilak bildirdi Allamjonov.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva prezident Shavkat Mirziyoyevni 68 yoshni qarshilagani bilan tabrikladi.

“Tug‘ilgan kuningiz qutlug‘ bo‘lsin, dadajon!

Siz men uchun har doim donishmandlik va kuch-qudrat timsoli bo‘lib kelgansiz. Men Sizning cheksiz mehringizdan quvvat olib ulg‘aydim.

Dadajon! Tun-u kun Sizning o‘y-xayolingiz nimalar bilan band ekanini yaxshi bilaman. Siz xalqimiz uchun yashayapsiz. Umringizni shu yurtga, uning tinchligi, odamlar farovonligiga bag‘ishlagansiz. Chunki Siz faqat oilamizning emas, butun bir millatning otasisiz.

Men Sizning bemisl mehr-muhabbatingiz, fidoyi xizmatlaringiz, barcha mashaqqatlarni yengishda ko‘rsatayotgan matonatingiz oldida bosh egaman.

Allohdan faqat bir narsani so‘rayman – Sizni doim O‘z panohida asrasin. Men uchun. Hammamiz uchun...

Siz dunyoga kelgan kun barchamizga muborak bo‘lsin, dadajon”, – deya tilak bildirdi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, administratsiya rahbarining jamoatchilik asosidagi mustaqil maslahatchisi Komil Allamjonov ham davlat rahbarini tavallud kuni bilan qutladi.

“Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin – eng adolatli muhtaram Prezident!

Baxtimizga dunyo turguncha turing!

Siz qurayotgan erkin millat poydevori yanada mustahkam, yo‘llari ravon bo‘lsin!” – deya yozdi Allamjonov.

Mavzuga oid