Jamiyat | 22:44 / 17.12.2025
7577
7 daqiqa o‘qiladi

“Badavlat ayol” loyihasi – boylik tomon yo‘lmi yoki illyuziya biznesi?

Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi: har xil kurslar sotish bilan shug‘ullanuvchi platformalar ustidan 1200 ga yaqin shikoyatlar tushgan. Mijozlar sifatsiz xizmat, ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘lov va pullarni qaytarmaslik holatlaridan arz qilmoqda. Ayollarni boy qilishni va’da bergan “Badavlat ayol” loyihasi ham shular jumlasidan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘tgan yili internetda “Badavlat ayol” nomi bilan yangi onlayn-loyiha paydo bo‘ldi. U o‘zini “ayollarni moliyaviy erkinlikka olib chiquvchi zamonaviy maktab” sifatida taqdim etdi. Reklamada taniqli aktrisa ishtirok etdi va u loyihani “baxt va boylik siri” deb ta’rifladi.

Ta’kidlanishicha, “Badavlat ayol” loyihasi eng zo‘r ekspertlar ishtirokida moliyaviy savodxonlik, shaxsiy o‘sish va onlayn biznesni o‘rgatadi. Bunday reklama ortidan minglab ayollar – uyda bola boqib o‘tirganlar, kichik biznes boshlashni orzu qilganlar, qarz yoki maishiy bosim ostida bo‘lganlar – kursga ro‘yxatdan o‘tdi. Biroq qisqa vaqt ichida bu illyuziya sindi. Bu haqda Kun.uz surishtiruv e’lon qilgandi.

Vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan loyiha shu yilning avgustida yana o‘sha taniqli aktrisa Rayhon Ulasenova ishtirokida o‘z reklamalarini boshladi. Bizga esa murojaatlar kelishda davom etmoqda.

Kurs uchun Uzum Nasiya orqali qarz olib pul to‘lagan murojaatchilar darslar sifatsiz tashkil qilinganini aytmoqda. Ularning shikoyatiga ko‘ra, hech qanday dastursiz, va’da qilingan mutaxassislarsiz onlayn suhbat bo‘lgan xolos.

Men bu loyihadan motivatsiya emas, stress oldim. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, o‘zim yolg‘iz boquvchiman. Hozir farroshlikdan oladigan maoshimdan Uzum Nasiya'ga to‘layapman. Hech kim javob bermaydi, chatlar yopilgan, pulim ham qaytarilmadi”, – deydi loyiha ishtirokchilaridan biri.

Yana bir ishtirokchi loyiha uning hayotini o‘zgartirishidan umid qilganini aytdi.

Tijorat yoki boshqa yo‘nalishlarda yo‘l topishingiz uchun qulay imkoniyat deb reklama qilingan edi. Hech qanaqa imkoniyat ko‘rmadim. Shunchaki, Telegram orqali dars bo‘ldi. Rayhon Ulasenova har jumada bizga suhbat va’da qilgandi, lekin bo‘lmadi. Yaxshi narsa ko‘rmadik, shunchaki internet orqali dars, buni o‘zimiz internet orqali o‘rgansak ham bo‘lardi. Qo‘shilishda oson qo‘shildik, lekin chiqib ketishga imkoniyat bermadi.

Menga yoqmaganini, chiqarib yuborishlarini aytib, 4-5 odamga murojaat qildim. Hatto Rayhon Ulasenovaning o‘zigayam yozdim, javob bo‘lmadi. Darsda bor-yo‘g‘i bitta psixolog suhbat qildi, uyam keyin o‘zining kursini taklif qilib, to‘lov qilishga undadi”, – deydi u.

Darhaqiqat, loyihaning ijtimoiy sahifasidagi izohlarda buning isbotini ko‘rasiz. Shikoyatlar uchun qoldirilgan raqam esa deyarli javob bermaydi. Buni u yerda ishlagan ikki nafar operator qiz ham tasdiqlaydi. Ularning Kun.uz'ga aytishicha, loyihaning asosiy e’tibori faqat sotuvga qaratilgan, aniq reja yoki mas’ul shaxs bo‘lmagan. Shuningdek, “Badavlat ayol” loyihasi bir qancha oilalarning ajrashib ketishlariga sabab bo‘lgani aytildi.

Biz holat yuzasidan uni faol reklama qilgan aktrisa Rayhon Ulasenova bilan bog‘lanishga urindik. Uning turmush o‘rtog‘i Yodgor Ulasenov barcha savollarimizga o‘zi javob berishini aytdi. Undan loyiha kontenti va natijalari bilan qanchalik shaxsan tanishgani, shikoyatlar ko‘payganiga qaramasdan nega reklamani to‘xtatmagani, inflyuyenser sifatida reklamada qanchalik mas’uliyat his qilishini so‘radik. U aktrisa ishtirok etgan reklama ularning roziligisiz ommaga taqdim etilganini aytdi.

Prokuraturaga chaqirilganimizdan keyin, ular bilan ishlashdan umuman voz kechdik. Prokuraturaga chaqirilganimiz uchun emas, u yerga faqat [turmush o‘rtog‘im] ikkalamiz borganimiz uchun. Vaholanki, ularni ham chaqirishgan edi. Ular bilan ishlashni to‘xtatdik, chunki lafzlari yo‘q”, – dedi Yodgor Ulasenov.

Ammo loyihaning ayni paytdagi menejeri Jamoliddin Olloqulov bu iddaolarni rad etdi.

[Rayhon Ulasenova] shartnoma asosida, ma’lum gonorar evaziga ambassador qilib yollangan. Lekin siz aytayotgan ma’lumot noto‘g‘ri. Ma’lum bir joylarga chaqirishyapti. Norozi mijozlar bor. Imkon qadar yopib kelinyapti. Eng oxirgi yopganimiz – uzog‘i ikki kun oldin bo‘ldi”, – dedi Olloqulov.

Shu o‘rinda kim rost, kim yolg‘on gapirganini isbotlash shart emas. Chunki bugun “Badavlat ayol”ga o‘xshagan loyihalar juda ko‘p va ko‘pincha ular shubhali biznes model ekaniga guvoh bo‘lyapmiz.

Bunday loyihalarning ommalashishi – jamiyatdagi bir qancha muammolarning ko‘zgusi. Ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimining yaxshi ishlamasligi, ishsizlik va iqtisodiy bosim sababli ular orzularini “onlayn imkoniyatlar” orqali izlay boshlashadi. “Badavlat ayol” voqeasi — bu faqat bir loyiha emas, balki ayollar ishonchining qanday oson suiiste’mol qilinayotganini ko‘rsatuvchi holat. Bu moliyaviy savodxonlikni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj qanchalik yuqori ekanini ham ko‘rsatadi.

Bugun, 17 dekabr kuni Raqobat qo‘mitasi bu kabi platformalarda xizmat sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirib, shartnoma va pulni qaytarish shartlari bo‘yicha yetarli ma’lumot bermaslik holatlari ko‘payganidan ogohlantirdi. Shunday xizmatlar bo‘yicha qo‘mitaga 2024-2025 yilda 1200 ga yaqin murojaatlar tushgan. Ro‘yxatda eng ko‘p shikoyatlar tushayotganlar orasida “Badavlat ayol” loyihasi ham qayd etilgan.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Mavzuga oid