Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talaba ayollarga imkoniyat, korrupsion litsenziya va kambag‘allik chegarasi - hafta dayjesti
Toshkentda 30-40 qavatli yangi “siti”lar quriladi: bosh rejaga o‘zgarishlar kiritildi. 8 mart arafasida muhim farmon: homilador va yosh bolali talabalar uydan turib o‘qishini davom ettiradi. Samarqandda yana mashmasha: tuman hokimi xorijiy xizmat safariga oila a’zolarini ham qo‘shib jo‘natdi. YPX xodimining o‘limidan keyin: internetdagi maqtanchoq yo‘l bezorilari ta’qib ostiga olindi.
Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Toshkent shahrining 30 ta nuqtasi katta qurilish maydoniga aylanadi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, poytaxtning 15 oy oldin tasdiqlangan bosh rejasi o‘zgartirildi va shaharda 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshiriladigan bo‘ldi. Qurilajak turar va noturar majmualar jami 1,5 ming gektar maydonni egallaydi. Bu loyihalarning umumiy qiymati 14,5 mlrd dollarga baholangan.
Qarorga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan yirik renovatsiya va rekonstruksiya loyihalarini amalga oshirishda har bir loyihaga kompleks qurilish tamoyili asosida yondashiladi, ya’ni 30 ta yirik majmua hududining har birida master-rejalari bo‘ladi. Hududning kamida 30 foizi yashil maydonlar bo‘lishi talab etiladi. Yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan esa voz kechish ko‘zda tutilgan.
Mazkur qurilishlarda investorlardan infratuzilma to‘lovlari undiriladi; hamda shu to‘lovlar va boshqa ajratmalar hisobidan shaharda umumiy maydoni 140 gektar bo‘lgan 9 ta yangi yashil hudud – jamoat parklari tashkil etilishi kutilmoqda.
Bosh reja o‘zgarishi bilan, qator hududlarda binolarning balandlik cheklovi keskin oshirildi. Masalan, bunga qadar Chilonzor tumani Beshyog‘och mavzesida 12 qavatdan baland bino qurish mumkin emas edi, endi bu yerda 32 qavatgacha qurilish qilsa bo‘laveradi. Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek tumanining Navnihol mahallasida 27 qavatgacha; Bektemir tumanining Zabardast va Sergeli tumanining Eski Jaloyir mahallalarida 30 qavatgacha; Uchtepa tumani Katta Cho‘ponota mahallasida 33 qavatgacha; Mirobod tumanining Yangi Mirobod mahallasida 40 qavatgacha qurilish qilishga ruxsat berildi.
Bolalar va ayollar himoyasi kuchaytiriladi
Pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi aynan kimlarga berilishiga aniqlik kiritildi. 3 mart kuni imzolangan prezident farmoniga asosan, umrbod qamoq jazosi – 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish yoki unga zo‘rlik ishlatgan holda jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishdek manfur jinoyatni takroran sodir qilgan shaxslarga taalluqli bo‘ladi. Ya’ni pedofil bir marta qamalib chiqqanidan keyin yana biror yosh bolaning nomusiga tegsa, ikkinchi martasida unga umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo xavf soladi.
Farmonda belgilanishicha, nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslar manzil koloniyaga o‘tkazilmaydi.
Yana bir muhim yangilik – jinsiy tajovuzga oid jinoyatlarni tergov qilish vakolati ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga qaytariladi. Shahvoniy shilqimlikka oid ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish ichki ishlar vakolatida qoladi, lekin bunday ishlarni sudga oshirishdan oldin prokurordan “jinoyat alomatlari yo‘q” degan xulosa olish majburiy bo‘ladi.
Xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida, 1 apreldan boshlab himoya orderi berilgan xotin-qizlarning telefoniga Ijtimoiy himoya milliy agentligining ilovasini o‘rnatish taklif etiladi. Ular mobodo yana tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan taqdirda, ilovaga kirib “SOS” chaqiruv tugmasini bosish orqali zudlik bilan yordam chaqirishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish, ya’ni femitsid uchun alohida javobgarlik kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, familitsid, ya’ni oila a’zolarini qasddan o‘ldirish; stalking, ya’ni shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish; kiberzo‘ravonlik, ya’ni internet sodir etiladigan zo‘ravonlik; hamda onlayn gruming, ya’ni voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish va shu maqsadda internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish kabi harakatlar uchun ham alohida javobgarlik belgilab qo‘yilishi mumkin.
Farmon bilan, homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratiladigan bo‘ldi. 2026/27 o‘quv yilidan boshlab, kursdan kursga qolib ketgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni beriladi. Agar talaba homiladorligi yoki 3 yoshgacha bolasi borligi sabab akademik ta’til olgan bo‘lsa, ta’til davrida masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirishi ham mumkin bo‘ladi.
Inobatga olish lozim, farmonda belgilangan vazifalarning aksariyati qonun shaklida qabul qilinib, kodekslarga rasman o‘zgarishlar kiritilganidan keyin kuchga kiradi.
Oilaviy sayohatga aylangan xizmat safari
Samarqandda shunday hokimimiz bor ekan-u, biz bilmay yurgan ekanmiz... “O‘tkan kunlar” romanidagi yurtparvar qahramon Yusufbek hoji hozirgi zamonda yashaganida, Qo‘shrabot tumanidagi holat haqida shunday degan bo‘lardi ehtimol. Ma’lum bo‘lishicha, Xitoyda markaziy osiyolik fermerlar uchun tashkil etilgan o‘quv kurslariga Qo‘shrabotdan borib qatnashgan delegatsiya tarkibiga tuman hokimining turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va hatto haydovchisi ham kiritilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining aniqlashicha, nafaqat hokimning, balki hokimlikda ishlovchi boshqa bir mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi ham asossiz ravishda Xitoy safariga qo‘shilgan. Shuningdek, safar qiluvchilar ro‘yxatidagi yana ikki kishi aslida ko‘rsatilgan joyda ishlamasligi aniqlangan. Kattaqo‘rg‘on tumanida esa investitsiya va savdo bitimlari uchun Xitoyga borgan delegatsiya tarkibiga xizmat safarining maqsadlariga aloqasi bo‘lmagan xodim ham qo‘shilgan.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan prokuratura chora ko‘rishi kutilyapti. Aksilkorrupsiya agentligi-chi, o‘zi aniqlagan huquqbuzarliklarga o‘zi chora ko‘rmaydimi, degan savol sizni qiziqtirgan bo‘lsa, eslatib o‘tamiz: bu agentlikning asosiy vazifasi – korrupsiyani keltirib chiqarayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashdan iborat. Bizningcha, bu hafta fosh etilgan eng yirik summadagi korrupsion holatda agentlik ana shu vazifasini bajarishiga zarurat bor: xususiy universitet ochishdagi ehtimoliy to‘siqlar taftish qilinishi kerak.
Gap shundaki, kuni kecha Oliy ta’lim vazirligi xodimi naq 100 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi. DXX xabariga ko‘ra, vazirlikning Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash bo‘limi yetakchi mutaxassisi – Qarshi shahridagi nufuzli xususiy universitetga Surxondaryoda filial ochish uchun litsenziya qilib berish evaziga 100 ming dollar talab qilgan va Qashqadaryoda o‘tkazilgan tezkor tadbirda shuncha pul bilan qo‘lga olingan. Tarmoqlarda: “Filial ochish summasi shuncha bo‘lsa, universitetning o‘ziga ruxsat olish summasi qancha ekan?” degan mazmunda muhokamalar ketmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq xususiy universitet ochish uchun norasmiy taqiq borligi, bu esa korrupsiyaga zamin yaratayotgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi.
Hafta davomida korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olinganlar orasida sud, prokuratura va ichki ishlar xodimlari alohida e’tiborga tushdi. Samarqanda alimentni bekor qilib berish va’dasi bilan 300 dollar olgan sudya ushlangan bo‘lsa, Toshkent viloyatida prokuratura xodimi tadbirkorning jarimasini yo‘qotib berish evaziga 9 ming dollar olgan paytida qo‘lga tushdi. Poytaxt Toshkentda esa, shahar IIBBning ikkita tezkor xodimi hibsga olindi: ular giyohvand modda bilan qo‘lga tushgan shaxsni qo‘yib yuborish evaziga 2200 dollar olgani aytilyapti.
Kitob sotuvchisi ustidan tekshiruv, sud, jarima, musodara...
Haftaning yana bir shov-shuvli voqeasi – ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadovning jarimaga tortilishi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili sentabrda Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi xodimlari Asadovga tegishli ko‘chma savdo nuqtasida tekshiruv o‘tkazgan. Tekshiruvda u 20 ming so‘mlik xarid uchun chek bermagani va hujjatsiz ishlayotgani aniqlangan.
Keyinchalik bo‘lib o‘tgan sudda Xayrulla Asadov qilmishidan pushaymonligi, bunday huquqbuzarlikni boshqa takrorlamasligini aytib, suddan yengillik so‘ragan. Sud esa uni 2 mln so‘m jarimaga tortib, 1,5 mln so‘mlik 100 ta kitobini musodara qilgan.
Ma’lumot uchun, misol sifatida birgina qurilish sohasini oladigan bo‘lsak, Soliq qo‘mitasi har oyda o‘nlab milliard so‘mlik soliq qarzi bor qurilish kompaniyalarini e’lon qilib boradi. Soliq qarzi 100 mln so‘mdan ko‘p qurilish kompaniyalarining umumiy qarzi trillion so‘mdan oshib ketgan. Lekin soliq to‘lamagani yo chek bermagani uchun “falon quruvchining sotuvdagi uylari musodara qilinibdi” degan xabarlar uchramaydi.
“Otamdan qolgan dalalar” romanidagi Dehqonqul agar shu kitob sotuvchining o‘rnida bo‘lganida, o‘zining mashhur iborasi bilan: “O‘ynab qo‘yay, bundaychikin choralaringga o‘ynab qo‘yay!” deya xitob qilgan bo‘lardi. Chunki bu holat – davlat tomonidan kitobxonlik targ‘iboti qo‘llab-quvvatlanayotgan, hatto kitob savdosi bilan soliq to‘lamasdan shug‘ullanishga ruxsat berib qo‘yilgan bir sharoitda ro‘y bergan.
Soliqchilar kitobxonlik rivojiga hissa qo‘shayotgan Asadovga ogohlantirish berib, qonunchilik bo‘yicha 2025 yil oxirigacha kitob savdosi bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida shug‘ullanishi mumkinligini tushuntirishi va asosiy e’tiborini soliq tushumlarini sezilarli oshiradigan harakatlarga qaratishi to‘g‘riroq bo‘lardi. Sud ixtiyorida esa MJtKning 21-moddasi bor edi: unga asosan, sudyalarga kam ahamiyatli ma’muriy ishlarda huquqbuzarga ogohlantirish berish bilangina kifoyalanish vakolati berilgan.
“Kuchingiz shunga yetdimi?” degan mazmundagi e’tirozlarga seshanba kuni Toshkent shahar sudlari javob berdi. Bayonotda bu huquqiy masala ekani, sotuvchi savdo qoidalariga rioya etishi kerakligi aytilgan.
“Masalaning ijtimoiy-ma’naviy tomonlari ham bor, albatta. Bu – yuqori sud instansiyasida muhokama qilinishi mumkin. Qonun sud qaroridan norozi tarafga shikoyat qilish imkoniyatini beradi”, – deyiladi rasmiy izohda.
Chorshanba kuni Yoshlar ishlari agentligi Xayrulla Asadovni qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Agentlik unga zamonaviy bukinist do‘konchasini o‘rnatib berish va faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi uchun 2000 dan ortiq kitob taqdim etishga qaror qilgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi sabab minglab o‘zbekistonlik Yaqin Sharqda qolib ketdi. Prezident topshirig‘i bilan tezkor choralar ko‘rilib, 1 martdan repatriatsiya reyslari yo‘lga qo‘yildi va dastlabki 7 kunda 17 mingdan ortiq vatandosh qaytarib olib kelindi. Ular orasida Umra ziyoratchilari ham bor. Hafta davomida prezident Shavkat Mirziyoyev BAA, O‘mon, Kuvayt, Qatar, Bahrayn va Ozarboyjon rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Eronning Toshkentdagi elchixonasiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Eron oliy rahbarining o‘limi munosabati bilan prezident Pizishkiyonga ta’ziya yo‘llagan. Tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning bu urushdan iqtisodiy ta’sirlanish darajasi urush qanchalik uzoq davom etishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi yo‘l bezorilari endi ta’qib ostida bo‘ladi. Yo‘l-patrul xodimining o‘limidan keyin o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Jo‘rayev shunday topshiriq berdi. Generalning buyrug‘iga ko‘ra, internet tarmoqlari doimiy monitoring qilinib, yo‘l bezoriligini targ‘ib qiluvchilar muqarrar javobgarlikka tortiladi, akkauntini esa bloklash choralari ko‘riladi. Dastlabki 6 kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l bezoriligi aks etgan 107 ta video aniqlanib, 66 kishiga chora ko‘rilgan. Yo‘llarda esa, 26 fevraldan 4 martgacha respublika bo‘ylab 5300 ta avtomobil qo‘pol qoidabuzarlik uchun jarima maydoniga qo‘yilgan. Shu vaqt davomida 66 nafar voyaga yetmagan shaxs mashina boshqarayotganda qo‘lga tushgan. YHXX, shuningdek, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslarning rulga o‘tirishi endi kameralar yordamida aniqlanishini ham e’lon qildi.
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m deb belgilandi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘mni tashkil etgan. Qonunchilikka ko‘ra, jon boshiga oylik daromadi shu qiymatdan past bo‘lgan oilalar rasman kambag‘al hisoblanadi. Misol uchun, agar 4 kishilik oilaning oylik daromadi 2 mln 860 ming so‘mdan yuqori bo‘lsa, bu oila kambag‘al sanalmaydi. Kambag‘allik chegarasi o‘tgan yilgidan 6,9 foizga oshirilgan. 2025 yilgi inflatsiya esa 7,3 foiz bo‘lgani qayd etilgandi.
Tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontrakt bekor qilinishi mumkin. Bu – Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan. Loyihada kelgusi o‘quv yilidan boshlab tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida oshirilgan kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoniyatini tugatish taklif etilgan. Bundan tashqari, bakalavriat, magistratura va rezidentura talabalarining imtihondan o‘tishiga qo‘yilgan minimal talablarni qat’iylashtirish, internaturaga qabulni esa tugatish ko‘zda tutilyapti.
Markaziy bank kartadan kartaga pul o‘tkazmalarining maqsadiga qiziqib qoldi. Idora shu maqsadda tijorat banklariga xat yo‘llab, mobil ilovalarda P2P o‘tkazmalarni amalga oshirishda o‘tkazmaning maqsadi ko‘rsatilishi kerakligini talab qilgan. Bir nechta ilovalarda bu talab allaqachon joriy etilgan. Markaziy bank xatida maqsadlar ro‘yxati ham berilgan bo‘lib, “savdo uchun to‘lov” varianti ro‘yxatning eng boshiga qo‘yilgani xavotirlarni kuchaytirmoqda. Internetdagi tanqidlardan keyin regulyator bayonot chiqarib, banklarga yuborilgan xatdagi talab endi tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lishini ma’lum qildi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
21:45 / 07.03.2026
Si Jinping harbiylarni korrupsiyaga botgan amaldorlarni yashirmaslikka chaqirdi
12:37 / 07.03.2026
Farg‘ona tumani soliqchisi 20 ming dollar bilan ushlandi
12:16 / 07.03.2026
Prezident pedofil-retsidivistlar uchun umrbod qamoq jazosi kiritilayotganiga izoh berdi
22:24 / 06.03.2026