Muhabbatdan nafratgacha 2 yil: Savchenkoning davlat to‘ntarishi bo‘yicha ssenariysi
22 mart kuni Ukraina faxri, xalq qahramoni, «Za mujnіst» kavaler ordeni sohibi, faxriy fuqaro, Oliy rada xalq deputati Nadejda Viktorovna Savchenko Ukrainada davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishda ayblanib qo‘lga olindi.
Rossiyadagi asirlik
Roppa-rosa ikki yil muqaddam Savchenko Rossiyada asirlikda edi. 2016 yilning 22 martida unga 22 yillik qamoq jazosi tayinlangandi. Xalqaro tashkilotlar Rossiyadan Savchenkoni ozod etishni talab qilar, Savchenko sud zallarida ukraincha qo‘shiq aytar va kulardi.
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko esa uchuvchi qiz Nadya Savchenkoni ozod etish uchun muzokaralar boshladi. U asirlikdagi ikki nafar rossiyalikni Savchenkoga almashtirishni taklif qildi.
«Batkivshchina» yetakchisi Yuliya Timoshenko esa Obama va Merkeldan «Putinga ta'sir ko‘rsatib» Savchenkoning ozod etilishida yordam so‘radi. AQSh Davlat departamenti rasmiysi Jon Kirbi esa bu Rossiyaning ichki ishlariga aralashish bo‘lishini aytib, AQSh qonun doirasida yo‘l tutishini ma'lum qildi.
AQSh bu ishga aralashishdan bosh tortdi, 2016 yil 5 aprelidan hukm kuchga kirdi. 6 aprel kuni Savchenko ochlik e'lon qildi, keyin bu fikridan qaytdi. Keyin yana ochlik e'lon qildi, keyin... 2016 yil 25 mayida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Savchenkoning harakatlari oqibatida halok bo‘lgani aytilgan jurnalistlar Igor Kornelyuk va Anton Voloshinning qarindoshlari iltimosi tufayli «uchuvchi Savchenko»ni afv qilish haqidagi farmonini imzoladi.
Shu kuni Ukraina prezidenti Poroshenkoning samolyoti ikki nafar rossiyalik asirni olib uchib Rostovga qo‘ndi va Savchenko bilan Kiyevga qaytdi.
«Zaharli» Nadya
Ukraina o‘z qahramon qizini olqishlar bilan qarshi oldi. Poroshenko ham uni xursandchilik bilan kutib oldi, ammo uning bu xursandchiligi uzoqqa bormadi. Asirlikdan qaytgan Nadya-Nadenka prezidentga sovg‘a tayyorlab qo‘ygandi - u keyingi kuniyoq Ukraina prezidenti bo‘lish maqsadi haqida e'lon qildi.
2016 yilning 7 iyun kuni Nadya Donbassni qaytarish rejasi haqida ma'lum qildi, uningcha LXR va DXR bilan ochiq muzokara o‘tkazish kerak: «Biz bir-birimizga tabassum qilamiz va barchasi amalga oshadi». Oliy Rada va Ukraina matbuoti mum tishladi.
2016 yilning 22 iyunida Savchenko, agar shu kuni prezidentlik saylovi o‘tkazilsa, yuz foizlik g‘alabaga erishishi haqida ishonch bilan gapirdi.
2016 yilning 23 iyulida Savchenko Ukraina prezidenti bo‘lishi shunchaki zarurat ekanini aytdi.
Poroshenko endi undan qutulish payiga tushdi. Savchenko Ukraina Xavfsizlik xizmatiga chaqirilib, tergov qilindi, uni «Batkivshchina» safidan haydashdi, Ukraina delegatsiyasi tarkibidan chiqarishdi.
Bosim ostida qolganiga qaramasdan Savchenko Oliy Radaga «granatalar solingan sumka» bilan kelib, 2019 yilgi saylovlarda ishtirok etishi haqidagi jiddiy niyati hammani qo‘rqitib yubordi. Buning oqibatlari ko‘p kuttirmasligi tayin edi.
2018 yilning 15 martida xalq deputati Anton Gerashchenko ma'lum qildiki, Nadejda Savchenko Ukrainada davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinishda gumonlanmoqda va u «Ruban ishi»ga aloqador bo‘lishi mumkin. Shu kuni Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko ham Savchenko Oliy Radada terakt sodir etishni rejalashtirganini tasdiqladi va uni hibsga olishni so‘ragandi. O‘shanda u Savchenko Radada terakt uyushtirishni rejalashtirgani bo‘yicha «rad etib bo‘lmas» dalillarga egaligini aytgandi: go‘yoki, u parlamentning ikki lojasini «harbiy granatalar bilan yo‘q qilish», «minorani minomyotda urib tushirish» va «omon qolganlarni avtomat bilan qirib tashlash»ni reja qilgan.
Shundan so‘ng, «uchuvchi»ni Radaning Ukraina milliy xavfsizligi bo‘yicha qo‘mitasidan chiqarib yuborishdi.
Ukraina Xavfsizlik xizmatidagilar Savchenko — «Rossiya qamoqxonasida agentlikka yollangani»ni tusmol qila boshladi. Uni «Putinning agenti!» deyishdi. Bunga javoban Nadya-Nadenkaning jini qo‘zidi va Ukraina hukumatini Ukraina xalqiga qarshi jinoyatlarda aybladi.
Bugun Ukraina Oliy radasida deputat Nadejda Savchenkoni deputat sifatida daxlsizlikdan mahrum qilish, javobgarlikka tortish, qo‘lga olish va hibs qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Savchenko Ukraina Oliy radasi qo‘mitasi yig‘ilishiga ikkita anor (granat) bilan keldi.
«Sizlarga hozir o‘limga naqadar yaqin bo‘lganingizni aytishim kerak. Sizlarni qo‘rqitishgan, sumkamda granatalar bormidi? Ha, granatlar bor edi. Granatlar bo‘lgandi. Mana ular», – deya ikkita anorni stolga tashladi Savchenko. Uning aytishicha, 15 mart kuni Radada ham uning yonida shunday «granata»lar bo‘lgan.
Ammo Lutsenko deputatlarga 20 daqiqalik videoni qo‘yib berdi, unda Savchenkoning davlat to‘ntarishi uyushtirish bo‘yicha rejalari aks etgandi. Shundan so‘ng deputatlar uning qo‘lga olinishiga rozilik berdi - deputatni jinoiy javobgarlikka tortish uchun 291 deputat «ha» deb ovoz berdi. Savchenkoni qo‘lga olishga 277 deputat rozi bo‘lgan bo‘lsa, hibs qilish uchun – 268.
Savchenko mamlakat parlamenti binosida qo‘lga olindi.
«Sizga gumonlanuvchi bog‘ichini taqaman. Men bilan birga Ukraina Xavfsizlik xizmatining Kiyev bo‘yicha boshqarmasiga borishingiz kerak», dedi unga tergovchi.
Tergovga ko‘ra, Savchenko Kiyevdagi hukumat binolariga minomyotlar bilan hujum qilishni rejalashtirishda gumonlanadi.
Davlat to‘ntarishi ssenariysi
Oliy radada Bosh prokuror tomonidan namoyish etilgan 20 daqiqalik videoda Savchenko Donbassdan qurol olib kelib, mamlakatda hokimiyatni kuch bilan olish bo‘yicha hamfikrlari bilan reja tuzgani aks etgan.
Videoga ko‘ra, Savchenko 2017 yilning 1 dekabr kunida Xmelnitskdagi harbiy qismdagi maxfiy uchrashuvda Petro Poroshenko saylovda yutqazishidan umid qilish kerakmasligi, ikkinchi turda unda kuchsiz raqib bo‘lishi, shu tufayli uni va hozirgi hukumatning yuqori martabali amaldorlarini parlament zalida jismonan yo‘q qilish zarurligi haqida gapirgan.
«Yulka (Timoshenko) Rossiyani ham, Amerikani ham qanoatlantirmaydi. U unga (Poroshenko) raqib bo‘la olmaydi. U ikkinchi turga Poroshenko uchun kuchsiz raqib chiqishini ta'minlab beradi, bu Lyashko yoki Boyko bo‘ladi. Men davlat to‘ntarishini taklif etaman. Ularni bir kunda, bir joyda jismonan yo‘q qilmoq darkor. Shunday qilish kerakki, ularning birontasi ham qocha olmasin. Meni hukumat kvartallari ularning uylaridan kamroq qiziqtiradi. Shunday qilish kerakki, ularning qochadigan joyi qolmasin. Keyingi vazifalar vaqti bilan paydo bo‘ladi», deydi videoda Savchenko.
Audioyozuvda suhbatdoshlar davlat to‘ntarishining turli ssenariylarini muhokama qilishgan: hukumat kvartallarini minomyotlardan o‘qqa tutish, amaldorlarning uylariga qurolli hujumlar uyushtirish, Oliy radada granatalar portlatish, omon qolganlarni avtomatlar bilan qirib tashlash.
«Bu ishni bir kishi qisqa vaqt ichida amalga oshirishi kerak. Albatta, tirik qolishning imkoni yo‘q. Shu tufayli men bu rolga o‘zimni taklif qilaman. Qahramonlar o‘lmaydi, qahramonlar mangu yashaydi», degan Savchenko.
Videoda shuningdek, u agar amaldorlar va siyosatchilarni hukumat binolarida o‘ldirib bo‘lmasa, bu ishni ularning uylarida amalga oshirish zarurligi haqida gapiradi. Keyin gap aynan Poroshenko, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Aleksandr Turchinov, Ichki ishlar vaziri Arsen Avakovni bir joyda o‘ldirish zarurligi haqida ketadi. «Bu Oliy radada prezident o‘z hisobotini o‘qiyotgan mahalda ro‘y berishi kerak», deydi Savchenko.
Bosh prokuratura xulosasiga ko‘ra, o‘z rejalarini amalga oshirish uchun Savchenko asirlarni almashish bo‘yicha sobiq vositachi Vladimir Ruban va Donetsk Xalq respublikasi rahbari Aleksandr Zinchenko bilan til biriktirgan.
Ruban 8 mart kuni Donbassdan qurol-yarog‘ olib o‘tayotganida chegarada qo‘lga tushdi.
«Savchenko noyabr oyida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangchilarning 8 polkiga murojaat qilgan. U Lyashchga, Kotga, Zaxarchenkoga va Bereznoga davlat to‘ntarishi amalga oshirishni taklif etgan, ofitserlar bir to‘xtamga kelguncha, Ruban qurollarning bir qismini Ukrainaga olib o‘tgan, 4 ofitser esa bu haqda Ukraina xavfsizlik xizmatini xabardor qilishgan», dedi Oliy rada yig‘ilishi chog‘ida bosh prokuror Yuriy Lutsenko.
Ofitserlardan biri sudda «Ruban pul evaziga yuk tashish uchun avtobus so‘ragani»ni tasdiqlagan. «Men unga ulov berdim, Savchenko Donbassdan minomyotlar keltirilishini aytdi», deya ofitserning so‘zlarini keltirgan bosh prokuror.
Uning aytishicha, xiyonatchilar Kiyev markazini Truxan orolidan yoki Dneprdagi barjadan turib minomyotlardan o‘qqa tutishni rejalashtirishgan.
Uning aytishicha, ofitserlar bunday kelishuv haqida xabardor qilgach, harbiy xizmatchilar Ukraina Xavfsizlik xizmati ko‘rsatmalari bo‘yicha harakatlangan, ularning hamkorligi tufayli Kiyevda sodir etilishi mumkin bo‘lgan yirik teraktlarning oldi olingan. «Bu mutlaqo maxfiy amaliyot edi, bu amaliyot endi final qismiga yetdi», dedi Ukraina bosh prokurori.
Savchenko: «Men davlat to‘ntarishi taklif qilganman»
Savchenkoning o‘zi Kiyevda hokimiyatni kuch bilan olishni o‘ylaganini tan oldi, ammo u bu rejasini amalga oshirishga kirishmaganini aytdi.
«Men syurrealizm hosil qilishga urindim, men imkoni bor va imkonsiz ishlar haqida gapirdim», dedi Savchenko Oliy rada yig‘ilishi vaqtida.
U Donbassdan qurollar keltirilishiga aloqadorligini inkor qilmadi. Uning fikricha, bu «maxsus amaliyot»dir. «Raqibning qurolini olib chiqish - hamisha manfaatli. Kiyev nazoratida bo‘lmagan hududdan olib chiqilgan har bir qurol, har bir mina, har bir patron - bizning soldatlar oldida portlashi yoki bizning soldatlarga tegishi mumkin bo‘lgan snaryadlarning zararsizlantirilishidir», dedi u qo‘mita yig‘ilishi vaqtida.
Parlament yig‘ilishi vaqtida u yana bir bor Oliy radada terakt uyushtirmaganini ta'kidladi. U parlament binosida deputatlar va siyosatchilardan boshqalar ham, oddiy xodimlar va jurnalistlar bo‘lishi, ular deputatlarning «xaloskor farishtalari» ekanini dastak qilgan.
«Agar ular bo‘lmaganida, bu ish allaqachon sodir ham bo‘lardi», dedi Savchenko parlament tribunasida turib.
Ammo Savchenkoning oqlovlari bosh prokurorda taassurot qoldirmadi.
«Bugungi kunda telefon orqali qayergadir bomba qo‘yilgani haqidagi yolg‘on xabar uchun 5 yil berishadi. Shuning uchun, buni faqat illyuziya va syurrealizm deb atash bilan qutulishga urinmang. Bu ongli ravishda ishlab chiqilgan reja va unga tayyorlanish, qurol olib kelish va ijrochilarni yollash bo‘lgan», dedi u.
Savchenko: «Mendan emas, ulardan qo‘rqing»
Bosh prokuror qo‘yib bergan, Savchenkoning qilmishlari ochib tashlangan videoni parlamentdagi deputatlar yuzida nafrat bilan tomosha qilishdi. «Volya naroda» guruhidan bo‘lgan Yevgeniy Ribchinskiy ertalab Savchenkoga qarshi ayblovlar yechilishi uchun ovoz bermoqchi bo‘lgani, ammo bu videodan keyin fikridan qaytgani, uning hibsga olinishi uchun ovoz berganini aytdi.
«Sen aybsiz bo‘lganingda, men bugun sen uchun ovoz bergan bo‘lardim. Ammo sen aybdorsan», dedi tribunada turib «Aydar» ko‘ngillilar batalonida Savchenko bilan birga jang qilgan sobiq jangchi, hozirda deputat bo‘lgan Yevgeniy Lapin.
Shu bilan birga, ushbu bo‘limning sobiq qo‘mondoni Sergey Melnichuk o‘z nutqida Savchenkoni himoya qildi.
«Biz hukumatni o‘zgartirish uchun imkon qadar ish qilishimiz kerak, bu hukumat odamlarni jonidan to‘ydirdi. Agar biz bir ilojini qilmasak, odamlar kelgusida yanada radikallashadi, bu ishni Nadejda qilmagan bo‘lsa, ular qilishadi», dedi u va «Ukrainada terrorizmga o‘rin yo‘qligi»ni qo‘shimcha qildi.
Savchenkoning o‘zi ovoz berilishidan oldingi «oxirgi so‘z» sifatida «Ukrainaga yangi Konstitutsiya kerakligi» haqida gapirdi.
Savchenko hozirgi hukumat o‘tgan 4 yil mobaynida «urush parlamentga kirib kelmasligi» uchun hech ish qilmaganini aytdi. «Kelajakda nima bo‘lsa ko‘raverasiz endi.. Mendan qo‘rqmang, endi sizlarga parlamentda xavf tug‘dirmayman. Sizga xalq xavf tug‘diradi», deya tahdid qildi u.
Lutsenko: «Bugun jarayon endi boshlandi, hali bu hammasi emas»
Bosh prokuror Lutsenko «Ruban-Savchenko terroristik dueti»ni «ichkaridagi antiukrain front»ning bir elementi ekanini aytdi.
«Ukraina Xavfsizlik xizmati ham, harbiy prokuratura ham asosiy vazifa qilib, varaqalar, pullar, minalar va granatalar bilan Ukraina davlatchiligiga tahdid soladiganlarni aniqlashni belgilab olgan», dedi u.
Yuriy Lutsenkoning baholashicha, bu ish bo‘yicha tergov jarayoni 2-3 oy muddatga cho‘ziladi, shundan so‘ng ish sudga o‘tkaziladi.
U shuningdek, Savchenko ruhiy ekspertizadan ham o‘tkazilishi mumkinligini anons qildi. Uning tusmol qilishicha, yaqin kunlarda u shunday tekshiruvdan o‘tadi.
Aziz Qarshiyev
Mavzuga oid
21:07
Putin Ostonadagi chiqishida Zelenskiy ofisiga zarba berilishi mumkinligiga ishora qildi
18:30
Tramp Ukraina bo‘yicha maxsus vakilini tanladi. U urushni qanday tugatishni taklif qiladi?
17:49
Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari «Oreshnik»ning navbatdagi nishoni bo‘lishi mumkin - Putin
10:18