Jahon | 08:08 / 12.05.2017
9216
3 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko: YeI bilan vizasiz rejim Rossiya imperiyasi bilan butkul ajrashishdir

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning fikricha, mamlakat Yevropa ittifoqi bilan vizasiz rejimni olib, “Rossiya imperiyasidan ajralishni yakuniy tarzda rasmiylashtirdi”.

"Men shuni aytmoqchimanki, bugun Ukraina Rossiya imperiyasi bilan o‘z ajrimini yakuniy ravishda rasmiylashtirdi. Buni aynan shunday tarzda, faylasufona qabul qilishimiz kerak", - deya ma'lum qilgan Poroshenko payshanba kuni Ukrainaning "1+1" telekanaliga.

Shuningdek uning fikricha, vizasiz rejim “Ukrainani Yevropa davlatlari tarkibidagi tarixiy joyiga qaytaradi”.

Yevropa ittifoqi vazirlar kengashi 11 may kuni maxsus qarorni ma'qulladi. Unga ko‘ra, Ukraina fuqarolariga YeI ishtirokchi-davlatlari hududiga yarim yil ichida 90 kunga vizasiz kirish huquqi taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Pyotr Poroshenkoning fikricha, Yevropa ittifoqining Ukraina fuqarolariga vizasiz rejimni taqdim etishi Qrim va Donbassni Kiyev nazorati ostiga qaytarishda katta o‘rin tutishi mumkin.

Avvalroq Ukraina prezidenti vizasiz rejim haqidagi kelishuv 17 may kuni imzolanishini ma'lum qilgandi. Shundan so‘ng qaror YeI rasmiy axborotnomasida e'lon qilinadi va 20 kundan keyin ukrainaliklar Yevropa ittifoqiga vizasiz borishi mumkin bo‘ladi. Kutilishicha, vizasiz rejim taxminan 11 iyun kunidan kuchga kiradi. Shu bilan birga, YeI Kengashining ma'lum qilishicha, Yevropa ittifoqi Ukraina bilan vizasiz rejimni migratsiya va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin.

"Bizga vizasiz rejimning taqdim etilishi Qrim va Donbassni istilodan chiqarish sohasidagi siyosat uchun juda muhim. Bosib olingan yerlarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan qaytarilishi haqida gapirar ekanmiz, bu aholiga yaxshi sharoit yaratishni nazarda tutadi. Shunda ular Ukraina hududiga qaytish va bizning pasportlarni olishdan manfaatdor bo‘ladi", - deya aytib o‘tgan Poroshenko "1+1" efirida.

Ukraina prezidenti Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan Donbass hududidagi hayot sharoitini dahshatli, deb atadi.

"Ukrainada islohotlar amalga oshirilayotgan, assotsiatsiya haqidagi kelishuv ratifikatsiya qilinayotgan, sarmoyaviy jozibadorlikni oshirish uchun real qadamlar qo‘yilayotgan bir sharoitda har bir fuqaro vizasiz sayohat qilish huquqiga ega, bu qo‘shimcha motivatsiya", - deya hisoblaydi Poroshenko.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid