O‘zbekiston | 19:23 / 28.02.2026
9647
1 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonovga suiqasd ijrochilaridan biri qamoqxonada vafot etdi. U joniga qasd qilgani aytilyapti

Komil Allamjonovga suiqasd qilishda ayblanib jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Ismoil Jahongirov qamoqxonada vafot etdi. Uning yaqinlari Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ularga Jahongirov o‘z joniga qasd qilganini aytishgan.

Ismoil Jahongirov (suratda o‘ngda) va Shohrux Ahmedov

Voqea 2026 yil 26 fevral kuni sodir bo‘lgan: Jahongirov qamoqxona kamerasida kiyimlaridan dor yasab, o‘zini osgani aytilyapti. Marhum 27 fevral kuni dafn etilgan.

Ismoil Jahongirov – Prezident administratsiyasi mulozimi Komil Allamjonovga 2024 yil 26 oktyabr kuni qilingan suiqasdda ayblanib, 2025 yil 12 fevral kuni 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

U suiqasddan keyin Shohrux Ahmedov bilan birga internetda videomurojaat e’lon qilib, bu ishda ijrochi ekanini tan olgan. Sud hukmi bilan Shohrux Ahmedov ham 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Shuningdek, Prezident davlat xavfsizlik xizmati o‘z xavfsizligi boshqarmasi sobiq boshlig‘i Shuhrat Rasulov suiqasd buyurtmachisi sifatida 23 yilga, Janubiy Koreyadan ushlab keltirilgan tadbirkor Javlon Yunusov jinoyat buyurtmachisi va ijrochilari o‘rtasidagi vositachi sifatida 18 yilga qamalgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid