Jahon | 22:58 / 12.04.2026
16850
3 daqiqa o‘qiladi

Uganda armiyasi rahbari Turkiyadan bir milliard dollar va “eng go‘zal ayol”ni berishini talab qildi

U shuningdek, agar talabi 30 kun ichida bajarilmaydigan bo‘lsa, Turkish Airlines parvozlarini taqiqlash va diplomatik munosabatlarni uzish bilan tahdid qildi.

Foto: REUTERS

Uganda prezidentining o‘g‘li va mamlakat mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni general Muxoozi Kaynerugaba Turkiyadan “dividend” sifatida bir milliard dollar va eng go‘zal ayolni berishini talab qildi, deb xabar berdi India Today nashri.

"Turkiyadan bir milliard dollarga qo‘shimcha ravishda bu mamlakatdagi eng go‘zal ayolni xotinlikka olmoqchiman!" — deb yozdi Kaynerugaba X tarmog‘ida, ammo keyinroq bu postni o‘chirib tashladi.

Kaynerugabaning ta’kidlashicha, Ugandaning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etilmay qolgan va buning uchun moliyaviy tovon to‘lanishi lozim.

U postlarida Turkiyani Somalidagi biznes va infratuzilma loyihalaridan, xususan, poytaxt Mogadishodagi portlar va aeroportlardan foyda ko‘rayotganlikda ayblagan. Uning da’vosiga ko‘ra, Turkiya bu loyihalardan daromad olayotgan bir paytda Uganda ko‘p yillar davomida xavfsizlik bo‘yicha og‘ir mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib kelgan.

Kaynerugaba "qimmatli qog‘ozlar sotuvidan dividendlar berilishi"ni talab qildi hamda Turkiyaning eng chiroyli ayoliga uylanishini aytdi.

U shuningdek, agar talabi 30 kun ichida bajarilmaydigan bo‘lsa, Turkish Airlines parvozlarini taqiqlash va diplomatik munosabatlarni uzish bilan tahdid qildi.

Muxoozi Kaynerugaba Ugandaning amaldagi prezidenti Yoveri Kaguta Musevenining o‘g‘li bo‘lib, u mamlakat mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni hisoblanadi.

General o‘zining shov-shuvli bayonotlari bilan tanilgan. U 2022 yil oktyabrda ijtimoiy tarmoqlarda ikki hafta ichida Keniya poytaxtini bosib olishini yozgan, oqibatda uning otasi uzr so‘rashiga to‘g‘ri kelgandi.

AQSh va Isroilning Eronga hujumidan so‘ng u Uganda Tel-Aviv tomonda turib urushga kirishga tayyorligini aytgandi.

Shuningdek, u oldinroq Italiya bosh vaziri Jorjia Meloniga uylanish evaziga 100 bosh zotli sigirlardan berishga tayyorligini aytgandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid