Jahon | 08:06 / 31.08.2025
9559
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin va Zelenskiy uchrashuvi ehtimolini baholadi

Tramp o‘zi, Putin va Zelenskiyning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, degan fikrni aytdi, biroq Rossiya va Ukraina yetakchilarining ikki tomonlama muzokaralari istiqboliga shubha bildirdi.

Foto: Oq uy / Joyce N. Boghosian

Rossiya, AQSh va Ukraina sammiti bo‘lib o‘tadi, ammo Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy uchrashadimi yoki yo‘qmi – noma’lum. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Daily Caller nashriga ma’lum qildi.

«Uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Ikki tomonlama [Putin va Zelenskiy uchrashuvi] haqida bilmayman, lekin uch tomonlama bo‘ladi. Bilasizmi, ba’zan odamlar bunga tayyor bo‘lmaydi»,  dedi u.

Prezident o‘z fikrini izohlarkan, shunday o‘xshatish keltirdi.

Sizda bola bor, maydonchada boshqa bola bor, ular bir-birlarini yomon ko‘rishadi, qo‘llarini silkitishadi, silkitishadi va siz ular to‘xtashini xohlaysiz, ular esa davom etishadi. Biroz vaqt o‘tgach, ular o‘zlari ham to‘xtashni xohlashadi, tushunyapsizmi? Bu deyarli bir xil. Ba’zan ularni to‘xtatishdan oldin bir oz urishishlari kerak bo‘ladi. Lekin bu juda uzoq davom etyapti. Juda ko‘p odamlar halok bo‘ldi.

Rossiya-Ukraina urushini tugatish – Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biri bo‘lgandi. AQSh ma’muriyati fevral oyi o‘rtalaridan beri Moskva va Kiyev bilan mojaroni to‘xtatish bo‘yicha alohida muzokaralar olib bormoqda, ammo deyarli hech qanday natijaga erishilmadi.

Tramp 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tgan sammitdan keyin Zelenskiy va Putin uchrashuviga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qilgandi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini, biroq oliy darajada ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan barcha masalalar puxta ishlab chiqilishi kerakligini ta’kidladi.

Zelenskiy, o‘z navbatida, Ukraina muzokaralarga tayyorligi, biroq o‘zi uchun Tramp ishtirokidagi uch tomonlama format afzalroq ekanini aytdi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers 28 avgust kuni Putin va Zelenskiy uchrashuvi bo‘lmasligini aytdi.

Mavzuga oid