O‘zbekiston va dunyoning boshqa davlatlari aholisi necha yilda uy sotib ololadi?
Toshkentda uch xonali xonadonlarning narxi o‘rtacha – 72 ming dollar. Dunyodagi xuddi shunday eng arzon kvartira Misrda – 38,6 ming va eng qimmati esa Hongkongda – 2 mln dollar. Boshqa davlatlarda uylarning 1 kvadrat metri uchun qancha to‘lashadi va uylarning narxlari qanday? O‘rtacha oylik oladiganlar necha yilda uy sotib olishlari mumkin?
Uy-joy insonlarning eng birinchi ehtiyoji bo‘lgani uchun uning narxi bilan bog‘liq ma’lumotlar doim diqqat-markazimizda bo‘ladi. Davlatlarning uy narxlarini solishtirish uchun esa eng avvalo ma’lum bir o‘lchov va sharoitdagi namuna olish kerak bo‘ladi.
Buyuk Britaniyaning moliyaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi “Finder” portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 59 kvadrat metrli, 2 yotoqxona va 1 zalga ega 3 xonali apartamentning narxi 106 ta davlat o‘rganilganda o‘rtacha 241 431 dollar bo‘lgani aniqlangan.
Xuddi shu tipdagi eng arzon uy Misrda o‘rtacha qiymatdan 6 baravar arzon bo‘lsa, eng qimmat Hongkongdagi shunday 3 xonali uylar esa 8,3 baravar qimmat.
106 ta davlatga aloqador ma’lumotlar asosida tuzilgan reytingda Misr, Pokiston, Nigeriya, Tunis va Venesuela bu kabi apartament narxlari bo‘yicha eng arzon beshlikda bo‘lsa, Hongkong, Singapur, Janubiy Koreya, Lyuksemburg va Shveytsariya eng qimmat uylar sotiladigan beshlikka kiritilgan. O‘zbekiston esa bu ro‘yxatning 20-o‘rinida.
Shuningdek, reytingdagi ayrim davlatlarning o‘rtacha narxlarini keltiramiz:
Shuningdek, tadqiqotchilar mazkur davlatlarning 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarini ham o‘rganishgan.
Bu narxlar biz o‘rgangan o‘lchovlardan farq qilishi mumkin. Chunki keltirilayotgan sonlar 3 xonali tayyor apartament uchunligini hisobga olib, ular ko‘zga qimmatroq ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkinligini ham unutmaslik kerak.
Masalan, o‘tgan yilning iyul oyidagi boshqa ma’lumotlarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxtlaridagi 1 kvadrat metr ko‘chmas mulkning o‘rtacha narxi quyidagicha keltirilgan va bu umumiy o‘rtacha qiymatga yaqinroq raqamlar deyish mumkin:
- Ashxobodda – 2867 dollardan 3055 dollargacha;
- Astanada – 835 dollardan 1100 dollargacha;
- Bishkekda – 830 dollardan 900 dollargacha;
- Toshkentda – 825 dollardan 900 dollargacha;
- Dushanbeda – 405 dollardan 650 dollargacha.
Yuqoridagi raqamlar faqat uyning narxlari bo‘lgani uchun ularga arzon yoki qimmat degan ta’rifni berishga shoshmaslik, bir xulosaga kelish uchun aholining xarid qobiliyatini ham hisobga olish kerak.
Masalan, yuqorida uy narxlari keltirilgan davlatlarda aholining o‘rtacha oylik ish haqi taxminan quyidagicha:
Bu raqamlardan kelib chiqib, ushbu davlatlardagi o‘rtacha daromadli aholining 3 xonali apartament uyga erishish uchun sarflaydigan muddatini hisoblash mumkin. Ya’ni, oylik o‘rtacha daromad boshqa hech narsaga sarflanmay, faqat uy uchun yig‘ilgan taqdirda:
1. Qozog‘istonliklar – 72 oy yoki 6 yilda;
2. Moldovaliklar – 94 oy yoki 8 yilda;
3. Belarusliklar – 148 oy yoki 12 yilda;
4. Ozarboyjonliklar – 148 oy yoki 12 yilda;
5. Turkiyaliklar – 163 oy yoki 14 yilda;
6. Armanistonliklar – 182 oy yoki 15 yilda;
7. Ukrainaliklar – 213 oy yoki 18 yilda;
8. O‘zbekistonliklar 216 oy yoki 18 yilda;
9. Rossiyaliklar 253 oy yoki 21 yilda o‘z uylariga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lar ekan.
Bu ma’lumotlarning barchasi internet ma’lumotlari asosida bo‘lgani uchun narxlar ayni paytdagi sonlardan farq qilishi mumkin. Tahririyat uylarning aynan shu narxlarda sotilishi va sotib olinishi uchun javobgar emas.
Eslatib o‘tamiz, oylik maosh yig‘ib borilavergani bilan 18 yildan keyingi uylarning narxlari ham bugungidek bo‘lmaydi. Bu hisob-kitoblar davlatlardagi narx va xarid qobiliyati o‘rtasidagi farqni ko‘rsatish uchun xomcho‘t qilindi. Yillar o‘tib, o‘rtacha oyliklarda ham, uylarning narxlarida ham o‘zgarishlar kuzatilishini hisobga olish lozim.
Sardorbek Usmoniy
Mavzuga oid
10:15 / 23.11.2024
Toshkentda uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024