Jahon | 21:20 / 29.04.2019
23293
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada uchratilgan delfin Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqadorlikda gumon qilindi 

Foto: Twitter / Fiskeridirektoratet

Norvegiyalik baliqchilar Barens dengizida tanasiga GoPro kamerasi mahkamlangan beluxa delfinini uchratishdi. 

Baliqchilardan birining aytishicha, delfin qayiqqa suzib kelgan. Delfin tanasida kamar va unga mahkamlangan kamera bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, dengiz jonzoti odamlardan qo‘rqmagan va o‘zini silashga ijozat bergan. Baliqchilar delfindan kamarni yechib olishga harakat qilishgan, biroq u mahkam tortilgani sababli uni ertasi kuni mutaxassislar yordamida yechib olishga muvaffaq bo‘lingan. 
 
Ma'lum qilinishicha, kamarda “Oborudovaniye Sankt-Peterburga” (Sankt-Peterburg qurilmasi) yozuvi bo‘lgan.

Baliqchilar tomonidan chaqirtirilgan mutaxassislar delfindan kamarni yechib olishgan va dengiz jonzoti Rossiya harbiy-dengiz floti mutaxassislari tomonidan razvedka vazifalarini bajarish uchun maxsus o‘rgatilgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Ularning fikricha, delfin Rossiyadan suzib kelgan bo‘lishi mumkin. Biolog Martin Biyuvning ta'kidlashicha, delfinlar bunday belgilanmaydi. U kamera delfin tanasiga rossiyalik harbiylar tomonidan mahkamlab qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. 

Boshqa bir mutaxassis, professor Oydin Rikardsenning ta'kidlashicha, delfin Rossiya flotining Murmanskdagi bazasidan suzib ketgan bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid