Jahon | 08:03 / 13.11.2025
3022
4 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya Ukraina kreditiga yakka holda kafil bo‘lishdan bosh tortdi

Bosh vazir Styore Norvegiya farovonlik fondidan YeIning Kiyevga bermoqchi bo‘lgan ko‘p milliard yevro kreditini kafolatlash uchun foydalanish imkoniyatini rad etdi. Ammo Oslo bunday kreditni Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan taqdim etishda ishtirok etishi mumkin.

Foto: Getty Images

Norvegiya dunyodagi eng yirik, 1,7 trln yevrodan ortiq aktivlarga ega suveren farovonlik fondini Ukrainaga Yevropa Ittifoqi tomonidan beriladigan o‘nlab milliard yevro kreditni ta’minlash (kafolatlash) uchun ishlatmaydi. Bu haqda 12 noyabr kuni mamlakat bosh vaziri Yonas Gar Styore TV 2 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Moliya vaziri va NATOning sobiq bosh kotibi Yyens Stoltenberg NRK radiostansiyasiga tasdiqlashicha, mamlakatning butun kredit summasi bo‘yicha kafolat berishi haqida taklif bor, biroq hozircha Oslo buni rejalashtirmayapti. Shu bilan birga, Norvegiya Kiyevga bunday kredit ajratishda Yevropada muzlatilgan RF moliyaviy aktivlari hisobidan ishtirok etishi mumkin — ammo bu YeIning qanday taklif kiritishiga bog‘liq, dedi Stoltenberg.

Ukrainaga qarshi urush munosabati bilan YeIda Rossiya Markaziy banki aktivlaridan taxminan 200 mlrd yevro muzlatilgan. Ushbu mablag‘lardan tushgan foiz daromadlari hozirning o‘zida Ukrainaga qurol-yarog‘ va o‘q-dori yetkazib berishni moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda. Sentyabr oyi oxirida Yevrokomissiya ushbu aktivlar hisobidan Kiyevga 170 mlrd yevrogacha «reparatsion kreditlar» ajratishni taklif etdi. YeK rahbari Ursula fon der Lyayyen bu sxema Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashni hoziroq boshlashga imkon berishini, kreditlar esa faqat Rossiya urush oqibatlari uchun tovon to‘lashga rozi bo‘lsa, qaytarilishi lozimligini aytdi. Bu g‘oyani Germaniya kansleri Fridrix Mers qo‘llab-quvvatladi.

Oktyabr boshida mazkur sxema asosida «reparatsion kredit» rejasini Yevrokomissiya taqdim etdi. Qarz Kiyevning harbiy va moliyaviy ehtiyojlariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq 23 oktyabr kuni Bryusseldagi YeI sammitida Belgiya buga qarshi chiqdi. Ayni shu mamlakatda muzlatilgan RF MB aktivlarining asosiy qismi saqlanayotgan Euroclear depozitariyi joylashgan. Belgiya hukumati bunday qadamning huquqiy oqibatlaridan xavotirda.

Keyinroq YeI a’zosi bo‘lmagan, biroq yaqin hamkor Norvegiyani — Ukraina uchun Yevropa Ittifoqi kreditiga kafolatchi sifatida jalb etish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Daniya va qator boshqa Yevropa mamlakatlarida Oslo «urushdan foyda ko‘rmoqda», degan qarashlar yangradi — Norvegiya ittifoqdoshlarga katta hajmda neft va gaz sotmoqda. Bu g‘oya tarafdorlari Ukraina kreditini ta’minlash vaziyatni muvozanatlashtirishga yordam berishi mumkinligini ta’kidladi, deb yozgan The Times. Tashabbus Norvegiya parlamentida ham qo‘llab-quvvatlandi — to‘qqiz partiyadan to‘rttasi yon bosdi.

Avvalroq Yevrokomissiya RF muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga yordamni moliyalashtirishda foydalanishdan voz kechish oqibatlari haqida hisobot tayyorlagandi. Hujjat dekabr oyidagi ittifoq yetakchilari sammiti oldidan YeI a’zo mamlakatlariga yuborilgan.

Hisobotda aytilishicha, agar Belgiyadagi Euroclear depozitariyida to‘sib qo‘yilgan mablag‘larning bir qismini ikki yil davomida jalb etish rejasi amalga oshirilmasa, ittifoq mamlakatlariga yoki qo‘shma qarz olishga kelishib, milliy budjetlar qarz yukini oshirishga, yoxud Ukrainaga jami 140 mlrd yevro miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri grantlar ajratishga to‘g‘ri keladi, deb yozadi The Financial Times.

Mavzuga oid