Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kursk oblastiga bosqinning bir yilligi. Bu amaliyot o‘zini qanchalik oqladi?
Bu amaliyot Ukraina qurolli kuchlarida katta yo‘qotishlarga olib keldi. U urush taqdirini hal qilishi mumkinmidi? Yoki ukrain armiyasining mag‘lubiyati muqarrarmidi?
Roppa-rosa bir yil muqaddam, 2024 yil 6 avgustida Ukraina qo‘shini Kursk oblasti chegarasini kesib o‘tgan va urushning eng qaqshatqich janglaridan birini boshlagandi, bu yetti oydan oshiq vaqt davom etdi. Ukraina qurolli kuchlarining katta shov-shuv ko‘targan taktik muvaffaqiyati yakunda baribir mag‘lubiyat bilan yakunlandi, bu esa Ukraina armiyasi uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib keldi. Qisman bunday yakun avvalboshdanoq ma’lum edi: Kursk oblastidagi operatsiyaning siyosiy va strategik maqsadlari sodda bo‘lib chiqdi, ehtimoliy minuslar esa rejalashtirish bosqichidayoq plyuslardan ustun keldi. Operatsiya boshlanganidan keyingi operativ xatolar ham ta’sir ko‘rsatdi, buning natijasida Ukraina qurolli kuchlari o‘zlari uchun qulay sharoitlarda jang qila olmadi va Kursk oblastidagi platsdarmni ishonchli himoya qila olmadi.
Oqibatda har ikki tomon ham katta talafot ko‘rdi. Bu ayniqsa Ukraina qurolli quchlari uchun kritik darajada bo‘ldi (shaxsiy tarkib va og‘ir qurollar tanqisligini hisobga olgan holda). Katta ehtimol bilan, Kursk oblastiga bostirib kirish orqali Ukraina qo‘mondonligi Donbass uchun jangda Rossiyaning yirik zaxiralaridan foydalanishning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo bu ancha qimmatga tushdi.
Ukrainaning Sudjadagi hujumidan maqsad nima edi? Ukraina armiyasi Kursk oblastida nimalarga erishdi?
Kursk oblastiga bosqinning haqiqiy maqsadlarini tushunish uchun front 2024 yil yozida mavjud bo‘lgan operativ va strategik vaziyatni eslash kerak.
- Ukraina qurolli kuchlarining 2023 yil yozi va kuzida Zaporijjya oblastida, Baxmut yaqinida va Dniprning so‘l sohilidagi platsdarmda muvaffaqiyatsiz kechgan qarshi hujumlaridan so‘ng, Ukraina qo‘mondonligi bu amaliyotlarda ishtirok etgan kuchlarning bir qismini zaxiraga oldi.
- 2023 yil oktyabr oyi boshida Rossiya qurolli kuchlari muvaffaqiyatli yollash kampaniyasidan keyin yuzaga kelgan son ustunligidan foydalanishga qaror qildi. RF armiyasi bilan shartnoma tuzgan ko‘ngillilar hisobidan yangi tuzilgan birlashmalar frontning nisbatan tinch uchastkalariga yuborildi. Safarbarlik va shartnoma asosida xizmat qiluvchilarni yollash orqali qo‘shimcha kuchga ega bo‘lgan tajribali qo‘shinlar esa Donbassning markaziy qismida to‘plandi.
- 2023 yil oktyabridan 2024 yil fevraliga qadar Avdiyivka uchun qaqshatqich janglar bo‘lib o‘tadi. Ukraina qo‘mondonligi zaxiradagi kuchlarning bir qismini shahar himoyasi uchun olib keladi, ammo front chizig‘ini ushlab qololmaydi. Bahorga kelib Avdiyivkadan g‘arbda front chizig‘i barqarorlashgandek ko‘rinayotgandi; janglarda qatnashgan ukrain brigadalarining bir qismi yana frontortiga olib ketiladi.
- 2024 yil mayida Rossiya qo‘shini yangi yurish boshlaydi. Yangidan tashkil etilgan Leningrad harbiy okrugi qo‘shinlari (ular 2022 yil Xarkiv yo‘nalishidagi og‘ir mag‘lubiyatdan keyin frontdan olib chiqilgandi) yana Xarkiv shimolida chegarani kesib o‘tadi. Bunga qadar ushbu qo‘shinlar aynan Kursk oblastida joylashtirilgandi. Bunday yurish muvaffaqiyatli chiqmadi: ruslar avvaliga shitob bilan yurish qilib, chegara yaqinidagi qator aholi yashash manzillarini egallagan bo‘lsa-da, yetib kelgan ukrain zaxira kuchlari Rossiya qo‘shinini chegaradan 5–7 kilometr masofada to‘xtatdi. Ukraina tomoni o‘sha vaqtda bergan xabarlarga ko‘ra, raqib kuchlari chegara ortida joylashtirilib, hujumga tayyorgarlik ko‘rganini razvedkachilar oldindan bilishgan.
- O‘shanda rossiyalik «harbiy muxbirlar» Rossiya qurolli kuchlari o‘z oldiga Ukraina zaxiralarini asosiy zarba yo‘nalishidan – Donbass markazidan chalg‘itish maqsadini qo‘yganini yozgandi.
- 2024 yil may oyida Rossiyaning Xarkiv yaqinidagi hujumi paytida Ukraina zaxiralari mamlakat shimoli-sharqida to‘plana boshladi. Xususan, kuchlarning bir qismi Rossiyaning yangi bosqini boshlanishi ehtimoli tufayli mudofaa bahonasida Sumi oblastiga ko‘chirib o‘tkazildi.
- Biroq, ruslarning Xarkiv yaqinidagi hujumlari, shubhasiz, faqat chalg‘ituvchi manyovr edi: asosiy zarba Avdiyivkaning g‘arbiy qismiga to‘g‘ri keldi. RF qurolli kuchlari Ocheretino qishlog‘i yaqinidagi zaiflashib qolgan ukrain brigadalari mudofaasini yorib o‘tdi va Pokrovsk aglomeratsiyasi tomon yo‘l oldi. O‘shanda Donbass janubida Rossiyaning boshqa bir guruhi qo‘shinlari faollashgandi. 2024 yil avgust oyi boshiga kelib, ushbu yo‘nalishlardagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun kritik tus oldi.
Katta ehtimol bilan, ukrainlar Kursk oblastida zarba berishga tayyorgarlikni Rossiyaning 2024 yil mayida Xarkiv yaqinida uyushtirgan yurishidan oldinroq boshlagan. Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Leningrad harbiy okrugi qo‘shinlari Kursk oblastidan chiqib, Xarkiv shimoli va Vovchansk shahri atrofidagi og‘ir janglarga tortilishini kutib turgan. Shundan keyin g‘arbroqda – Rossiya kuchlari nisbatan kuchsiz bo‘lgan nuqtaga (Leningrad harbiy okrugining asosan harbiy xizmatga yangi chaqirilgan askarlardan tuzilgan polklaridan iborat frontorti qismi joylashgan hududga) zarba berilgan.
Kursk oblastidagi hujum rejasi turli strategik, siyosiy va operativ mulohazalardan kelib chiqib tuzilgan. Keyinchalik operatsiya maqsadlari bo‘yicha rasmiy (va unchalik rasmiy bo‘lmagan) izohlar ko‘p marta o‘zgardi.
- Rossiyadagi vahima ko‘tarishga moyil bo‘lgan Z-kanallar darhol Ukraina qurolli kuchlarining maqsadi – Ukraina hududida RF qurolli kuchlari tomonidan egallab olingan Zaporijjya AES bilan almashish uchun Kursk AESni qo‘lga kiritish ekanini taxmin qilishdi. Lekin voqealar rivojining ehtimoliy ssenariylarida bunday maqsadga erishib bo‘lmasdi – buning uchun faqat Rossiya armiyasi boshqaruvi butunlay barbod bo‘lishi talab etilardi. Ukraina qurolli kuchlarining hujum shakli (Rilsk – Lgov trassasiga chiqishga qattiq harakat qilingandi) shuni ko‘rsatdiki, Ukraina qo‘mondonligi chindan ham bunday ambitsiyali rejani real deb hisoblagan. Ammo RF qurolli kuchlari boshqaruvida inqiroz yuzaga kelmadi.
- Prezident Volodimir Zelenskiy bir necha bor Kursk oblastining bir qismini ishg‘ol etishdan maqsad – bu hududni keyinroq Ukrainaning Rossiya egallab turgan muayyan hududiga almashish ekani haqida gapirdi. Ammo Ukraina qurolli kuchlari hujumi boshlangan kunlardayoq Kreml hech narsani almashmoqchi emasligi kundek ravshan edi. Ukraina armiyasi Sudja uchun jangda mag‘lub bo‘lib, RF qurolli kuchlari Sumi oblastiga bostirib kirgach, bunday variant o‘z dolzarbligini yo‘qotdi.
- Ukraina rahbariyatining rasmiy bayonotlariga ko‘ra, ular Rossiya Donbassning markaziy va janubiy qismlariga hujum qilayotgan guruhlardagi qo‘shinlarning bir qismi Kursk oblastiga olib o‘tilishini kutishgan. Agar chindan ham shu maqsad ko‘zlangan bo‘lsa, bu juda soddalik edi. Gap shundaki, o‘sha paytga kelib Rossiya qurolli kuchlari Donetsk oblastidagi janglarda ishtirok etmayotgan katta zaxiralarga ega edi. Sudjani qaytarib olish uchun yurish boshlagan guruhning asosi aynan shu kuchlardan tashkil topdi. Rossiya qo‘mondonligi Donetskdan Kursk oblastiga avvaliga 155-dengiz piyodalari brigadasini (bu brigada Ukrainaning Sudjaga hujumi boshlanishidan oldinroq Vuhledar yaqinidagi pozitsiyalardan Donbassdagi frontortiga olib ketilgandi), keyin esa 106-havo-desant diviziyasini yubordi. Kursk oblastiga «Dnepr» guruhidan va Xarkiv yaqinidan ham boshqa kuchlar tashlandi.
- Rossiya qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu qo‘shinlardan boshqa hujum uchun foydalanishni rejalashtirgan, yakunda bu amalga oshmay qolgan bo‘lishi mumkin. Biroq, Ukraina qurolli kuchlari ham Kursk oblastidagi samarasiz hujumlar uchun bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishni zaiflashtirdi. Natijada ular na Rossiya hududidagi platsdarmni saqlab qola oldi, na RF qurolli kuchlarining Ukrainadagi hujumini sekinlashtira oldi. Kursk oblastida hujum olib borish uchun Ukraina qo‘mondonligi jami 15 ga yaqin brigadadan iborat guruhni to‘pladi, ular orasida eng jangovar bo‘linmalar ham bor edi. E’tiborli tomoni, Abrams tanklari va Bradley piyoda jangovar mashinalari bilan jihozlangan 47-mexanizatsiyalashgan brigada Pokrovsk janubidagi front chizig‘idan Sudjaga yuborilgan.
- Rossiyaning Donbass janubidagi hujumi hal qiluvchi pallaga kirganida Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligida zaxiralar qolmagandi. Natijada Ukraina tomoni Vuhledar, Kuraxovo hamda Velika Novosilka kabi qal’alarini yo‘qotdi. Shuningdek, Donetskning g‘arbiy chekkalari va o‘nlab aholi punktlari joylashgan Pokrovsk – Velikiy Novosilka o‘rtasidagi keng hududni ham.
- Rossiya qo‘shinlari yordamchi yo‘nalishlarda ham oldinga siljidi. Ular Pokrovskning g‘arbiy chekkalariga va Dnipropetrovsk oblasti chegarasiga chiqdi; Kupyansk yaqinida Oskol daryosini kechib o‘tishdi; Donetsk shimolidagi muhim ahamiyatga ega Toretsk va Chasiv Yar shaharlarining bir qismini egalladi.
- Ammo Kursk oblastida ham Ukraina qurolli kuchlarining muvaffaqiyatlari vaqtinchalik bo‘lib chiqdi. Ukraina armiyasi hujumning dastlabki ikki oyida o‘z qanotlarini xavfsizlantira olmadi, katta ehtimol bilan, qo‘mondonlik Rossiya hududiga imkon qadar ichkariga yorib kirishni ko‘zlagandi. Ukraina qurolli kuchlari platsdarmning g‘arbidagi Korenevo rayoni markazini egallay olmadi va sharqdagi Belaya posyolkasiga yaqinlasha olmadi. Natijada, ular nazoratidagi butun hudud ikki tomondan qisib qo‘yildi: g‘arbda RF qurolli kuchlari kuzda Snagost daryosiga, sharqda – Psel daryosi bo‘yidagi Sudjaning janubiy chekkalariga yorib kirdi. RF qurolli kuchlari Sudja - Sumi yo‘lidan yetti kilometr g‘arbda joylashgan Sverdlikovo qishlog‘ini egallaganidan so‘ng, Kursk oblastidagi ukrain guruhi taqdiri hal bo‘ldi. Rossiya armiyasi bu yo‘nalishda «Rubikon» uchuvchisiz uchish apparatlarining kuchli bo‘linmasini (Ukraina qurolli kuchlari uchuvchisiz kuchlari brigadalarining muqobili) jangga kiritdi. Shundan so‘ng Ukraina qo‘shinlariga Sudja - Sumi yo‘li orqali ta’minot yetkazib berish imkonsi
- Ukraina qurolli kuchlari yetti oy davomida Rossiyaning yirik kuchlarini Kursk oblastidagi platsdarm atrofida ushlab turdi. Lekin o‘zlari ham Sudja ostonasida eng jangovar brigadalarni ishga solishga majbur bo‘ldi. Holbuki, bu kuchlardan samaraliroq foydalanish mumkin edi. Masalan, ular 2024 yil kuzida Rossiya qarshi hujumi boshlanganidan so‘ng darhol platsdarmni tark etishganida.
- Rossiyaning Donbassdagi hujumi davom etmoqda. Hududning janubiy qismi va Ukraina qurolli kuchlarining «qal’alari» egallandi. Endi RF qurolli kuchlari shimoldagi Kramatorsk – Slovyansk aglomeratsiyasini egallashga harakat qilmoqda. Tashabbus Rossiya qo‘shinlarida, Ukraina qurolli kuchlari uni yana bir bor qo‘lga olishga harakat qilishi kerak. Aks holda, Rossiya armiyasining son jihatdan ustunligi sharoitida Ukrainani mag‘lubiyat kutmoqda.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Kursk operatsiyasining Ukraina qurolli kuchlari uchun asosiy oqibati - Sumi oblastida frontning 50 kilometrlik faol uchastkasi paydo bo‘lganidir. Kampaniya cho‘qqisida Ukraina qurolli kuchlari 100 kilometr va undan ortiq masofadagi front bo‘ylab ham hujum qilgan. Ammo RF qurolli kuchlari son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan sharoitda yangi uchastkalar paydo bo‘lishi Ukraina uchun foydali emas. Ukraina qurolli kuchlarining Sudjadagi mag‘lubiyatidan so‘ng, ukrain armiyasi Sumi oblastida front chizig‘ini qisqartirish orqali mustahkam mudofaa yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Endi esa qarshi hujumlarga ham o‘tmoqda.
Ammo Donbassning shimoliy qismida (va nafaqat u yerda) Ukraina mudofaasi kuchlar yetishmasligi tufayli qulashda davom etmoqda. Frontning Dnipropetrovsk oblasti chegarasidan Chasiv Yar shahrigacha bo‘lgan bu uchastkasi darhol qo‘shimcha kuchlar bilan kuchaytirishni talab qiladi.
2025 yil avgustiga kelib, Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning katta qismi janglar paytida va Kursk oblastidan chekinishda yo‘qotishlarga uchragan brigadalardir. O‘tgan vaqt mobaynida bu bo‘linmalar shaxsiy tarkib va texnika bilan to‘ldirildi. Ukraina qo‘mondonligi ulardan yangi hujum uchun foydalanishga harakat qilishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlarida zaxiralar 2024 yilga nisbatan kamroq. Lekin bu safar strategik reja yaxshiroq tuzilgan bo‘lishi ham mumkin.
Mavzuga oid
16:11
Ukraina Pokrovsk yaqinida asirlar o‘ldirilgani bo‘yicha tergov boshladi
15:08
Germaniya: Tinchlik kelishuvi - g‘arb kuchlarini Ukrainaga yuborish uchun asosiy shart
10:15
Lavrov Ukrainani «Putinning qarorgohiga hujum qilish»da aybladi. Bu haqda nimalar ma’lum?
09:01