O‘zbekiston | 20:55 / 24.12.2023
12304
2 daqiqa o‘qiladi

«Har biringiz - davlatimiz boyligisiz» - Saida Mirziyoyeva fan olimpiadalari g‘oliblari bilan uchrashdi

Davlat yoshlarning bilimga intilishini qo‘llab-quvvatlashga va rag‘batlantirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Telegram: Saida Mirziyoyeva

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva tanlov va fan olimpiadalari g‘oliblari bilan Prezident Administratsiyasida uchrashuv o‘tkazdi.

«Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi — ta’lim islohotidagi qaldirg‘och loyihalarimizdan biridir. Bu, shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘zini namoyon qilishi uchun ajoyib imkoniyat va astoydil o‘qib bilim olishi uchun rag‘bat hamdir.

Ushbu tanlovda 6885 ta maktab va 7–9-sinflarning 35 mingga yaqin o‘quvchilari ishtirok etdi. G‘olib jamoalar pul mukofotlariga ega bo‘ldi va 70 nafar finalchi 14 nafar o‘qituvchi hamrohligida Buyuk Britaniyada bo‘lib qaytdi, ular u yerda bir hafta mobaynida nufuzli ingliz maktablarining o‘quvchilari sifatida dars va mashg‘ulotlarda qatnashishdi. Shuningdek, ular London, Oksford va Kembrij shaharlari bilan ham tanishishdi. O‘qituvchilar esa ingliz tilini o‘qitishning eng ilg‘or metodikalarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bugun biz tanlov va fan olimpiadalari g‘oliblari bilan Prezident Administratsiyasida uchrashdik, men ularga mamnuniyat bilan Administratsiya ish faoliyati haqida tushuncha berib, ekskursiya uyushtirdim. Bolalar aqlli va qiziquvchan. Ko‘ngli ochiq va to‘g‘riso‘z. Ular bizning kelajagimiz.

Har biringiz — davlatimizning boyligi, biz sizlarning bilimga intilishingizni qo‘llab-quvvatlashga va rag‘batlantirishga tayyormiz. Chunki farzandlarimiz muvaffaqiyat eshiklarini nafaqat o‘zlari uchun ochadilar. Balki hammamiz uchun, butun mamlakat uchun!» – deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘z telegram-kanalida.

Mavzuga oid