Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada zilzila, Tel-Avivda miting va kelishuvdan norozi Eron - kun dayjesti
Dam olish kunlarida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Turkiyada zilzila
10 avgust kuni Turkiya shimoli-g‘arbidagi Balikesir viloyatining Sindirgi tumanida 6,1 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Zilzila o‘chog‘i Istanbuldan 400 kilometr masofada, 11 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Yer qimirlashi atrofdagi boshqa shaharlar, xususan, Istanbulda ham sezilgan.
30 soniyaga yaqin davom etgan zilzila vaqtida odamlar to‘g‘ri kelgan joyga yashiringan, tarqalgan videolardan birida xonada ishlab o‘tirgan qiz stol ostiga kirib olgani aks etgan, keyin stol ustiga shkaf qulab tushgan.
Boshqa videolarda esa ko‘plab odamlar ko‘chalarga chiqib olganini ko‘rish mumkin.
Milliyet xabariga ko‘ra, zilziladan keyin o‘rtacha 3,0 magnitudali yetti aftershok kuzatilgan.
Balikesir shahrida o‘nlab binolar shikastlangan, xarobalar ostidan kamida besh kishi chiqarib olingan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an jabrlanganlarga hamdardligini bildirgan va ilk daqiqalardanoq voqea joyida favqulodda xizmatlar xodimlari ish olib borayotganini ma’lum qilgan.
Tel-Avivda namoyish
10 avgustga o‘tar kechasi minglab namoyishchilar Isroil poytaxti Tel-Aviv ko‘chalariga chiqib, bosh vazir Binyamin Netanyahuning G‘azodagi urushni kuchaytirish rejasiga qarshi chiqdi va kampaniyani zudlik bilan to‘xtatish hamda garovga olinganlarni ozod qilishni talab qildi.
Undan bir kun avval Isroil harbiy-siyosiy kabineti, aholining keng qarshiligi va harbiylarning bu harakat garovga olinganlarni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, Netanyahuning Hamasni mag‘lub etish uchun G‘azo shahrini to‘liq egallash rejasini ma’qullagandi.
Namoyishchilar Isroil bayroqlarini hilpiratib, garovga olinganlar tasviri tushirilgan plakatlarni ko‘tarib chiqdi. Ayrim namoyishchilarning qo‘llarida harbiylar tomonidan o‘ldirilgan g‘azolik bolalarning suratlarini ham ko‘rish mumkin.
Jamoatchilik fikri so‘rovlari ko‘rsatishicha, isroilliklarning aksariyati G‘azoda garovga olingan qolgan 50 kishini ozod qilish uchun urushni zudlik bilan to‘xtatish tarafdori, deb ta’kidlaydi Reuters. Isroil rasmiylari garovdagilarning faqat 20 ga yaqini tirik qolgan deb hisoblaydi.
Eron Kavkaz kelishuvidan norozi
Eron rasmiylari AQSh Armaniston janubidan o‘tuvchi, Ozarboyjon va Naxichivon eksklavini bog‘lovchi Zangezur transport yo‘lagini nazorat qilish uchun olishiga qarshi chiqdi.
Eron oliy rahbarining xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy islom respublikasi yo‘lak yaratilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘lak AQSh prezidentiga tegishli yo‘l emas, balki «Donald Tramp yollanma askarlari qabristoni»ga aylanadi.
Viloyatiy Eron har doim Zangezur yo‘lagini yaratishga qarshi bo‘lgani, chunki bu Eron chegaralarini qayta ko‘rib chiqishga va Armanistonning parchalanishiga olib kelishi, shuningdek, Janubiy Kavkaz xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishini ta’kidlagan. U bunday yo‘lak yaratilishini Eron va qo‘shni davlatlarga qarshi siyosiy fitna deb baholagan.
«Natijada Eron Rossiya bilan birga yoki Rossiyasiz Janubiy Kavkaz xavfsizligi manfaatlariga muvofiq harakat qilishini ta’kidlamoqda. Bizning fikrimizcha, Rossiya ham bu koridorga strategik jihatdan qarshi», - dedi Viloyatiy. Uning qayd etishicha, Eron «o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilish huquqiga ega».
Eron oliy rahbari maslahatchisi qo‘shimcha qilishicha, Ozarboyjonga Naxichivon avtonom respublikasiga borish uchun alohida yo‘lak kerak emas, chunki bunday aloqa uchun Eron hududidan foydalanishi mumkin.
Muzokaralardagi tushunmovchilik
Vladimir Putin Xerson va Zaporijjya oblastlarida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni Ukrainaga qaytarishga tayyor emas. Bu haqda The Washington Post Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiya prezidenti bilan uchrashuvi mazmunidan xabardor manbaga tayanib xabar berdi.
6 avgust kuni Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Putin Kiyevdan Donbassdan voz kechishni talab qilib, buning evaziga o‘t ochishni to‘xtatish va front chizig‘ini hozirda egallab turilgan pozitsiyalarda muzlatishga rozi bo‘lgandi.
Shundan so‘ng, Donald Tramp Volodimir Zelenskiy va Yevropaning qator yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi. Ayrim ishtirokchilar muloqot natijasida «Putin Xerson va Zaporijjya oblastlariga da’volaridan voz kechishga rozi bo‘ldi», degan taassurotda edi.
The Washington Post bilan gaplashgan rasmiy ham Amerika tomoni dastlab Putinning Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifini u yerdan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqishga tayyorlik sifatida qabul qilgan.
Ammo Kreml bosib olingan hududlardan voz kechishga tayyor emas. Putin hali ham Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini to‘liq nazorat qilishni xohlamoqda.
Keyinroq Uitkoff Ukraina va Yevropa rasmiylari bilan suhbatda Putin faqat Rossiyaning Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi hozirgi pozitsiyalarini muzlatishga rozi bo‘lganini aytgan.
Yevropa yetakchilari esa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Ular Vashingtonga taqdim etgan urushni tugatish bo‘yicha reja birinchi navbatda o‘t ochish to‘xtatishni hamda hududlar almashuvi o‘zaro bo‘lishini, ya’ni Ukraina Donbassni to‘liq topshirishi evaziga Rossiya Zaporijjya va Xersondan chiqib ketishini nazarda tutadi.
Zelenskiy Alyaskaga borishi mumkin
Rossiya va Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha AQSh-Rossiya sammiti 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Oq uy bu uchrashuvga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Volodimir Zelenskiy u yerga taklif qilinadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. NBC News o‘z manbalariga tayanib, Oq uy Zelenskiyni Alyaskaga taklif qilish imkoniyatini «ko‘rib chiqayotgani» haqida xabar berdi. Tramp ma’muriyatining yuqori martabali vakiliga ko‘ra, «barcha bu sodir bo‘lishiga qattiq umid qilmoqda».
Reuters ma’muriyat vakiliga tayanib yozishicha, Tramp «uch tomonlama sammit uchun ochiq», biroq hozircha Oq uy Putinning iltimosiga ko‘ra ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Oq uyning yuqori martabali vakili Zelenskiy Alyaskaga rasmiy taklif olgan-olmagani haqidagi savolga shunday formulirovkada javob qaytargan.
Biroq CNN’ning ikki manbasiga ko‘ra, Oq uy «Zelenskiyning ba’zi uchrashuvlarda ishtirok etishi mumkinligini istisno qilmayapti». Oq uy vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy ishtirokidagi har qanday tadbir «katta ehtimol bilan Tramp va Putin uchrashuvidan keyin bo‘lib o‘tadi». NBC News manbasi ta’kidlashicha, agar Zelenskiy Alyaskaga boradigan bo‘lsa, u yerda Putin bilan shaxsiy uchrashuvi o‘tkazilishi va «ular bir xonada bo‘lishi» aniq emas.
Mavzuga oid
16:06 / 29.12.2025
Trampga va’da bergan Putin, Tayvan atrofida mashg‘ulot boshlagan Xitoy va yana raketalar uchirgan Kim – kun dayjesti
13:59 / 27.12.2025
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik, Xitoyning AQSh kompaniyalariga sanksiyasi va Belarusga joylashtirilgan «Oreshnik»lar – kun dayjesti
14:35 / 26.12.2025
Nigeriyada IShIDga zarba bergan AQSh, ukrainaliklarning Putinga «tilagi» va Kilimanjaroda qulagan vertolyot – kun dayjesti
14:59 / 25.12.2025