Jahon | 16:32 / 07.03.2026
9997
9 daqiqa o‘qiladi

Eronga yordam berayotgan Rossiya, Indoneziyadagi ijtimoiy tarmoqlarga taqiq va bunkerlarni nishonga olgan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Erondan «sharsiz taslim bo‘lishni» talab qildi

Eronda kengayib borayotgan urush shanba kuni o‘zining ikkinchi haftasiga qadam qo‘ydi. Harbiy harakatlar qachon va qanday yakunlanishi borasidagi noaniqliklar saqlanib qolmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp Tehronning faqat «sharsiz taslim bo‘lishini» qabul qilishini e’lon qildi, Isroil esa Eron va Livan bilan o‘zaro zarbalar almashdi.

«Eron bilan ShARsIZ TASLIM BO‘LIShDAN boshqa hech qanday kelishuv bo‘lmaydi!» deb yozdi Tramp. «Shundan so‘ng va BUYuK hamda MAQBUL rahbar(lar) tanlanganidan keyin, biz va ittifoqchilarimiz Eronni halokat yoqasidan qaytarish va yaxshiroq qilish uchun tinimsiz mehnat qilamiz».

Tramp o‘zining urush maqsadlari haqida turlicha bayonotlar bermoqda. Bu esa mojaroning – global moliya bozorlarini larzaga keltirishi va mintaqaviy urush uzoq davom etishi ehtimolini oshirmoqda.

Ayni vaqtda Isroil Livandagi urush ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirdi. Isroil, shuningdek, Eronga qarshi yangi hujumlar to‘lqinini boshladi. Uning 50 ta qiruvchi samolyoti Tehronda o‘ldirilgan Ali Xominaiyning qarorgohi ostidagi bunker nishonga olinganini bildirdi.

Isroil harbiylari ushbu haftada Eron havo mudofaa tizimlarining 80 foizini yo‘q qilgani va raketa uchirish qurilmalarining 60 foizdan ortig‘ini ishdan chiqarganini da’vo qilmoqda.

Shanba kuni erta tongda «Tasnim» axborot agentligi Tehrondagi Mehrobod aeroportiga zarba berilgani haqida xabar berdi.

Hujumlarga javoban Eron Isroilni, shuningdek, AQSh harbiy inshootlari joylashgan Fors ko‘rfazidagi bir qancha davlatlarni nishonga oldi. Juma kuni Isroil ichida Eronning hujumlarini qaytarishi natijasida portlashlar ovozi eshitildi. BAA, Kuvayt, Qatar, Bahrayn va Saudiya Arabistoni ham yangi dron va raketa hujumlari haqida xabar berdi.

Eron Qizil yarim oy jamiyatining ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil zarbalari boshlaganidan beri Eronda kamida 1332 kishi halok bo‘lgan. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil hujumlari natijasida 123 kishi o‘lgani va 683 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Urush boshlanganidan beri Isroilda 11 kishi o‘ldi, shuningdek, AQShning kamida olti nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi.

Rossiya Eronga yordam bermoqda

Rossiya Eronga Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy kemalari va samolyotlarining joylashgan o‘rni haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etmoqda. Bu haqda Washington Post nashri razvedka ma’lumotlaridan xabardor uchta mulozimga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Rossiya yordamining aniq ko‘lami hali to‘liq ma’lum emas. O‘tgan haftada Tehronga zarbalar boshlangach, Eron harbiylarining AQSh kuchlarini aniqlash qobiliyati sezilarli darajada pasayib ketgan.

O‘shandan buyon urush yanada keskinlashdi: Eron javob zarbalarini yo‘llamoqda va qo‘shni davlatlarni ham mojaroga jalb qildi. Kreml juma kuni Rossiya Eron rahbariyati vakillari bilan muloqotda ekanini bildirdi. Biroq jurnalistlarning Moskva Tehronga yordam beryaptimi, degan savollariga javob bermadi.

Ushbu mojaro Rossiya uchun kutilmagan «turtki» bo‘ldi: uning neft va gaziga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Bu esa so‘nggi yillarda Ukraina urushi sababli joriy etilgan sanksiyalar tufayli zarar ko‘rgan eksportni jonlantirdi. Ta’kidlash joizki, AQSh ham Rossiya bilan urushda Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini taqdim etib kelmoqda.

Trampning o‘zi esa AQShdagi yirik mudofaa pudratchisi rahbarlari bilan uchrashdi. U keyinchalik ular qurol ishlab chiqarishni tezlashtirishga rozi bo‘lganini aytdi. Ma’muriyat Eron va boshqa operatsiyalar sababli kamayib borayotgan qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish uchun pudratchilarga bosim o‘tkazmoqda.

Indoneziya bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Indoneziya 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning yirik ijtimoiy media platformalariga kirishini taqiqlaydi. Bu haqda mamlakat Aloqa vaziri Meutya Hafid ma’lum qildi.

Ushbu cheklovlar «yuqori xavfli» deb hisoblangan platformalarga, jumladan, YouTube, TikTok, Facebook, Instagram va Roblox kabi tarmoqlarga nisbatan qo‘llanadi. Cheklovlar shu oyning oxiridan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi.

«Bolalarimiz tobora real xavf-xatarlarga — pornografiya, kiberbulling, onlayn firibgarlik va eng muhimi, qaramlikka duch kelmoqda», dedi Meutya Hafid. «Hukumat ota-onalar ulkan algoritmga qarshi kurashda yolg‘iz qolmasliklari uchun bu yerda hozir-u nozir».

Vazir ushbu siyosat bolalar va ota-onalarga noqulaylik tug‘dirishi mumkinligini tan oldi, biroq buni «raqamli favqulodda holat» sharoitidagi zarur chora deb atadi.

Meutya Hafidning ta’kidlashicha, 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar nomiga allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan akkauntlar (profil) o‘chirib tashlanadi.

Hozircha hukumat platformalar foydalanuvchilarning yoshini qanday tekshirishi (verifikatsiya) bo‘yicha aniq mexanizmni e’lon qilmagan. Ta’kidlash joizki, bu masala boshqa mamlakatlarda ham shunga o‘xshash urinishlarni qiyinlashtirgan asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Indoneziyaning ushbu qarori – Fransiya, Avstraliya va AQShning bir qancha shtatlarida bolalar himoyasiga doir so‘nggi choralarga hamohangdir.

Yaponiya va Kanada hamkorlikni kuchaytirmoqda

Yaponiya va Kanada iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha muloqotni boshlash va kiber-siyosat bo‘yicha hamkorlikni ta’minlash uchun maslahat organi tuzishga kelishdi. Bu haqda juma kuni Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi ma’lum qildi.

Takaichining ushbu bayonoti Tokioda kanadalik hamkasbi Mark Karni bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida yangradi.

«Biz sun’iy intellekt va kvant texnologiyalar sohasida aniq hamkorlikni rivojlantirish, muhim minerallarni yetkazib berish zanjiri barqarorligini oshirish uchun har bir imkoniyatdan foydalanamiz», - dedi Takaichi.

Kanada bosh vaziri idorasi bayonotiga ko‘ra, ikki yetakchi yillik savdo aylanmasi qariyb 40 milliard dollarni tashkil etuvchi munosabatlarni mustahkamlashga kelishgan.

Tomonlar quyidagi masalalarda kelishuvga erishdi:

·       Harbiy hamkorlik: harbiy aloqalarni kengaytirish va mudofaa xaridlari, jumladan, ikki maqsadli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik qilish.

·       Ilg‘or texnologiyalar: Sun’iy intellekt, avtonom tizimlar, aerokosmik va kosmik aloqa sohalarida birgalikda ishlash.

·       Hamkorlik memorandumlari: inqirozga qarshi harakat qilish, Kanada va Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmatlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish.

AQSh va Ekvador narkotrafikka qarshi zarba berdi

AQSh Janubiy qo‘mondonligi juma kuni bergan bayonotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Ekvador narkotrafikka qarshi davom etayotgan operatsiya doirasida Ekvador hududida qo‘shma zarbalar berdi.

Zarbalar Ekvadorning Kolumbiya bilan chegarasi yaqinida joylashgan shimoli-sharqiy Sukumbios provinsiyasida amalga oshirilgan. Ekvador Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, hududdagi narkotrafikchilarning o‘quv lagerini aniqlash va bombardimon qilish uchun vertolyotlar, samolyotlar, daryo qayiqlari va dronlardan foydalanilgan.

Ekvador prezidenti Daniel Noboa ushbu lager Kolumbiyadagi «Komandos de la Frontera» jinoiy guruhiga tegishli bo‘lganini ma’lum qildi.

Zarbalar natijasida qurbonlar borligi yoki kimdir qo‘lga olingani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Ekvador ma’muriyati, shuningdek, qo‘shni Kolumbiyani narkotrafikka qarshi yetarli darajada kurashmayotganlikda ayblab, unga nisbatan bojxona tariflarini joriy etgan.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid